وَإِذْ قَالَ لُقْمَـٰنُ لِٱبْنِهِۦ وَهُوَ يَعِظُهُۥ يَـٰبُنَىَّ لَا تُشْرِكْ بِٱللَّهِ ۖ إِنَّ ٱلشِّرْكَ لَظُلْمٌ عَظِيمٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Luqmon o`g`liga va'z-nasihat qilib aytganlarini esla: «Ey o`g`ilcham, Allohga shirk keltirma. Albatta, shirk katta zulmdir».Луқмон ўғлига ваъз-насиҳат қилиб айтганларини эсла: «Эй ўғилчам, Аллоҳга ширк келтирма. Албатта, ширк катта зулмдир».Alauddin Mansour: Eslang, Luqmon oʻgʻliga pand-nasihat qilar ekan, degan edi: «Ey oʻgʻilcham, Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk keltirish katta zulmdir».Эсланг, Луқмон ўғлига панд-насиҳат қилар экан, деган эди: «Эй ўғилчам, Аллоҳга ширк келтирмагин! Чунки ширк келтириш катта зулмдир».
Bolasiga pand-nasihat qilish otaning vazifasidir. Ayniqsa, iymon-eʼtiqod, dinu diyonat masalasida ota farzandlariga nisbatan ulkan masʼuliyat his etmogʻi darkor. Alloh tomonidan hikmat berilgan zot Luqmoni Hakim ham otalik burchini ado etib, oʻgʻliga pand-nasihat qilmoqda:
«Ey oʻgʻilcham, Allohga shirk keltirma».
Ota bolasiga qilishi lozim boʻlgan bosh nasihat mana shu. Chunki, doimo–qadimda ham, hozirda ham bosh masala shudir.
Mana, qaysidir zamonlarda Luqmoni Hakim ham oʻgʻliga shunday nasihat qilganligi keltirilmoqda. Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ushbu oyatlar nozil boʻlayotgan paytda ham shunday nasihat qilingan. Bundan keyin ham shunday qilinaveradi.
Luqmoni Hakim oʻgʻlini shirkdan qaytarish bilangina kifoyalanib qolmadi. Balki, shirkning nima ekanini ham bayon qildi:
«Albatta, shirk katta zulmdir», dedi.
Ha, shirkdan kattaroq zulm yoʻq. Chunki, shirk yaratgan Xoliq, rizq bergan Roziq, Robbul olamiyn boʻlgan Alloh taologa nisbatan katta jinoyatdir.
Dunyodagi har bir inson yakkayu yolgʻiz Alloh taologa iymon keltirib, faqat Uning Oʻzigagina ibodat qilishi lozim edi. Lekin baʼzi odamlar aynan shu maʼnoda Allohga nisbatan zulm qildilar. Unga shirk keltirdilar. Baʼzi maxluqotlarni Allohga sherik qildilar.
Oʻtgan oyatning davomi oʻlaroq keyingi ikki oyatda ota-ona va farzand oʻrtasidagi aloqa qanday boʻlishi kerakligi bayon qilinadi: