وَمَا مُحَمَّدٌ إِلَّا رَسُولٌ قَدْ خَلَتْ مِن قَبْلِهِ ٱلرُّسُلُ ۚ أَفَإِي۟ن مَّاتَ أَوْ قُتِلَ ٱنقَلَبْتُمْ عَلَىٰٓ أَعْقَـٰبِكُمْ ۚ وَمَن يَنقَلِبْ عَلَىٰ عَقِبَيْهِ فَلَن يَضُرَّ ٱللَّهَ شَيْـًٔا ۗ وَسَيَجْزِى ٱللَّهُ ٱلشَّـٰكِرِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muhammad ham bir Payg`ambar, xolos. Undan avval ham Payg`ambarlar o`tgan. Agar u o`lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasizmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.Муҳаммад ҳам бир Пайғамбар, холос. Ундан аввал ҳам Пайғамбарлар ўтган. Агар у ўлса ёки қатл қилинса, орқангизга қайтасизми?! Кимки орқасига қайтса, Аллоҳга ҳеч зарар келтира олмас. Ва Аллоҳ шукр қилувчиларни мукофотлар.Alauddin Mansour: Muhammad faqat bir paygʻambar, xolos. Undan ilgari ham paygʻambarlar oʻtgandir. Bas, agar u (yaʼni, Muhammad alayhis-salotu vas-salom) vafot qilsa yoki oʻldirilsa, orqangizga (kufrga) qaytib ketasizmi?! Kimda-kim orqasiga qaytib ketsa, Allohga biron ziyon yetkaza olmas, (balki faqat oʻziga zarar qiladi, xolos). Alloh esa (yoʻllaridan qaytmay) shukr qilguvchi bandalarini munosib mukofotlaydi.Муҳаммад фақат бир пайғамбар, холос. Ундан илгари ҳам пайғамбарлар ўтгандир. Бас, агар у (яъни, Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом) вафот қилса ёки ўлдирилса, орқангизга (куфрга) қайтиб кетасизми?! Кимда-ким орқасига қайтиб кетса, Аллоҳга бирон зиён етказа олмас, (балки фақат ўзига зарар қилади, холос). Аллоҳ эса (йўлларидан қайтмай) шукр қилгувчи бандаларини муносиб мукофотлайди.
Uhud jangida kamonchilar oʻz joylarini tark etgach, musulmonlarning mushriklar qurshoviga uchragan qismi juda ogʻir holatga tushib qoldilar. Shu payt mushriklardan Ibn Qumayʼa ismli odam zarb bilan Paygʻambar alayhissalomning boshlarini yordi va mushriklar huzuriga borib: «Muhammadni oʻldirdim!!!» deb qichqirdi. Jang maydonida «Muhammad oʻlibdi, Rasululloh oʻlibdi», degan gap yashin tezligida tarqaldi. Bu xabarni eshitgan musulmonlarda boʻshashish va zaiflik paydo boʻldi. Ular tumtaraqay boʻlib, duch kelgan tomonga qocha boshladilar. Faqat, Rasululloh alayhissolatu vassalomning oz sonli kishilar bilan sobit turishlarigina katta falokatning oldini oldi. «Rasullulloh oʻldi», degan xabar musulmonlarni haddan tashqari umidsizlantirib yubordi. Hattoki Umar ibn Xattob va Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhumo kabi ulkan sahobiylar ham bu mashʼum xabardan keyin umidsiz boʻlib, bir guruh muhojir va ansoriylar bilan birgalikda jangni toʻxtatib, oʻtirib qolishdi. Ushbu oyat musulmonlarning bu tasavvurlari notoʻgʻri ekanini bayon qilib, ularga ibratli dars bermoqda:
«Muhammad ham bir Paygʻambar, xolos».
Yaʼni, sizlarga yoʻlboshchi boʻlib yurgan Muhammad alayhissalom ham boshqa Paygʻambarlar kabi bir Paygʻambardir, xolos.
«Undan avval ham Paygʻambarlar oʻtgan.»
U oʻsha oʻtgan Paygʻambarlar silsilasidan bir halqadir. Alloh Oʻz dinini bandalariga yetkazish uchun ularning ichidan Odam Atodan buyon har zamon va har qavmning xususiyatlariga qarab Paygʻambarlar tanlab, ularga vahiy yuborib turgan. Insoniyat tarixi davomida koʻplab Paygʻambarlar kelib ketganlar.
«Agar u oʻlsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasizmi?!»
Muhammadning oʻlimi sizlarni Allohning dinidan qaytaradimi?! Siz eʼtiqod qilayotgan din Muhammadning dini emas-ku! Balki Allohning dini-ku! Allohning diniga xizmat qilish uchun qanchadan-qancha Paygʻambarlar kelib ketganlar. Islom dini bir kishining hayotiga bogʻliq emas. Balki u qiyomat qoʻpguncha qoladigan dindir. Agar bir kishining, hatto Muhammad alayhissalom kabi ulkan va komil insonning hayotiga bogʻliq boʻladigan boʻlsa, uning abadiyligi qolmas edi. Demak, uning oʻlimi haqidagi xabarni eshitganingizdan soʻng tushkunlikka tushib, qochib qolishingiz notoʻgʻridir:
«Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech zarar keltira olmas».
Hammangiz qaytib ketsangiz ham, Allohga hech zarar yetmaydi. Balki, kim orqaga qaytsa, oʻshaning oʻzi zarar tortadi. Islom dini Alloh taolo tomonidan bandalarga berilgan ulkan neʼmatdir. Kimki bu neʼmatga hidoyat topsa, ikki dunyoning baxtiga muyassar boʻladi.
«Va Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.»
Kimki Islomning ulugʻ neʼmat ekanini tushunib yetsa, shukr qilsa, yaʼni, Islomni oʻziga hayot yoʻli qilib olib, Allohga bu neʼmat uchun hamdu sano aytsa, Alloh taolo unga mukofot beradi.
Uhud gʻazotida boʻlib oʻtgan bu hodisa va uning bayoni boʻlib tushgan ushbu oyat orqali Alloh taolo musulmonlarni Paygʻambar alayhissalomning shaxslariga ortiqcha yopishishdan qaytarib, asosiy manbaga qarashga odatlantirishni xohlagan. Musulmonlar toʻgʻridan-toʻgʻri Allohning Oʻziga murojaat qilishni oʻrgansinlar. Ular Allohning oldida oʻzlarining masʼul ekanliklarini sezsinlar.
Shu bilan birga, bu hodisa va oyat Paygʻambar alayhissalomning vafotlariga tayyorgarlik, musulmonlar boshiga bir kuni shunday musiybat tushganda dovdirab qolmasliklari uchun dars edi. Haqiqatan ham shunday boʻldi. U kishi vafot etganlarida, hech kimning ishongisi kelmadi. Hatto Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qilichlarini chiqarib: «Kim Muhammad oʻldi desa, boshini uzaman», deb hovlida aylanib yurdilar. Faqat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bu haqiqatni tushunib yetdilar. Bu vaqtda u kishi shahardan tashqariga chiqqan edilar. Xabarni eshitib, tezlab keldilar. Hujrai Saodatga kirib, Paygʻambar alayhissolatu vassalomni oʻpdilar-da:
«Tirikligingizda ham pok edingiz, oʻlikligingizda ham poksiz»,–dedilar. Soʻngra, tashqariga chiqib, baland ovoz bilan: «Ey odamlar! Kim Muhammadga sigʻinayotgan boʻlsa, Muhammad vafot etdi. Ammo kim Allohga sigʻinayotgan boʻlsa, Alloh tirik va oʻlmaydi»,– dedilar va ushbu oyati karimani tilovat qildilar. Ana oʻshandagina musulmonlar oʻzlariga kelib, hushyor tortdilar.
Keyingi oyatda odamlar qoʻrqayotgan oʻlim faqat Allohning izni bilan boʻlishining bayoni keladi: