يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَكُونُوا۟ كَٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ وَقَالُوا۟ لِإِخْوَٰنِهِمْ إِذَا ضَرَبُوا۟ فِى ٱلْأَرْضِ أَوْ كَانُوا۟ غُزًّى لَّوْ كَانُوا۟ عِندَنَا مَا مَاتُوا۟ وَمَا قُتِلُوا۟ لِيَجْعَلَ ٱللَّهُ ذَٰلِكَ حَسْرَةً فِى قُلُوبِهِمْ ۗ وَٱللَّهُ يُحْىِۦ وَيُمِيتُ ۗ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ بَصِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Kufr keltirganlarga va yer yuzida yurgan va g`oziy bo`lgan birodarlari haqida, agar bizning huzurimizda bo`lganlarida o`lmas edilar va qatl qilinmas edilar, deydiganlarga o`xshamang. Buni Alloh qalblarida hasrat qilishi uchun ayturlar. Alloh tiriltirur va o`ldirur. Alloh qilgan amallaringizni ko`ruvchi Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Куфр келтирганларга ва ер юзида юрган ва ғозий бўлган биродарлари ҳақида, агар бизнинг ҳузуримизда бўлганларида ўлмас эдилар ва қатл қилинмас эдилар, дейдиганларга ўхшаманг. Буни Аллоҳ қалбларида ҳасрат қилиши учун айтурлар. Аллоҳ тирилтирур ва ўлдирур. Аллоҳ қилган амалларингизни кўрувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, kufr yoʻlini tutgan va boshqa Yerlarga safar qilib yoki gʻazotga chiqib ketgan doʻstlari haqida: «Agar biz bilan birga qolganlarida oʻlmagan va oʻldirilmagan boʻlar edilar», deydigan kimsalarga oʻxshamangiz! (Bu gaplarini) Alloh ularning dillaridagi hasrat qilib qoʻyadi. Axir tiriltiradigan ham, oʻldiradigan ham Alloh-ku?! Alloh qilayotgan amallaringizni koʻrguvchidir.Эй мўминлар, куфр йўлини тутган ва бошқа Ерларга сафар қилиб ёки ғазотга чиқиб кетган дўстлари ҳақида: «Агар биз билан бирга қолганларида ўлмаган ва ўлдирилмаган бўлар эдилар», дейдиган кимсаларга ўхшамангиз! (Бу гапларини) Аллоҳ уларнинг дилларидаги ҳасрат қилиб қўяди. Ахир тирилтирадиган ҳам, ўлдирадиган ҳам Аллоҳ-ку?! Аллоҳ қилаётган амалларингизни кўргувчидир.
Yodlaringizda boʻlsa, musulmonlar Uhudga, mushriklarga qarshi jangga otlanganlarida, Abdulloh ibn Ubay ibn Salul boshliq munofiqlar ortga qaytishgan edi. Jang tugab, hamma narsa ayon boʻlganida, odatdagidek, munofiqlar igʻvo tarqatishni boshlashgan. Jumladan: «Biz oʻz vaqtida qaytib qolgan ekanmiz, mana, sogʻ-salomat qoldik. Agar qaytmaganimizda, ehtimol, biz ham oʻlib ketar edikmi? Mana, falonchilar gapimizga kirmay urushga borishgan edi, oʻlib ketishdi. Agar bizga qoʻshilib ortlariga qaytganlarida, oʻlmas edilar va qatl qilinmas edilar», deyishadi.
Ushbu oyati karimada haqiqiy moʻminlarni ana shularga oʻxshamaslikka daʼvat qilinyapti.
«Ey, iymon keltirganlar! Kufr keltirganlarga va yer yuzida yurgan va gʻoziy boʻlgan birodarlari haqida, agar bizning huzurimizda boʻlganlarida oʻlmas edilar va qatl qilinmas edilar, deydiganlarga oʻxshamang».
Bu bilan ular oʻlganning qarindoshlari qalbida hasrat tuygʻularini qoʻzitishga harakat qilishadi:
«Buni Alloh qalblarida hasrat qilishi uchun ayturlar».
«Hasrat»ning maʼnosi–biror sevimli kishining oʻtishi munosabati ila nadomat chekishdir. Yaqinlarimizning rizq talabida yoki Alloh yoʻlida gʻazotga chiqishlari ularning oʻlimlariga sabab boʻldi, deb eʼtiqod qilishlari hasratni qoʻzgʻaydi. Bu esa, mutlaqo notoʻgʻri eʼtiqoddir. Chunki aslida:
«Alloh tiriltirur va oʻldirur».
Alloh taolodan boshqa hech kim hech kimga hayot bera olmaydi yoki hayotdan ketkaza olmaydi. Agar Alloh biror kimsaning tirikligini iroda qilsa, u kimsa dushman ichida jang qilgan taqdirda ham hech narsa boʻlmasdan tirik va sogʻ-salomat qolaveradi. Allohdan ajal kelmasa, pashsha ham oʻlmaydi. Aksincha, oʻlimdan ham qochib qutulib boʻlmaydi. Ajal yetganida, inson qayerda boʻlsa ham oʻlaveradi.
«Alloh qilgan amallaringizni koʻruvchi Zotdir».
U Zot kim Alloh yoʻlida jihod qilmoqda, kim jihoddan qochib, munofiqlik qilib, musulmonlar ichida visir-visir gaplar tarqatmoqda–hammasini koʻrib turuvchi Zotdir. Oxiratda bularning hammasining hisob-kitobi bor, mukofoti yoki jazosi bor.