ٱلَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَـٰلَـٰتِ ٱللَّهِ وَيَخْشَوْنَهُۥ وَلَا يَخْشَوْنَ أَحَدًا إِلَّا ٱللَّهَ ۗ وَكَفَىٰ بِٱللَّهِ حَسِيبًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ular Allohning elchiligini yetkazadigan, Undangina qo`rqadigan, Allohdan boshqa hech kimdan qo`rqmaydigan zotlardir. Allohning O`zi hisob qilguvchilikka kifoyadir.Улар Аллоҳнинг элчилигини етказадиган, Ундангина қўрқадиган, Аллоҳдан бошқа ҳеч кимдан қўрқмайдиган зотлардир. Аллоҳнинг Ўзи ҳисоб қилгувчиликка кифоядир.Alauddin Mansour: Ular (yaʼni, oʻtgan paygʻambarlar) Allohning amru-farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, U zotdan qoʻrqadigan va Allohdan oʻzga birovdan qoʻrqmaydigan zotlardir. Allohning Oʻzi yetarli hisob qilguvchidir.Улар (яъни, ўтган пайғамбарлар) Аллоҳнинг амру-фармонларини (бандаларга) етказадиган, У зотдан қўрқадиган ва Аллоҳдан ўзга бировдан қўрқмайдиган зотлардир. Аллоҳнинг Ўзи етарли ҳисоб қилгувчидир.
Allohning yoʻliga hech qanday tangliksiz ergashib yurgan zotlar, Nabiylar quyidagi sifatlarga ega boʻlganlardir:
«Ular Allohning elchiligini yetkazadigan» zotlardir.
Alloh ularni oʻz elchisi–Paygʻambari qilib yuborgan. Ular– Paygʻambar, odamlarga Allohning paygʻomini–xabarlarini yetkazuvchilar. Sen ham, ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam, oʻshalarga oʻxshab, Allohning elchiligini odamlarga yetkazadigan zotsan.
«...Undangina qoʻrqadigan, Allohdan boshqa hech kimdan qoʻrqmaydigan zotlardir.»
Yaʼni, ilgari oʻtgan Paygʻambarlar ham faqat Alloh taolodangina qoʻrqqanlar, Allohdan boshqa hech kimdan qoʻrqmaganlar. Shuning uchun, Alloh ularga nimani amr etsa, oʻylab oʻtirmay, darhol bajarganlar. Sen ham, ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam, Zaynabga uylanish masalasida Allohning aytganini qil, odamlarning gapiga eʼtibor berma.
«Allohning Oʻzi hisob qilguvchilikka kifoyadir.»
Oxiratda hisob-kitobni Alloh taoloning Oʻzi qiladi. Ogʻziga kuchi yetmagan odamlar emas.
Har bir narsani hikmat bilan qiluvchi Alloh taoloning bir nikoh–Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Zaynab binti Jahsh onamiz roziyallohu anhoga nikohlari masalasiga bunchalik eʼtibor berib, shuncha oyatlarni nozil etishi bejiz emas. Avvalo, bu yerda gap johiliyat davrida keng tarqalgan, odamlar qoniga va ongiga singib ketgan katta bir notoʻgʻri urfni, qonun-qoidani hayotdan siqib chiqarish haqida ketmoqda. U ham boʻlsa, asrandi bola tutish, uning taloq qilgan xotinini oʻgay ota nikohlab ololmasligi masalasidir. Aslida, bizning tushunishimizcha, bu yerda asosiy fikr oʻsha paytda arablarda keng tarqalgan bir odatni — farzand asrab olish odatini muolaja qilishdan iborat. Farzand asrab olish muammosini boʻrttirib koʻrsatish uchun ham bu yerga nikoh masalasi qoʻshilgan. Maʼlumki, oʻz pushti kamaridan boʻlgan oʻgʻlining xotini, yaʼni kelini ota uchun abadiy mahram sanaladi. Lekin asrandi farzandning xotini ota uchun faqat vaqtinchalik mahram boʻladi. Agar asrandi farzand xotinini taloq qilsa, tutingan ota unga uylanishi mumkin. Xuddi begona bir a±lga uylangandek. Zero, asrandi oʻgʻil nasl-nasab jihatidan hech qachon haqiqiy farzand kabi boʻlolmaydi. Johiliyat davrida esa, arablarda asrandi oʻgʻil nasl-nasabga ham aloqador hisoblanardi. Bu botil hukm tufayli jamiyatda qanchalik noqulayliklar, harom-xarish ishlar kelib chiqishi mumkinligi haqida avval ham gapirildi. Johiliy jamiyatda joriy etilgan urf-odatlarni yoʻq qilishdek ogʻir va mashaqqatli vazifani bajarishda namuna qilib bu safar Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlarini jalb etdi. Ehtimol, bu yoʻl ila bu hukmning taʼsiri yanada orttirilgandir.
Qolaversa, avvalgi oyatlarda ham aytilganidek, bu yerda gap kishi oʻz nafsiga, oʻz xohishiga qarshi oʻlaroq, Alloh taoloning amrini soʻzsiz qabul qilishi haqida ketmoqda. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari bu ishda ham goʻzal namuna boʻlishlari kerak edi. Shuning uchun ham, odamlar gap qiladigan, turli-tuman mish-mishlar tarqatadigan ishga u zot sollallohu alayhi vasallam duchor boʻldilar.
Bu xususda aytilgan gaplar yetarlidir. Ammo qadimda ham, hozirda ham bu masala Islom dushmanlari va baʼzi tushunib yetmagan kishilar tomonidan qayta-qayta qoʻzgʻatilib, Islomga va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shaxslariga taʼna yetkazishga harakat boʻlgani uchun, hatto baʼzi islomiy kitoblarga, baʼzi tafsirlarga ham notoʻgʻri tushunchalar kirib qolgani uchun, ulamolarimiz bu masalaga alohida eʼtibor bilan qaraydilar. Bu xususda dushmanlar tomonidan toʻqilgan botil rivoyatlarga raddiya beradilar. Ana shunday botil rivoyatlardan biri quyidagicha: Emishki, Zaynab binti Jahsh roziyallohu anho hali Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu bilan yashab yurganida unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻzlari tushib, yaxshi koʻrib qolibdilar va «Subhana muqallibal qulub»–«qalblarni aylantirib turguvchi zot pok boʻldi», debdilar. Zaynab buni eshitib, gap nimada ekanini anglabdi va Zaydga aytibdi. Ana shundan keyin Zayd Zaynabni taloq qilish haqida oʻylab qolibdi va Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib, bu haqda soʻz ochibdi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa, juftingni oʻzing ila tutib tur, debdilar va hokazo.
Bu gaplar tuhmat va boʻhton ekani aniqdir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ammalarining qizi Zaynabni undan oldin koʻrmagan edilarmi? Zaynabga oʻzlari sovchi boʻlib, Zaydga olib bermagan edilarmi? Nahotki, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamdek zot birovning xotiniga boshqacha koʻngil bilan qarasalar?!
Hamma narsani oldindan bilguvchi Alloh, dushmanlarning bu xususda boʻhton va tuhmatlar toʻqishlarini ham oldindan bilgan. Shuning uchun, unga taalluqli gaplarni oldindan ochiq-oydin bayon qilgan. Qurʼon shaxs, joy, vaqtni aniq aytish uslubini qoʻllamaydi. Bu uning umumiyligini, har zamon, har makon va har jamiyatga loyiqligini orttiradi.
Qurʼoni Karimda birorta sahobiyning ismi zikr qilinmagan. Ammo ushbu masalaga aloqador zotlardan biri boʻlgan Zayd roziyallohu anhuning ismini ochiq-oydin «qachonki Zayd undan oʻz hojatini ado qilgach» deb keltirilgan. Bu ishning, yaʼni, Zaynabga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uylanishlarining ham sababini ochiq-oydin keltirgan: «Toki, moʻminlarga oʻz asrandi bolalari xotinlarida, ulardan hojatlarini ado qilishgach, tanglik boʻlmasin deb».
Quyidagi oyat ham xuddi shu masalani yoritadi: