وَلَا يَحْسَبَنَّ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓا۟ أَنَّمَا نُمْلِى لَهُمْ خَيْرٌ لِّأَنفُسِهِمْ ۚ إِنَّمَا نُمْلِى لَهُمْ لِيَزْدَادُوٓا۟ إِثْمًا ۚ وَلَهُمْ عَذَابٌ مُّهِينٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kufr keltirganlar ularni tek qo`yganimizni o`zlari uchun yaxshi deb hisoblamasinlar. Biz ularni faqat gunohlari ko`payishi uchungina tek qo`yamiz. Ularga xorlovchi azob bordir.Куфр келтирганлар уларни тек қўйганимизни ўзлари учун яхши деб ҳисобламасинлар. Биз уларни фақат гуноҳлари кўпайиши учунгина тек қўямиз. Уларга хорловчи азоб бордир.Alauddin Mansour: Kufr yoʻlini tutgan kimsalar ularga bergan muhlatimizni zinhor oʻzlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Balki Biz ularga faqat gunohlarini ziyoda qilishlari uchungina muhlat beramiz. Ular uchun xor qilguvchi azob bordir.Куфр йўлини тутган кимсалар уларга берган муҳлатимизни зинҳор ўзлари учун яхшилик деб ҳисобламасинлар! Балки Биз уларга фақат гуноҳларини зиёда қилишлари учунгина муҳлат берамиз. Улар учун хор қилгувчи азоб бордир.
Baʼzan hayotda shohid boʻlyapmizki, Allohga kufr keltirib, Islomga va musulmonlarga zarar yetkazayotgan kishilar noz-neʼmat ichida. Nimani xohlasalar, shuni qilib yuribdilar. Boz ustiga, har gunoh qilganlarida, martabalari yana bir bor ortyapti. Moʻminlardan baʼzilari bu ishdan hayron. Kofirlar esa, yana gʻururga ketmoqdalar. «Agar men Allohga yoqmaydigan ish qilayotgan boʻlsam, meni tek qoʻyarmidi», deb boshqalarni oʻzlarining toʻgʻri yoʻlda ekanligiga ishontirmoqchi boʻladilar. Ushbu oyat kofir va munofiqlarning shunday fikrlarini keskin rad etmoqda. Chuchvarani xom sanab:
«Kufr keltirganlar ularni tek qoʻyganimizni oʻzlari uchun yaxshi deb hisoblamasinlar».
Agar xohlasa, Alloh ularni gʻaflat uyqusidan uygʻotib, toʻgʻri yoʻlga solib qoʻyishi ham mumkin edi. Lekin Alloh kofir va munofiqlarga yaxshilikni iroda qilmagani uchun ularni tek qoʻydi.
«Biz ularni faqat gunohlari koʻpayishi uchungina tek qoʻyamiz».
Demak, kofir va munofiqlarning bu dunyoda qilayotgan gunohlariga qaramay tek qoʻyilishining asosiy va birdan-bir sababi– gunohlari battar koʻpayib, oxiratda haqiqiy azobga sazovor boʻlishlari uchundir.
Shuning uchun ham, oxiratda:
«Ularga xorlovchi azob bordir».
Bu dunyoda gerdayib yurganlari bilan u dunyoda xoru zor boʻladilar.
Shundan bilib olsak boʻladiki, bu dunyoda bandaga yetadigan musiybatlar, azob-uqubatlar yoki qiyinchiliklar Allohning marhamati, tavbaga, oʻzini oʻnglab olishga yoʻl ochilishidir. Allohning suygan bandalariga yetadigan qiyinchiliklar behikmat boʻlmaydi. Ehtimol, bunday holatlarning yana koʻp hikmatlari bordir, biz bilmaymiz, ular faqat Allohning Oʻziga maʼlum.