وَلَقَدْ كُنتُمْ تَمَنَّوْنَ ٱلْمَوْتَ مِن قَبْلِ أَن تَلْقَوْهُ فَقَدْ رَأَيْتُمُوهُ وَأَنتُمْ تَنظُرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Duchor bo`lmasingizdan oldin o`limni orzu qilgan edingiz. Endi uni ko`rib, nazar solib turibsiz.Дучор бўлмасингиздан олдин ўлимни орзу қилган эдингиз. Энди уни кўриб, назар солиб турибсиз.Alauddin Mansour: Oʻlimga roʻbaroʻ boʻlishingizdan ilgari uni orzu qilar edingiz. Mana endi (yaʼni, Uhudda) uni koʻzingiz bilan koʻrib turibsiz.Ўлимга рўбарў бўлишингиздан илгари уни орзу қилар эдингиз. Мана энди (яъни, Уҳудда) уни кўзингиз билан кўриб турибсиз.
Bu xitob Uhud urushi chogʻidagi va undan oldingi holatni musulmonlarning yodiga solish uchundir. Maʼlumki, Badr urushida koʻpchilik qatnasha olmay qolgan edi. Badrdagi gʻalaba, unda shahid boʻlganlarga vaʼda qilingan oliy darajalarni bilgandan soʻng, yana gʻazot boʻlsa edi, biz ham savobga erishar edik, shahid boʻlsak, ushbu oliy darajalarga erishar edik, degan orzu koʻpchilikning xayolini qamrab olgan edi. Shuning uchun ham, koʻplar, ayniqsa yoshlar shoʻro majlisida, Paygʻambar alayhissalomning fikrlariga ham koʻnmay, Uhudga chiqamiz, deb turib olishdi. Avvalda aytib oʻtilganidek, hatto mayda bolalar ham ergashdi. Shunda oʻn besh yoshdan kichiklarini qaytarib yuborishga toʻgʻri keldi. Bu holat ham musulmonlar orasida jihodga qiziqish qanchalik zoʻr ekanini koʻrsatdi.
Amr ibn al-Jamuh roziyallohu anhu qattiq oqsoq boʻlib, u kishining toʻrt nafar oʻgʻillari Paygʻambar alayhissalom bilan gʻazotlarda ishtirok etishar edi. Odamlar Uhudga joʻnashayotganda, Amr ibn al-Jamuh roziyallohu anhu ham otlandilar. Oʻgʻillari u kishiga:
«Alloh sizga jihodga chiqmaslikka ruxsat bergan, oʻtiravering, biz oʻzimiz kifoya qilamiz»,–deyishdi. U kishi Paygʻambar alay- hissalom huzurlariga borib:
«Ey, Allohning Rasuli, manavi oʻgʻillarim meni siz bilan birga jihodga chiqishdan man qilishmoqda. Allohga qasamki, men shahid boʻlishni va mana shu choʻloq oyogʻim bilan jannatni bosishni orzu qilaman»,–dedi. Rasululloh alayhissolatu vassalom u kishiga:
«Alloh senga ruxsat bergan edi-ku,–dedilar-da, oʻgʻillariga:– Sizlar qoʻyib bersalaringiz boʻlmaydimi? Shoyad, Alloh bunga ham shahidlikni nasib etsa»,–dedilar. U odam jihodga chiqib, Uhudda shahid boʻldilar. Koʻpchilik oʻz niyatida sodiq ekanligiga shubha yoʻq. Lekin, hali aytib oʻtilganidek, hamma ham oʻzining fidokorlik darajasini aniq bila olmaydi. Buning ustiga, poklanish jarayonida, yaʼni, musiybat yetganda, ogʻirlik boshga tushganda, hamma Allohning yoʻlida shahid boʻlish orzuida Uhudga chiqqan edi. Ammo, oʻlimga duch kelib, sheriklarining oʻlayotganini koʻrib, qoʻrqib qochib qoldilar. Hattoki rahbarlari Muhammad alayhissalomni ham tashlab qochdilar. Urush tugagandan keyin tushgan bu oyat ularga katta dars edi.
Kelasi oyatda Uhud urushidagi yana bir hodisa yodga olinib, musulmonlarga yana bir katta saboq beriladi: