مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَآ أَحَدٍ مِّن رِّجَالِكُمْ وَلَـٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِيِّـۧنَ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَىْءٍ عَلِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo`lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Payg`ambarlarning so`nggisidir. Alloh har bir narsani o`ta bilguvchidir.Муҳаммад сизлардан бирон эркакнинг отаси бўлган эмас. Лекин Аллоҳнинг Расули ва Пайғамбарларнинг сўнггисидир. Аллоҳ ҳар бир нарсани ўта билгувчидир.Alauddin Mansour: Muhammad sizlardan biron kishining otasi emasdir, balki u Allohning paygʻambari va paygʻambarlarning soʻnggisidir. Alloh barcha narsani bilguvchi boʻlgan Zotdir.Муҳаммад сизлардан бирон кишининг отаси эмасдир, балки у Аллоҳнинг пайғамбари ва пайғамбарларнинг сўнггисидир. Аллоҳ барча нарсани билгувчи бўлган Зотдир.
Ey odamlar, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Zaynabga uylangani uchun, Muhammad oʻz oʻgʻlining xotiniga uylandi, deb boʻhton qilmanglar. Chunki:
«Muhammad sizlardan biron erkakning otasi boʻlgan emas».
Jumladan, Zaynabni taloq qilgan Zayd ibn Horisaning ham otasi boʻlgan emas. Zaydning otasi Horisa ibn Sharhabiyldir. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Zayd taloq qilgan Zaynabga Allohning amri ila, johiliyat hukmini botil qilish uchun uylandilar. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam johiliyat hukmi boʻyicha Zaydni asrab olishlari ham Alloh iroda etgan hikmat ila shu odatni yoʻq qilish uchun edi. Hech qachon u zotga Zayd oʻgʻil boʻlgan emas. Muhammad sollallohu alayhi vasallamga hech kim oʻgʻil boʻlgan emas. Ul zot esa, hech kimingizga ota boʻlgan emas.
«Lekin Allohning Rasuli va Paygʻambarlarning soʻnggisidir.»
Lekin Muhammad sollallohu alayhi vasallam hamma uchun Allohning yuborgan Rasulidir. Ul zot Paygʻambarlarning soʻnggisidir, undan keyin hech bir Paygʻambar kelmas.
«Alloh har bir narsani oʻta bilguvchidir.»
Ana oʻsha oʻta bilishi asosida tasarruf qiladi. Ushbu masalada ham ana oʻsha bilimi ila tasarruf qildi. Ehtimol Muhammad sollallohu alayhi vasallamning oʻgʻil farzandlari turmagani ham hikmatlidir?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadiyja onamizdan Qosim, Toyyib, Tohir ismli oʻgʻillar koʻrganlar, ammo ularning hammasi kichiklik paytlarida vafot etgan. Maryam Qibtiyadan Ibrohim ismli farzand koʻrganlar, u emizikli paytida vafot etgan. Xadiyja onamizdan toʻrtta qizlari boʻlgan: Zaynab, Ruqiya, Ummu Kulsum va Fotima onamiz. Ulardan uchtasi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan oldin dunyodan oʻtganlar. Faqat Fotima onamizgina u zot sollallohu alayhi vasallamdan olti oy keyin vafot etganlar.
Paygʻambarlarning soʻnggisi boʻlmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamga farzand bobida mazkur holatning joriy qilinishi Alloh taoloning hikmatidandir.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan soʻng Rasul ham, Nabiy ham kelmasligi aniq. Kim bunga xilof eʼtiqod qilsa, kofir boʻladi.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning soʻnggi Paygʻambar ekanliklarining xabarini bergan ushbu oyati karimani tasdiqlovchi koʻplab hadisi shariflar ham vorid boʻlgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Ubay ibn Kaʼbdan, u kishi oʻz otalaridan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar:
«Mening misolim shuki, xuddi, bir odam goʻzal va mukammal hovli-joy qurib, undan birgina gʻishtni qoʻymay, oʻrnini ochiq qoldirgan, odamlar binoni aylanib koʻrib, undan ajablanishib, soʻngra: «Agar mana shu yerga ham gʻisht qoʻyilganida edi», deydilar, men Paygʻambarlar ichida oʻsha joyga qoʻyilgan gʻishtman».
Imom Ahmad ibn Hanbal Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, men Allohning nazdida Paygʻambarlarning soʻnggisidirman», deganlar.
Odamlar ichida turli-tuman boʻlmagʻur gaplarga, igʻvo, boʻhton va tuhmatlar toʻqilishiga sabab boʻlgan masalaga doir oyatlardan keyin Alloh taolo moʻmin bandalariga quyidagi xitobni qiladi: