ثُمَّ أَنزَلَ عَلَيْكُم مِّنۢ بَعْدِ ٱلْغَمِّ أَمَنَةً نُّعَاسًا يَغْشَىٰ طَآئِفَةً مِّنكُمْ ۖ وَطَآئِفَةٌ قَدْ أَهَمَّتْهُمْ أَنفُسُهُمْ يَظُنُّونَ بِٱللَّهِ غَيْرَ ٱلْحَقِّ ظَنَّ ٱلْجَـٰهِلِيَّةِ ۖ يَقُولُونَ هَل لَّنَا مِنَ ٱلْأَمْرِ مِن شَىْءٍ ۗ قُلْ إِنَّ ٱلْأَمْرَ كُلَّهُۥ لِلَّهِ ۗ يُخْفُونَ فِىٓ أَنفُسِهِم مَّا لَا يُبْدُونَ لَكَ ۖ يَقُولُونَ لَوْ كَانَ لَنَا مِنَ ٱلْأَمْرِ شَىْءٌ مَّا قُتِلْنَا هَـٰهُنَا ۗ قُل لَّوْ كُنتُمْ فِى بُيُوتِكُمْ لَبَرَزَ ٱلَّذِينَ كُتِبَ عَلَيْهِمُ ٱلْقَتْلُ إِلَىٰ مَضَاجِعِهِمْ ۖ وَلِيَبْتَلِىَ ٱللَّهُ مَا فِى صُدُورِكُمْ وَلِيُمَحِّصَ مَا فِى قُلُوبِكُمْ ۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌۢ بِذَاتِ ٱلصُّدُورِ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: So`ngra, g`amdan keyin sizdan bir toifangizni qamrab olgan mudroqni omonlik qilib tushirdi. Boshqa toifa esa, o`zi bilan ovora bo`lib, Alloh haqida nohaq, johiliyat gumonini qilib: «Bizning qo`limizda nima ish bor edi», deyishdi. Sen: «Ishning barchasi Allohdandir», deb ayt! Senga oshkor qilmagan narsalarini ichlarida maxfiy tutarlar. Ular: «Agar qo`limizda bir ish bo`lganida, bu yerda qatl qilinmas edik», derlar. Sen: «Agar uylaringizda bo`lsangiz ham, qatl bo`lish taqdirida yozilganlar o`z o`lim joylariga chiqar edilar. Bu, Alloh ko`ksingizdagi narsani sinashi va qalbingizdagini yaxshilab poklashi uchundir. Alloh ko`ksingizdagi narsani biluvchi Zotdir», deb ayt.Сўнгра, ғамдан кейин сиздан бир тоифангизни қамраб олган мудроқни омонлик қилиб туширди. Бошқа тоифа эса, ўзи билан овора бўлиб, Аллоҳ ҳақида ноҳақ, жоҳилият гумонини қилиб: «Бизнинг қўлимизда нима иш бор эди», дейишди. Сен: «Ишнинг барчаси Аллоҳдандир», деб айт! Сенга ошкор қилмаган нарсаларини ичларида махфий тутарлар. Улар: «Агар қўлимизда бир иш бўлганида, бу ерда қатл қилинмас эдик», дерлар. Сен: «Агар уйларингизда бўлсангиз ҳам, қатл бўлиш тақдирида ёзилганлар ўз ўлим жойларига чиқар эдилар. Бу, Аллоҳ кўксингиздаги нарсани синаши ва қалбингиздагини яхшилаб поклаши учундир. Аллоҳ кўксингиздаги нарсани билувчи Зотдир», деб айт.Alauddin Mansour: Soʻngra bu gʻamning ketidan sizlarga bir orom uyqusini tushirdiki, u sizlardan boʻlgan bir toifa kishilarni (yaʼni, haqiqiy moʻminlarni) qamrab oldi. Boshqa bir toifa (yaʼni, munofiqlar) esa Alloh haqida notoʻgʻri, dinsizlarcha badgumon qilib, oʻz jonlarining gʻamiga tushib qoldilar. Ular: «Endi biz uchun hech qanday gʻalaba boʻlmaydi», deyishadi. (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Butun ish Allohning (qoʻlida)!» Ular sizga oshkor qilmaydigan narsani (munofiqliklarini) yashiradilar. Aytadilarki: «Agar ixtiyorimiz oʻzimizda boʻlganida edi, bu Yerlarda oʻlib ketmagan boʻlar edik». (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ayting: «Agar uylaringizning ichiga berkinib olganingizda ham oʻldirilishi Alloh tomonidan hukm qilingan kishilar shubhasiz halokat joyiga kelgan bular edilar». (Alloh bu magʻlubiyatni) koʻngillaringizdagi narsani (iymon yoki nifoqni) imtihon qilish va dillaringizdagi narsa (iymon)ni poklash uchun qildi. Alloh dillarni egallagan sirlarni bilguvchidir.Сўнгра бу ғамнинг кетидан сизларга бир ором уйқусини туширдики, у сизлардан бўлган бир тоифа кишиларни (яъни, ҳақиқий мўминларни) қамраб олди. Бошқа бир тоифа (яъни, мунофиқлар) эса Аллоҳ ҳақида нотўғри, динсизларча бадгумон қилиб, ўз жонларининг ғамига тушиб қолдилар. Улар: «Энди биз учун ҳеч қандай ғалаба бўлмайди», дейишади. (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), айтинг: «Бутун иш Аллоҳнинг (қўлида)!» Улар сизга ошкор қилмайдиган нарсани (мунофиқликларини) яширадилар. Айтадиларки: «Агар ихтиёримиз ўзимизда бўлганида эди, бу Ерларда ўлиб кетмаган бўлар эдик». (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), айтинг: «Агар уйларингизнинг ичига беркиниб олганингизда ҳам ўлдирилиши Аллоҳ томонидан ҳукм қилинган кишилар шубҳасиз ҳалокат жойига келган булар эдилар». (Аллоҳ бу мағлубиятни) кўнгилларингиздаги нарсани (иймон ёки нифоқни) имтиҳон қилиш ва дилларингиздаги нарса (иймон)ни поклаш учун қилди. Аллоҳ дилларни эгаллаган сирларни билгувчидир.
Bu oyati karimada moʻminlarga yetgan magʻlubiyat, gʻam ustiga gʻamdan keyin Allohning lutfi bilan hukm surgan omonlik holati bayon qilinmoqda:
«Soʻngra, gʻamdan keyin sizdan bir toifangizni qamrab olgan mudroqni omonlik qilib tushirdi».
Uhudda jang qizib, musulmonlar yengila boshlagan bir paytda Alloh taolo Oʻz rahmati ila sobitqadam, chin musulmon bandalariga bir mudroqni omonlik qilib berdi. Mudroq musulmonlar orasidagi fidokor toifani qamrab oldi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu : «Uhud kuni safda turganimizda bizni mudroq qamrab oldi. Qilichim qoʻlimdan tushib keta boshladi, qaytarib oldim. Yana tushsa, yana qaytarib olar edim»,–deydilar. «Boshimni koʻtarib qarasam,–deydilar boshqa bir rivoyatda,–hammaning boshi koʻksiga egilib turibdi».
Haqiqatan, mudroq xuddi moʻʼjizadek narsa. Charchab, hech qanday harakatga yaramay qolgan odam ham bir oz mudrab olsa, hech narsa koʻrmagandek boʻlib ketaveradi. Musulmonlar Uhud urushida yengilib qocha boshlaganlarida, Alloh taolo ularga mudroqni omonlik qilib yuborib, katta falokatdan, butunlay tor-mor boʻlishdan saqlab qoldi. Bir oz mudrab, soʻng oʻziga kelgan musulmonlar Paygʻambar alayhissalom atroflarida toʻplanishdi va togʻning balandroq, qulayroq joyiga chiqib joylashishdi. Buni koʻrgan mushriklar oxirigacha hujum qilishga yuraklari dov bermay, ortga qaytdilar. Moʻminlardan bir toifasi bu ish bilan ovora boʻlib turgan bir paytda:
«Boshqa toifa esa, oʻzi bilan ovora boʻlib, Alloh haqida nohaq, johiliyat gumonini qilib: «Bizning qoʻlimizda nima ish bor edi», deyishdi».
Bu toifa–iymoni zaif toifa, qalbida fidokorlik tuygʻusi oʻrnashmagan toifa. Shu boisdan, Alloh uchun ovora boʻlmaydi, dinu diyonat uchun ovora boʻlmaydi, Paygʻambar uchun ovora boʻlmaydi, musulmonlar uchun ovora boʻlmaydi. Faqat oʻzlari uchun ovora boʻladi. Faqat oʻzlarini oʻylaydi.
Ular Alloh taolo haqida ham nohaq gumonga boradilar. Johiliyat ahlining gumonini qiladilar. «Xudoning ishi ham qiziq, shunday qilib oʻlib ketaveramizmi?» deyishadi. Shu bilan birga, ular:
«Bizning qoʻlimizda nima ish bor edi», deyishadi.
Yaʼni, biz beixtiyormiz, jangning maslahatini biz qilmaganmiz, kabi va yana boshqa shunga oʻxshash gaplarni aytadilar. Oyat darrov bu gapning notoʻgʻri ekanligini bayon qiladi, Paygʻambar alayhissalomga:
«Ishning barchasi Allohdandir», deb ayt!» deydi.
Yaʼni, ishlar hech kimning qoʻlida emas, balki faqat Allohning qoʻlidadir. Hatto Paygʻambar alayhissalomning ham qoʻlida emas. Chunki yuqorida oʻtgan 128-oyatda u zotga xitoban: «Bu sening ishing emas», deyilgan edi. Bandalarning ishi oʻz vazifalarini bajarish, burchlarini ado etish. U yogʻi Allohning qoʻlida, nimani xohlasa, shuni qiladi.
«Senga oshkor qilmagan narsalarni ichlarida maxfiy tutadilar».
Ularning ichlari fisqu fasodga, vasvasa va hadiksirashlarga toʻla. Buni oshkora aytayotganlari bilan holatlari oʻzgarib qolmaydi. Odatda, ular bunaqa vaziyatlarda: «Bu yerga (yoki ishga) bizni majbur qilib olib kelishdi, rahbarlar adashishdi, u qilishdi, bu qilishdi. Agar bizga qoʻyib berilganida, unday qilar edik, bunday qilar edik», deyishadi.
«Ular: «Agar qoʻlimizda bir ish boʻlganida, bu yerda qatl qilinmas edik», derlar».
Boshlariga zarba yetganda iymoni zaiflar, munofiqlar doimo shunday qiladilar. Boshliqlarga osilib, hamma aybni ularga toʻnkab odamlarni ulardan aynitishga oʻtadilar. Baʼzi qatl boʻlganlar haqida ham: «Agar bizning ixtiyorimiz bilan ish boʻlganida, bunday boʻlmas edi»,–deydilar.
Qurʼoni Karim ularning bu notoʻgʻri vasvasalarini ham toʻgʻrilab, oʻlim va hayot ortidagi, sinovlar zamiridagi hikmatlarni bayon qiladi.
«Agar uylaringizda boʻlsangiz ham, qatl boʻlishi taqdirida yozilganlar oʻz oʻlim joylariga chiqar edilar».
Taqdirdan tadbir bilan qochib boʻladimi? Oʻlim ovora boʻlib istab yurmaydi. Ajali yetgan oʻz qadami bilan yurib oʻlimni topib keladi. Bu, Allohning taqdir qilgan ishidir. Buning ortidan hikmati ham bor.
«Bu, Alloh koʻksingizdagi narsani sinashi va qalbingizdagini yaxshilab poklashi uchundir».
Balo-ofatlar, odatda, qalbdagi bor narsaning namoyon boʻlishiga sabab boʻladi. Bu bir sinovdir. Asl maʼdan oʻtga solib toblanganidek, asl moʻminlar ham qiyinchiliklar, mashaqqatlar yordamida toblanadilar. Natijada, baʼzan oʻzi ham bilmagan kamchiliklari yuzaga chiqib, moʻmin ularni bartaraf etishga intiladi, poklanadi. Shuning uchun, haqiqiy moʻminlar Allohdan kelgan imtihon va sinovlarni, ular qanchalik qiyin boʻlmasin, xursandchilik bilan kutib oladilar.
«Alloh koʻksingizdagi narsani biluvchi Zotdir».
Odamlardan sir saqlab, maxfiy tutib yurgan narsalaringizni ham Alloh yaxshi biladi.