لَّقَدْ كَانَ لَكُمْ فِى رَسُولِ ٱللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِّمَن كَانَ يَرْجُوا۟ ٱللَّهَ وَٱلْيَوْمَ ٱلْـَٔاخِرَ وَذَكَرَ ٱللَّهَ كَثِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo`lganlar uchun va Allohni ko`p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go`zal o`rnak bor edi.Батаҳқиқ, сизлар учун, Аллоҳдан ва охират кунидан умидвор бўлганлар учун ва Аллоҳни кўп зикр қилганлар учун Расулуллоҳда гўзал ўрнак бор эди.Alauddin Mansour: (Ey moʻminlar), sizlar uchun — Alloh va Oxirat kunidan umidvor boʻlgan hamda Allohni koʻp yod qilgan kishilar uchun Allohning paygʻambari (iymon-eʼtiqodi va xulqi atvori)da goʻzal ibrat bordir.(Эй мўминлар), сизлар учун — Аллоҳ ва Охират кунидан умидвор бўлган ҳамда Аллоҳни кўп ёд қилган кишилар учун Аллоҳнинг пайғамбари (иймон-эътиқоди ва хулқи атвори)да гўзал ибрат бордир.
Ha, moʻmin-musulmonlar uchun goʻzal oʻrnak manbai ularning mahbub Paygʻambarlari Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar. U kishi har bir narsada, har bir soʻzda, har bir ishda moʻminlar uchun goʻzal oʻrnakdirlar.
Oh, qani endi, hamma shu oʻrnakning mohiyatini tushunib yetsa! Rasulullohning goʻzal oʻrnak boʻlgan gap-soʻzlari havodan olingan nutq emas, Allohdan qilingan vahiydir. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari Allohning amri bilandir. Ana shunday gap-soʻz goʻzal oʻrnak boʻlmay, qaysi gap-soʻz goʻzal oʻrnak boʻlishi mumkin. Ana shunday ishlar goʻzal oʻrnak boʻlmay, boshqa qaysi ishlar goʻzal oʻrnak boʻlsin.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ahzob urushida ham, odatdagidek, eng goʻzal namunalarni koʻrsatdilar. Xavf-xatar tasvirlab boʻlmaydigan darajada katta ekaniga qaramay, zarracha qoʻrqmasdan, Madiynani himoya qilishga chiqdilar. Dushmanga qarshi nima chora koʻrish kerakligi haqida sahobalar bilan maslahat qildilar. Salmoni Forsiy roziyallohu anhuning fikrlarini qabul etib, xandaq qazishni boshladilar.
Ul zot sollallohu alayhi vasallam shunday xatarli va nozik bir paytda moʻmin-musulmonlar uchun ishonch, orzu-umid, xotirjamlik timsoliga aylandilar. Kim tushkunlikka tushsa, qoʻrqsa, ikkilansa, umidsizlansa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni koʻrishi bilan bu tuygʻularidan forigʻ boʻlar edi.
Xandaq qazish ishlarida Ul zot hammaga oʻrnak boʻlib, ter toʻkdilar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam yer qazir, tuproq surar va zambil koʻtarar edilar. Ogʻir mehnat yengillasin uchun joʻr boʻlib, sheʼr oʻqigan sahobai kiromlarga oʻzlarining muborak ovozlari bilan qoʻshilar edilar.
Musulmonlardan birining nomi Juʼayl (qoʻngʻiz) edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning ismini «Amr» deb oʻzgartirdilar. Bunday xavfli paytda xunuk ismdan qutulish kayfiyatni koʻtarar edi. Musulmonlar bundan xursand boʻlib, ism oʻzgarganini baytga solib, baland ovoz bilan ayta boshladilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam baytning oxirida ularga joʻr boʻlib turdilar.
Sahobalardan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu yosh boʻlishiga qaramay, tuproq tashir edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni koʻrib: «Qandoq ham yaxshi bola ekan-a?» deb erkalatdilar. Ish davomida charchab, Zayd ibn Sobit xandaqda uxlab qoldi. Shunda Ammora ibn Hazm uning qurolini olib qoʻydi. Uygʻongach, Zayd quroli yoʻqligini koʻrib, qoʻrqib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ha, uyquchi, uxlab yotganingda quroling ketib qolibdimi?» deb hazil qildilar. Soʻngra:
«Bu bolaning qurolini kim biladi?» deb soʻradilar. Ammora:
«Ey, Allohning Rasuli, u menda», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Unga qurolini qaytar», dedilar-da, keyin musulmon kishining oʻziga bildirmay, biror narsasini olib qoʻyib qoʻrqitishdan qaytardilar.
Xandaq qaziyotganida, Salmoni Forsiy roziyallohu anhuning oldidan katta xarsangtosh chiqib qoldi. U xarsangni sindira olmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni koʻrib, choʻqmorni uning qoʻlidan oldilar. Kuch bilan xarsangni urgan edilar, oʻt chaqnab ketdi. Yana bir urgan edilar, yana oʻt chaqnadi. Uchinchi marta urgan edilar, uchinchi marta ham oʻt chaqnadi. Shunda Salmoni Forsiy roziyallohu anhu:
«Ota-onam sizga fido boʻlsin, ey, Allohning Rasuli, men koʻrgan narsa nima oʻzi? Zarba berganingizda oʻt chiqdi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sen oʻshani rostdan koʻrdingmi, ey Salmon?» deb soʻradilar. Salmon roziyallohu anhu:
«Ha», deb javob berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Birinchisi bilan Alloh taolo menga Yamanni fath qildi. Ikkinchisi bilan Alloh menga Shomni fath qildi. Uchinchisi bilan Alloh menga Magʻribni fath qildi», dedilar.
Bu xabar yashin tezligida musulmonlar ichida tarqaldi. Ularning ruhlari yuksaldi, gʻalabaga boʻlgan ishonchlari mislsiz darajada ortdi.
Shu bilan birga, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tinmay Alloh taologa yolborar, namoz oʻqib, munojot qilar, Robbul olamiynning Oʻzidan nusrat soʻrar edilar. Bularning hamma-hammasi musulmonlar uchun goʻzal oʻrnakdir. Shuning uchun ham, oʻzlaridan koʻra son va qurol jihatidan gʻoyatda ustun boʻlgan ahzoblarni koʻrgan moʻminlar zarracha qoʻrqmadilar.