وَإِن كَانُوا۟ مِن قَبْلِ أَن يُنَزَّلَ عَلَيْهِم مِّن قَبْلِهِۦ لَمُبْلِسِينَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Holbuki, ustlariga (yomg`ir) tushirilishidan oldin, ha, undan oldin, mutlaqo umidsiz edilar.Ҳолбуки, устларига (ёмғир) туширилишидан олдин, ҳа, ундан олдин, мутлақо умидсиз эдилар.Alauddin Mansour: Holbuki, ular ustlariga (yomgʻir) yogʻdirilishidan oldin mutlaqo noumid edilar.Ҳолбуки, улар устларига (ёмғир) ёғдирилишидан олдин мутлақо ноумид эдилар.
Ushbu ikki oyat Alloh taolo yomgʻirni qanday yogʻdirishi va undan odamlar qanday xursand boʻlishlarini vasf qilmoqda. Bu, avvalo, Alloh taoloning cheksiz qudratiga vasf boʻlsa, ayni paytda Qurʼonning haqiqiy ilohiy kitob ekaniga ham bir dalildir. Chunki, bu oyatlarda sifatlangan jarayonlarni Alloh taolodan boshqa hech kim qila olmagan, qila olmayapti va qila olmaydi ham. Bu hol Alloh taoloning biru borligiga, cheksiz qudrat va barkamol sifatlar sohibi ekaniga yorqin dalildir.
Ikkinchidan, bundan oʻn besh asr avval oʻqish-yozishni bilmagan, tabiiy ilmlarni oʻrganmagan odam yomgʻirga bogʻliq hodisalarning bunchalik ilmiy va aniq vasfini faqat Allohning marhamati ila qila olishi mumkin, xolos. Bu oyatdagi taʼrifga hozirgi zamondagi mazkur sohaning bilimdonlari ham tan berib lol qolmoqdalar. Qurʼoni Karim ilohiy moʻʼjiza boʻlmasa, bu taʼrif qayerdan kelar edi?
«Alloh shunday zotki, shamollarni yuborib, ular ila bulutni qoʻzgʻatar...»
Alloh shamollarni yubormasa, kim yuborar edi? Alloh Oʻzi yuborgan shamollar ila bulutlarni qoʻzgʻatmasa, kim qoʻzgʻatar edi? Kim bulut paydo qilar edi?
«...va u(bulut)ni osmonda Oʻzi xohlaganicha yoyar va boʻlak-boʻlak qilar...»
Baʼzi bulutlarni qalin, ayrimlarini yupqa qilib yoygan kim? Yoki parcha-parcha qilib boʻlgan kim? Albatta, Alloh taolo.
«...bas, uning orasidan yomgʻir chiqayotganini koʻrasan.»
Bulutning orasidan yomgʻirni chiqargan ham Alloh taoloning Oʻzi.
«Qachon u(yomgʻir)ni Oʻz bandalaridan xohlagan kimsalarga yetkazsa, ular darhol shod boʻlurlar.»
Bu shodlikni toʻla his etish uchun hayoti yomgʻir suviga intiq mintaqaning aholisi boʻlish kerak. Butun turmushi va rizqi roʻzi osmondan yomgʻir yogʻishiga bogʻliq boʻlgan odamlar ustlaridan yoqqan yomgʻirdan qanchalik shod boʻlishlarini boshqalar tasavvur etishi qiyin.
«Holbuki, ustlariga (yomgʻir) tushirilishidan oldin, ha, undan oldin, mutlaqo umidsiz edilar.»
Yerlar qaqrab, oʻlib yotgan edi. Oʻsimliklar qurib jizgʻanak boʻlib qolgan edi. Hayvonlari suvsizlikdan ozib-toʻzib, oʻlib borayotgan edi. Toʻplagan ozuqalari tugayozgan edi. Natijada ular butunlay umidsiz holga tushib qolgan edilar. Ana shunda ilkis shamol esib, bulut paydo boʻldi va yomgʻir yogʻa boshladi. Hamma narsaga jon kirdi. Endi yerlar suvga toʻyadi. Oʻsimliklar unadi. Rizq moʻl boʻladi. Hayvonlar ham koʻpayadi, semiradi. Bu ishlar ular uchun Allohning rahmatidir. Ular shod boʻlmay, kim shod boʻlsin!