وَلَا يَحْسَبَنَّ ٱلَّذِينَ يَبْخَلُونَ بِمَآ ءَاتَىٰهُمُ ٱللَّهُ مِن فَضْلِهِۦ هُوَ خَيْرًا لَّهُم ۖ بَلْ هُوَ شَرٌّ لَّهُمْ ۖ سَيُطَوَّقُونَ مَا بَخِلُوا۟ بِهِۦ يَوْمَ ٱلْقِيَـٰمَةِ ۗ وَلِلَّهِ مِيرَٰثُ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ۗ وَٱللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh O`z fazlidan bergan narsaga baxillik qilganlar buni o`zlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila bo`yinlari o`ralur. Osmonlaru yerning merosi Allohgadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.Аллоҳ Ўз фазлидан берган нарсага бахиллик қилганлар буни ўзларига яхшилик деб ҳисобламасинлар. Аксинча, бу уларга ёмонликдир. Қиёмат куни бахиллик қилган нарсалари ила бўйинлари ўралур. Осмонлару ернинг мероси Аллоҳгадир. Ва Аллоҳ қилаётган амалларингиздан хабардордир.Alauddin Mansour: Alloh fazlu karami bilan ato qilgan narsalarning (zakotini) berishga baxillik qilgan kimsalar hargiz bu qilmishlarini oʻzlari uchun yaxshilik deb hisoblamasinlar! Yoʻq, bu qilmishlari oʻzlari uchun yomonlikdir. Baxillik qilib bermagan narsalari Qiyomat Kunida boʻyinlariga oʻralajak! Osmonlaru Yerning merosi Allohnikidir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.Аллоҳ фазлу карами билан ато қилган нарсаларнинг (закотини) беришга бахиллик қилган кимсалар ҳаргиз бу қилмишларини ўзлари учун яхшилик деб ҳисобламасинлар! Йўқ, бу қилмишлари ўзлари учун ёмонликдир. Бахиллик қилиб бермаган нарсалари Қиёмат Кунида бўйинларига ўралажак! Осмонлару Ернинг мероси Аллоҳникидир. Аллоҳ қилаётган амалларингиздан хабардордир.
Islom dini taʼlimoti boʻyicha, insonning qoʻlidagi mol unga Alloh Oʻz fazlidan bergan omonatdir. Shuning uchun, u mazkur molni uning haqiqiy egasi–Allohning roziligi yoʻlida sarflashi kerak. Ammo, baxillik qilib, molni sarflamay toʻplasa, oʻzining koʻziga yaxshi boʻlib koʻringani bilan, aslida yaxshilik boʻlmaydi. Kim baxillik bilan toʻplagan molini yaxshilik deb hisoblasa, notoʻgʻri oʻylagan boʻladi.
«Alloh Oʻz fazlidan bergan narsaga baxillik qilganlar, buni oʻzlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir».
Bandachilik. Sirtdan qaraganda, baxillik goʻyo molni muhofaza qiladi. Tarqalib, yoʻq boʻlib ketishidan asraydi. Lekin bu mol besh kunlik dunyoda toʻplanadi, Oʻlib ketsa, qoladi. Qolganda ham, baxillik ila toʻplangani uchun balo-ofat boʻlib qoladi.
«Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila boʻyinlari oʻralur».
Bu oʻralish qanday boʻlishini hadisi sharifdan bilib olishimiz mumkin.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Alloh kimga mol bersa-yu, u zakotini bermasa, qiyomat kuni mol unga ikki xolli ulkan ilon boʻlib koʻrinadi va boʻyniga oʻraladi. Soʻngra, ikki chekkasidan tishlab turib, men molingman, men sen toʻplagan xazinangman, deydi»,–dedilar. Keyin: «Alloh Oʻz fazlidan bergan narsaga baxillik qilganlar buni oʻzlaricha yaxshilik deb hisoblamasinlar», oyatini oxirigacha oʻqidilar.
Ibn Jarir rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Bir kishi oʻz qarindoshiga kelib, Alloh unga bergan fazldan berishni soʻrasa, u baxillik qilib bermasa, albatta, jahannamdan katta ilon chiqib tili bilan yalab-yalab boʻyniga oʻralur», deganlar.
Ha, inson qancha yashamasin, qancha mol toʻplamasin, baribir, bir kuni kelib oʻladi va molu mulkini tark etadi.
«Osmonlaru yerning merosi Allohgadir».
Hamma-hammasi Allohga qoladi. Hech bir inson dunyoga ustun boʻlmaydi.
«Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir».
Kimning baxil, kimning baxil emasligini juda ham yaxshi bilib turadi. Shu yerda Uhud urushi haqidagi oyatlar nihoyasiga yetadi. Keyingi oyatlarda Alloh taolo yahudiylarning Islomga va musulmonlarga qarshi olib boradigan faoliyatlari, makr-hiylalari haqida soʻz yuritadi.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:
«Bir kuni Abu Bakr Siddiq yahudiylar toʻplanadigan Midros nomli joyga kirdilar. Bir guruh yahudiylar oʻzlarining ulamolaridan, diniy rahnamolaridan biri boʻlgan Finhos ibn Azuro ismli odam atrofida toʻplanib oʻtirishgan ekan.
Abu Bakr Finhosga: «Ey, sen! Allohdan qoʻrq! Musulmon boʻl! Allohga qasamki, albatta, sen Muhammadning Alloh huzuridan kelgan Paygʻambar ekanini bilasan, u sizlarga Allohning huzuridan haq ila keldi. Uni oʻzingizdagi Tavrot va Injilda yozilganini topasiz», dedilar.
Shunda Finhos: «Ey Abu Bakr! Allohga qasamki, Allohga bizning hojatimiz yoʻq. Balki, Uning bizga hojati bor. U bizga tazarruʼ qilganidek, biz Unga tazarruʼ qilmaymiz. Biz Undan behojatmiz. Agar U boy boʻlganida, sizning sohibingiz aytganidek, bizdan qarz soʻramasdi. Sizni ribodan qaytaradiyu, bizga beradi. Agar boy boʻlganida, bizga riboni bermas edi»,–dedi.
Abu Bakr qattiq gʻazabga keldilar va Finhosning yuziga shiddat ila tarsaki tushirib:
«Ey, Allohning dushmani! Agar biz bilan sizlarning orangizda ahdnoma boʻlmaganida, Allohga qasamki, boʻyningga qilich bilan solardim»,–dedilar.
Finhos Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib arz qildi:
«Ey Muhammad! Doʻsting meni nima qilganini koʻr!» Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Abu Bakr, nimaga bunday qilding?»–dedilar. Abu Bakr:
«Ey, Allohning Rasuli! Bu Allohning dushmani katta gap aytdi. U Allohni kambagʻal, oʻzlarini boy hisoblamoqda»,–dedilar. Finhos buni inkor etdi. Shunda Alloh taolo: «Batahqiq, Alloh: «Albatta, Alloh kambagʻal va biz boymiz», deganlarning gapini eshitdi...» deb boshlanadigan quyidagi oyatini tushirdi: