لَقَدْ مَنَّ ٱللَّهُ عَلَى ٱلْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِّنْ أَنفُسِهِمْ يَتْلُوا۟ عَلَيْهِمْ ءَايَـٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلْكِتَـٰبَ وَٱلْحِكْمَةَ وَإِن كَانُوا۟ مِن قَبْلُ لَفِى ضَلَـٰلٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, Alloh mo`minlarga o`zlaridan Payg`ambar yuborib, ne'mat berdi. U ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir, ularni poklaydir, kitob va hikmatni o`rgatur. Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda bo`lsalar ham.Батаҳқиқ, Аллоҳ мўминларга ўзларидан Пайғамбар юбориб, неъмат берди. У уларга Аллоҳнинг оятларини тиловат қилиб берадир, уларни поклайдир, китоб ва ҳикматни ўргатур. Гарчи олдин очиқ-ойдин адашувда бўлсалар ҳам.Alauddin Mansour: Albatta, Alloh moʻminlarga oʻzlaridan boʻlgan (yaʼni, odam jinsidan boʻlgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qiladigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni oʻrgatadigan paygʻambarni yuborish bilan yashilik qildi. Zero, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar.Албатта, Аллоҳ мўминларга ўзларидан бўлган (яъни, одам жинсидан бўлган), уларга Аллоҳнинг оятларини тиловат қиладиган, (гуноҳларидан) поклайдиган ҳамда уларга Китоб ва ҳикматни ўргатадиган пайғамбарни юбориш билан яшилик қилди. Зеро, улар илгари очиқ хато-залолатда эдилар.
Allohning insonga beradigan neʼmatlari behisob, lekin u neʼmatlar ichida eng ulugʻ neʼmat, bandalar uchun oʻzlaridan Paygʻambar yuborishdir.
«Batahqiq, Alloh moʻminlarga oʻzlaridan Paygʻambar yuborib, neʼmat berdi».
Alloh taolo biror qavmga Paygʻambar yuborishni iroda qilganligi, ushbu qavmga baxt-saodatni, ikki dunyoning yaxshiligini xohlaganining belgisidir. Chunki, bu Paygʻambar ularga iymon, Islom, hidoyatni, Allohning roziligini topish yoʻllarini olib keladi.
«U ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir.»
Paygʻambarning bosh vazifasi–bandalarga Allohning oyatlarini tilovat qilib berishdir. Yaʼni, ularga Allohning soʻzlarini yetkazishdir. Allohning soʻzini eshitishga sazovor boʻlgan qavm qanday ham baxtli qavm boʻladi. Chunki, Allohning soʻzlari ularga kelishi katta baxt, unga amal qilib ikki dunyo baxt-saodatiga erishish yana ham katta baxtdir.
Maʼlumki, bu oyati karima Uhud gʻazotidagi magʻlubiyat, alam, xavf va boshqa musiybatlarning bayonidan keyin kelmoqda. Oʻsha urush qatnashchilariga bu ulugʻ neʼmatning qadriga yetmaganliklari eslatilmoqda. Shu bilan birga, boʻlib oʻtgan ishlar uchun uncha xafa boʻlmaslik lozimligi, Allohning neʼmati hanuz ular bilan ekanligi eslatilmoqda. Bu esa, Islom jamiyati aʼzolarini yaxshilab tarbiya qilishdir.
Alloh bergan mazkur ulugʻ neʼmatning foydalaridan biri:
«...ularni poklaydir».
Bu umumiy maʼnodagi gapdir. Demak, Alloh ulugʻ neʼmat oʻlaroq Paygʻambar qilib yuborgan Muhammad alayhissalom oʻz ummatlarini umumiy ravishda, hamma sohada hamma nopok narsalardan poklaydilar.
Islom kelishidan oldin butun dunyoda kishilar nopok aqiyda botqogʻiga botgan edilar. Baʼzilari but va sanamlarga choʻqinsalar, boshqalari oy, quyosh va yulduz kabi maxluqotlarni «xudo» deb eʼtiqod qilar edilar. Uchinchi birlari hayvonlarga sigʻinishardi. Hozirgacha molparast boʻlib kelayotganlar ham bor. Bu sohada pastkashlik, ifloslik shu darajaga yetib borgan ediki, masalan, Hindistonda baʼzi guruhlarda erkak va ayollarning jinsiy aʼzolariga choʻqinishardi. Xullasi kalom, aqiyda bobida butun olam buzilgan edi. Bu haqda alohida kitoblar ham yozilgan. Nafaqat aqiyda bobida, balki hayotning hamma sohalarida ham nopoklik, ifloslik urchigan edi.
Odatda, bu haqda gap ketganida, ulamolarimiz Habashiston podshohi Najoshiyga muhojir Jaʼfar ibn Abi Tolib roziyallohu anhuning aytgan otashin soʻzlarini keltiradilar. U bunday degan edi:
«Ey podshoh! Johiliyat ahli boʻlgan bir qavm edik. Sanamlarga ibodat qilar edik. Oʻlimtiklarni yer edik. Fahsh ishlarni qilar edik. Qarindoshlik aloqalarini uzardik. Qoʻshnichilikka rioya etmasdik. Kuchligimiz kuchsizimizni yer edik. Alloh bizga oʻzimizdan Paygʻambar yubormaguncha shunday holda boʻldik. Biz u Paygʻambarning nasabini, rostgoʻyligini, omonatliligini, pokligini bilardik. U bizni yagona Allohga eʼtiqod va ibodat qilishga chaqirdi. Oʻzimiz va ota-bobolarimiz ibodat qilib yurgan tosh va butlarni tark qilishga chorladi. Rost gapirishga, omonatli boʻlishga, silai rahm qilishga, yaxshi qoʻshnichilik qilishga, harom narsalarni, qon toʻkishni tark etishga daʼvat etdi. Fohisha ishlardan, yolgʻonchilikdan, yetimlarning molini yeyishdan, pokiza ayollarni yomonotliq qilishdan qaytardi. Allohning yagona oʻziga ibodat etishga, namoz oʻqishga, shirk keltirmaslikka, zakot berishga va roʻza tutishga buyurdi».
Demak, Muhammad alayhissalom Islom aqiydasi ila kelib, bu nopokliklardan insoniyatni pokladilar.
Johiliyat davrining ijtimoiy hayotdagi buzgʻunchiliklarini, nopokliklarini eslashga odam hatto uyaladi. Dunyo boʻyicha tabaqachilik, qulchilik, odamni ezish hukm surar edi. Ayol kishini odam oʻrnida koʻrmasdilar. Ovrupada ayolni shaytonning malayi deb hisoblashardi. Hatto maxsus bir katta majlis oʻtkazib, «Ayol odammi yoki odam emasmi?» degan savolga javob izlashgan. Oxiri, ayol– erkakka xizmat qilish uchun yaratilgan maxluq, degan xulosaga kelishgan. Ayolni koʻrish, shaytonni koʻrishdek gunoh hisoblanib, unga yaqin ham yoʻlamay qoʻyishgan. Natijada, maʼlum muddat Ovrupada odam koʻpaymay qolgan.
Hindistonda bundan ham battar hol hukm surgan. Faqat bir misolni eslab oʻtish kifoya: ular eri oʻlgan xotinni tirik holida eriga qoʻshib kuydirishgan. Arablar qiz farzand koʻrishsa, olib borib tiriklayin koʻmishgan. Ayol kishini oʻlgan eridan qolgan meros, mol-mulki qatorida taqsimlab olishgan. Va hokazo.
Fohisha bazmi oddiy holat hisoblangan. Pok nikoh bilan oʻtganlar nodir hisoblangan. Fohisha, zino, iloji boʻlsa, faxrga sabab boʻlgan. Bu sohada hayvonlardan ham past darajaga tushib ketganlar. Bu holni tasavvur etish uchun tarixiy hujjatlarga murojaat qiladigan boʻlsak,
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Oisha onamizdan rivoyat qiladilarki:
«Johiliyat davrida nikoh toʻrt xil boʻlar edi. Hozirgi nikohlarga oʻxshash nikoh. Birov borib ikkinchisidan qizini qoʻl ostidagi kishisining nikohiga rozilik soʻrab, mahrini berib nikohlab olar edi.
Yana bir xilini «istibzoʼ» nikohi der edilar. Unda erkak hayzdan poklangan oʻz xotiniga: «Falonchi bilan birga boʻlib, homila orttirishga harakat qil», der edi. Oʻzi esa, yaqinlashmay turar edi. Xotin mazkur erkak bilan boʻlib, homilasi aniq boʻlgandan soʻng yaqinlashar edi. Buni naslning yaxshiligidan foydalanish, deb oʻylashar edi.
Yana bir boshqa nikohda esa, oʻn kishidan oz odam bir xotinga erlik qilishar edi. Ayol homilador boʻlib tugʻsa, bir necha kun oʻtgach, erkaklarga odam yuborib chaqirtirar edi. Bosh tortib kelmay qoʻyishga birortasining haqqi yoʻq edi. Hammalari toʻplanganlarida ayol: «Nima ish qilganingizni oʻzlaringiz yaxshi bilasiz. Mana, men tugʻdim. Bu sening bolang, ey falonchi, der edi. Oʻzi xohlagan erkakning nomini aytar edi. Shu bilan bola uning bolasiga aylanar edi. Bosh tortishga erkakning haqqi yoʻq edi.
Toʻrtinchisi–koʻp erkaklar bir ayolga kirib-chiqib yuraverar edilar. Xotin ham kim kelsa, qaytarmas edi. Bular fohishalar edilar. Belgi boʻlishi uchun eshiklariga bayroq tikib qoʻyishar edi. Kim xohlasa, kiraverardi. Agar homilador boʻlib qolib, tugʻsa, erkaklarni toʻplab, birortasiga, sening bolang, deb aytilardi-da, u bosh torta olmas edi».
Muhammad alayhissalom Paygʻambar boʻlib kelganlaridan soʻng ularni bu nopokliklardan ham pokladilar.
Savdo-sotiqda hiyla, tarozidan urib qolish, birovning haqqini yeyish odatdagi holat edi. Moliyaviy aloqalar riboxoʻrlik–sudxoʻrlik asosida boʻlardi. Gapning qisqasi, olam jaholat botqogʻiga botgan, agar ilohiy inoyat bilan poklanmasa, halok boʻlishga yaqinlashib qolgan edi.
Islom kelishidan oldin, dunyo qanday nochor ahvolda ekanini mashhur alloma Abul Hasan an-Nadaviy hazratlari oʻzlarining «Olam musulmonlarning tushkunliklari tufayli nimani yoʻqotdi?» deb nomlangan kitoblarida juda yaxshilab vasf qilganlar.
«...kitob va hikmatni oʻrgatur.»
Ushbu oyatlar tushayotgan paytda musulmonlarning aksari oʻqish va yozishni bilmas, savodsiz edi. Muhammad alayhissolatu vassalom Paygʻambar boʻlib kelganlaridan soʻng ularga kitobni–Qurʼonni va hikmatni– sunnatni oʻrgatdilar. Tezda musulmonlar butun dunyoga ustoz boʻlib, kitobni, oʻqish-yozishni oʻrgatishdi. Hikmatni oʻrgatishdi.
«Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda boʻlsalar ham.»
Inson hayotiga zarur barcha sohalarda ular ochiq-oydin adashuvda edilar. Ular aqiyda, eʼtiqod, tasavvur va hayotiy tushunchalarda, turli aloqalarda, urf-odatlarda, iqtisodda, axloqda, ijtimoiy munosabatlarda va yana boshqa sohalarda ochiq-oydin adashuvda edilar. Alloh taolo ularga Muhammad alayhissolatu vassalomni oʻzlaridan Paygʻambar qilib yuborib, ularni bu adashuvdan qutqarib, toʻgʻri yoʻlga soldi. Ular oʻzlari topgan hidoyat yoʻliga tezda butun olamni daʼvat qilishga oʻtdilar.
Keyingi oyatlarda yana Uhud urushida boʻlib oʻtgan hodisalar muolaja qilinadi. Musulmonlarning bu hodisalar haqidagi notoʻgʻri tasavvurlari toʻgʻrilanadi: