أَلَمْ تَرَ أَنَّ ٱللَّهَ يُولِجُ ٱلَّيْلَ فِى ٱلنَّهَارِ وَيُولِجُ ٱلنَّهَارَ فِى ٱلَّيْلِ وَسَخَّرَ ٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ كُلٌّ يَجْرِىٓ إِلَىٰٓ أَجَلٍ مُّسَمًّى وَأَنَّ ٱللَّهَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh kechani kunduzga kiritishini va kunduzni kechaga kiritishini, quyosh va oyni beminnat xizmatkor qilib qo`yganini, ularning har biri belgilangan muddat tomon yurishini va, albatta, Alloh nima amal qilayotganingizdan xabardor ekanini ko`rmadingmi?!Аллоҳ кечани кундузга киритишини ва кундузни кечага киритишини, қуёш ва ойни беминнат хизматкор қилиб қўйганини, уларнинг ҳар бири белгиланган муддат томон юришини ва, албатта, Аллоҳ нима амал қилаётганингиздан хабардор эканини кўрмадингми?!Alauddin Mansour: Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatga joriy boʻladigan qilib boʻysundirib qoʻyganini va Alloh shak-shubhasiz, qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini koʻrmadingmizmi?!Аллоҳ кечани кундузга киритишини, кундузни кечага киритишини ҳамда қуёш ва ойнинг ҳар бирини белгиланган муддатга жорий бўладиган қилиб бўйсундириб қўйганини ва Аллоҳ шак-шубҳасиз, қилаётган амалларингиздан огоҳ эканини кўрмадингмизми?!
Shuncha ulkan ishlarni hech bir mashaqqatsiz bajargan Zot odamlarni yaratishga yoki ularni qayta tiriltirishga ojizlik qilarmidi?!
Dunyo yaralganidan beri kecha bilan kunduz almashib turadi. Bu jarayon milliardlab yillardan buyon biron marta toʻxtagani yoʻq, biror soniyaga kech qolgani yoki oldin ketgani yoʻq. Xoʻsh, bu tartibni joriy etgan Zot odamlarni yaratishdan yoki qayta tiriltirishdan ojiz boʻladimi?!
Yoki boʻlmasa:
«...quyosh va oyni beminnat xizmatkor qilib qoʻyganini...» koʻrmadingmi?!
Alloh quyoshdek ulkan narsani insonga beminnat xizmatkor qilib qoʻygan. Quyosh boʻlmasa, kunduz boʻlmaydi, issiqlik chiqmaydi. Quyosh inson uchun ham, unga zarur boʻlgan jamodot, nabotot va hayvonot olamlari uchun ham gʻoyat kerakli nurni yetkazib beradigan beminnat xizmatkordir. Uning xizmatlarini toʻkis vasf qilishga inson qodir emas, koʻpini bilmaydi ham. Insonlarga ushbu quyoshni beminnat xizmatkor qilib bergan kim? Xoʻsh, inson vasf qila olmaydigan darajadagi ulugʻ ishni qilgan Zot odamlarni yaratishdan yoki ularni qayta tiriltirishdan ojiz qoladimi?
Oyning xizmatlari ham quyoshnikidan oz emas. Kechasi yorugʻlik berish bilan birga, butun mavjudotga kerakli taʼsirlar ham oʻtkazadi. Oyning moʻʼjizaviy xizmatlarining koʻpini hali inson kashf etolgani yoʻq. Ularni endi oʻrganib kelmoqda. Xoʻsh, bunday ulkan ishni hech bir mashaqqatsiz bajargan Alloh taolo insonlarni yarata olmasmidi yoki qayta tiriltirishga ojizmidi?
«...ularning har biri belgilangan muddat tomon yurishini...» koʻrmadingmi?!
Oʻsha quyosh ham, oy ham belgilangan chiziqdan boshqa tomonga qilcha ham burilmaydi. Shunchalar ulkan maxluqlarni, shunchalar uzoq muddat bilan shunchalar daqiq, nozik nizomga solib qoʻygan Alloh taolo odamlarni yarata olishga yoki qayta tiriltirishga ojizmi?
«...va, albatta, Alloh nima amal qilayotganingizdan xabardor ekanini koʻrmadingmi?!»
Odam zotining nima amal qilayotganini mukammal bilib turgan Zot ularni yaratishga yoki qayta tiriltirishga ojizlik qiladimi?!