فَتَقَبَّلَهَا رَبُّهَا بِقَبُولٍ حَسَنٍ وَأَنۢبَتَهَا نَبَاتًا حَسَنًا وَكَفَّلَهَا زَكَرِيَّا ۖ كُلَّمَا دَخَلَ عَلَيْهَا زَكَرِيَّا ٱلْمِحْرَابَ وَجَدَ عِندَهَا رِزْقًا ۖ قَالَ يَـٰمَرْيَمُ أَنَّىٰ لَكِ هَـٰذَا ۖ قَالَتْ هُوَ مِنْ عِندِ ٱللَّهِ ۖ إِنَّ ٱللَّهَ يَرْزُقُ مَن يَشَآءُ بِغَيْرِ حِسَابٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go`zal o`stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo har qachon uning oldiga, mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko`rdi. U: «Ey Maryam, senga bu qayerdan», – dedi. «Bu, Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», – dedi.Бас, уни Робби жуда яхши қабул қилиб, ниҳоятда гўзал ўстирди ва Закариёни унга кафил қилди. Закариё ҳар қачон унинг олдига, меҳробга кирганида, унинг ҳузурида ризқ кўрди. У: «Эй Марям, сенга бу қаердан», – деди. «Бу, Аллоҳнинг ҳузуридан. Албатта, Аллоҳ хоҳлаган кишисига беҳисоб ризқ берур», – деди.Alauddin Mansour: Bas, Parvardigori uni (Maryamni) xush qabul aylab, chiroyli parvarish etdi va unga Zakariyoni kafil qildi. Har qachon Zakariyo (Maryamning) oldiga — hujraga kirganida uning huzurida bir rizq-nasiba koʻrdi. U: «Ey Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?», deb soʻraganida (Maryam) javob qildi: «Bular Alloh huzuridandir. Albatta, Alloh Oʻzi istagan kishilarga behisob rizq berur».Бас, Парвардигори уни (Марямни) хуш қабул айлаб, чиройли парвариш этди ва унга Закариёни кафил қилди. Ҳар қачон Закариё (Марямнинг) олдига — ҳужрага кирганида унинг ҳузурида бир ризқ-насиба кўрди. У: «Эй Марям, бу нарсалар сенга қаёқдан келди?», деб сўраганида (Марям) жавоб қилди: «Булар Аллоҳ ҳузуридандир. Албатта, Аллоҳ Ўзи истаган кишиларга беҳисоб ризқ берур».
Mehribon onaizorning ixlosiga yarasha, xolisona qilgan nazriga binoan, duolarini qabul qilgan holda:
«Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda goʻzal oʻstirdi».
Yaʼni, Alloh taolo qiz bola boʻlsa ham Maryamni nazr sifatida juda yaxshi qabul qilib oldi va u qizni ajoyib bir holda oʻstirdi. Va:
«...Zakariyoni unga kafil qildi».
Zakariyo alayhissalom Horun alayhissalomning zurriyotidan edilar. Yahudiylarning «Haykal» deb nomlangan asosiy ibodatxonasining xizmatini qilish shu avlodga nasib qilgan edi. Oʻsha paytda Zakariyo alayhissalom haykal ibodatxonasi boshligʻi edilar. Shunday qilib, Maryam alohida eʼtibor ostida muborak boʻlib oʻsa bordi. Alloh unga Oʻzi inoyat koʻrsatib turdi.
«Zakariyo har qachon uning oldiga, mehrobga kirganida, uning huzurida rizq koʻrdi.»
Zakariyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida, tabiiyki, uning oziq-ovqati, rizqidan doimo xabardor boʻlib turishi lozim. Lekin ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashgʻul boʻlib turgan Maryamning oldiga qachon kirsa, uning huzurida rizq turar edi. Bu rizqni oʻzi keltirmaganini yaxshi bilgan Zakariyo alayhissalom ajablanib, Maryamga:
«Ey Maryam, senga bu qayerdan?» – dedi.
Paygʻambar Zakariyo alayhissalomniki taajjubga solibdimi, demak, u rizqning manbai, albatta, eʼtiborga loyiqdir.
Maryam esa, bu manbadan xabardor, shuning uchun, bamaylixotir:
«Bu, Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», – dedi».
Bu manzarani koʻrib turib, befarzand yurgan Zakariyo alayhissalomda farzandli boʻlish havasi yangidan uygʻondi: