وَمَآ أَصَـٰبَكُمْ يَوْمَ ٱلْتَقَى ٱلْجَمْعَانِ فَبِإِذْنِ ٱللَّهِ وَلِيَعْلَمَ ٱلْمُؤْمِنِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ikki jamoa to`qnashgan kuni sizga musiybat Allohning izni bilan va mo`minlarni bilish uchun.Икки жамоа тўқнашган куни сизга мусийбат Аллоҳнинг изни билан ва мўминларни билиш учун.Alauddin Mansour: Ikki jamoat toʻqnashgan kuni sizlarga yetgan musibat Allohning izni-irodasi bilan va haqiqiy moʻminlarni bilish uchun edi.Икки жамоат тўқнашган куни сизларга етган мусибат Аллоҳнинг изни-иродаси билан ва ҳақиқий мўминларни билиш учун эди.
Allohning iznisiz hech narsa boʻlmaydi. Shuningdek, Uhud urushi kuni musulmonlarga yetgan musiybat ham Allohning izni bilan boʻlgan.
«Ikki jamoa toʻqnashgan kuni sizga musiybat Allohning izni bilan» yetdi.
Musulmonlar gʻalabaga olib boruvchi shartlarni buzishgan edi, Alloh ularga musiybat yetishini iroda qildi. Shu bilan birga, yetgan u musiybatlar behikmat emasdi. Jumladan, musulmonlarga Uhud jangida musiybat yetishining hikmatlaridan biri:
«Moʻminlarni bilish uchun»dir. Yaʼni, kim haqiqiy moʻmin ekanligi shunday ogʻir holatlarda bilinadi.
Shuningdek,
«munofiqlik qilayotganlarni bilish uchun»dir.
Darhaqiqat, Uhud urushi kuni munofiqlar ochiq-oydin bilinib qoldilar. Nifoqning boshi boʻlmish Abdulloh ibn Ubay ibn Salul askarning uchdan birini yoʻldan qaytarib olib ketdi.
«Ularga: «Kelinglar, Allohning yoʻlida urush qilinglar yoki mudofaa qilinglar», deyildi.»
Yaʼni, munofiqlarga: «Sizlar ham musulmonman deyapsizlar, mana, dushman bostirib keldi. Har bir musulmonga jihod farz boʻldi. Kelinglar, sizlar ham Allohning yoʻlida urush qilinglar. Agar Allohning yoʻlida urush qilishni xohlamasalaringiz, hech boʻlmasa, oʻzlaringizni mudofaa qilinglar», deyildi. Ammo, ularning munofiqliklari oshkora boʻldi:
«Ular: «Agar jang boʻlishini aniq bilsak, sizga ergashardik»,– dedilar».
Munofiqlar shu yerda ham munofiqliklarini namoyon etdilar. Oʻzlari ichlarida urushdan qoʻrqib qochayotgan boʻlsalar ham, buni oshkora qilmay, «Bizning safga qoʻshilmasligimiz urushdan qoʻrqayotganimizdan emas, balki jang boʻlmaydi, deb oʻylayotganimizdandir. Agar jang boʻlishini aniq bilganimizda, sizlar bilan birga jang qilar edik»,–deyishdi.
«Ular oʻsha kunda iymondan koʻra kufrga yaqinroq edilar.»
Munofiqlar goh iymonga, goh kufrga yaqinlashib turadilar. Tarozining pallasi iymon tarafga bosib qolsa, iymonga yaqinlashadilar. Kufr tarafga ogʻsa, ular ham kufrga yaqinlashadilar. Voqea boʻlib oʻtgan kuni munofiqlar oʻzlarining ushbu tutgan mavqiflari bilan iymondan koʻra kufrga yaqinliklarini isbot qildilar.
«Tillari bilan dillarida yoʻq narsani ayturlar.»
Ular oʻzlaricha: shunday qilib ishimizni bitirib yuraveramiz, dilimizdagini kim bilib oʻtiribdi, deb oʻylaydilar.
Aslida esa:
«Alloh berkitayotgan narsalarini yaxshi biluvchi Zotdir».
Ularning nifoqini–tillari soʻzlayotgan narsa aslida dillarida yoʻq ekanini yaxshi biladi.
Soʻngra, munofiqlarning kirdikorlarini fosh qilishda yana davom etiladi: