۞ قُلْ أَؤُنَبِّئُكُم بِخَيْرٍ مِّن ذَٰلِكُمْ ۚ لِلَّذِينَ ٱتَّقَوْا۟ عِندَ رَبِّهِمْ جَنَّـٰتٌ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَـٰرُ خَـٰلِدِينَ فِيهَا وَأَزْوَٰجٌ مُّطَهَّرَةٌ وَرِضْوَٰنٌ مِّنَ ٱللَّهِ ۗ وَٱللَّهُ بَصِيرٌۢ بِٱلْعِبَادِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Sen: «O`sha narsalaringizdan yaxshirog`ining xabarini beraymi?! Taqvo qilganlarga Robbilari huzurida ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor. Unda abadiy qolurlar. Pokiza juftlar va Alloh tomonidan rozilik bor. Va Alloh bandalarni ko`rib turuvchidir», deb ayt.Сен: «Ўша нарсаларингиздан яхшироғининг хабарини берайми?! Тақво қилганларга Роббилари ҳузурида остидан анҳорлар оқиб турган жаннатлар бор. Унда абадий қолурлар. Покиза жуфтлар ва Аллоҳ томонидан розилик бор. Ва Аллоҳ бандаларни кўриб турувчидир», деб айт.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Sizlarga bulardan yaxshiroq narsa haqida xabar beraymi? Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ular abadiy qoladigan, taglaridan daryolar oqib turguvchi bogʻlar, pokiza juftlar va Allohning Rizoligi bor. Alloh bandalarini koʻrib turguvchidir.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), айтинг: «Сизларга булардан яхшироқ нарса ҳақида хабар берайми? Тақводор кишилар учун Парвардигорлари ҳузурида улар абадий қоладиган, тагларидан дарёлар оқиб тургувчи боғлар, покиза жуфтлар ва Аллоҳнинг Ризолиги бор. Аллоҳ бандаларини кўриб тургувчидир.
Hamma bu dunyoning matohiga oʻzini uradi. Oʻshani deb koʻplar gunohga botadi, dindan chiqadi. Holbuki, bu narsalar shuncha urinishga arzimaydigan narsalardir. Besh kunlik dunyoning oʻtkinchi orzu-havasi, xolos. Lekin boshqa tarafda undan yaxshi, abadiy neʼmatlar bor. Alloh taolo ushbu oyatda Paygʻambarimiz alayhissalomga xitoban:
«Sen: «Oʻsha narsalaringizdan yaxshirogʻining xabarini beraymi?!» deb ayt, deb buyurmoqda.
Oxirat neʼmatlari bu dunyo matohidan naqadar ustun ekanligi shak-shubhasiz haqiqatdir. Ammo oxirat neʼmatlarining yana bir oʻziga xos imtiyozi bor. U ham boʻlsa, ularning taqvodor bandalarga xosligidir, boshqalarga nasib qilmasligidir.
«Taqvo qilganlarga Robbilari huzurida ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor.»
Bu dunyoda ekin-tikinlarga, dalalaridan chiqadigan mahsulotlarga ragʻbat, xohish ishtaha boʻlgan boʻlsa, u dunyoda ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor.U yerda istiqomat qiluvchi qaysi meva yoki mahsulotni xohlasa, oʻsha hozir boʻladi. Bu dunyoning ekintikinlari vaqtinchalik boʻlsa, u dunyoniki abadiydir:
«Unda abadiy qolurlar».
Bu dunyoning matohlari ichida eng ishtaha uygʻotadigani ayollar va bolalar boʻlsa, u dunyoning abadiy neʼmatlari ichida
«Pokiza juftlar» bor. Jannat ahllariga nasib etadigan bu juftlar turli hissiy va maʼnaviy nopokliklardan holidirlar. Ularni Alloh taolo aslida pok qilib yaratgan. Ularning shu pokliklarining oʻzi har qancha havasga arziydi.
Bu dunyo matohlari ichida chiroyli otlar, chorva va toʻp-toʻp tillo-kumushlar boshqa shahvatlarga yetishishga vosita hisoblanar edi. Jannatda vositaga hojat yoʻq. Ahli jannat nimani xohlasa, oʻsha onda muhayyo boʻladi.
Oxirat neʼmatlari ichida hamma matohdan, orzu-havas qilingan barcha narsadan ustun turadigan yana bir narsa bor. U ham boʻlsa:
«Alloh tomonidan rozilik bor».
Allohning roziligi bu dunyoning matohiyu u dunyoning neʼmatlarini qoʻshganda ham, ulardan ustun turadi.
«Va Alloh bandalarini koʻrib turuvchidir».
Ularning qanday yaratilganliklarini, nimalarni xohlashlarini, ularga qanday muomala qilishni yaxshi biladi.
Kelasi oyatdan boshlab, yuqoridagi oyati karimada vaʼda qilingan jannatga daʼvogar boʻladigan taqvodorlarning sifatlari ochiladi: