يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱذْكُرُوا۟ ٱللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Allohni ko`p zikr qilinglar.Эй, иймон келтирганлар! Аллоҳни кўп зикр қилинглар.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, Allohni koʻp zikr qilinglar.Эй мўминлар, Аллоҳни кўп зикр қилинглар.
Allohni zikr qilish–qalbni Unga bogʻlashdir, U meni kuzatib turibdi, degan doimiy eʼtiborda turishdir. Allohning buyruqlarini bir lahza ham esdan chiqarmay, amalga oshirishdir.
Ha, moʻminlar Allohni koʻp zikr qilishlari matlubdir. Alloh koʻp zikr qilingandagina turli yolgʻon, boʻhton, igʻvo, gʻiybat, chaqimchilik kabi gunoh gap-soʻzlar uzoqlashadi. Allohni koʻp zikr qilgan odamning qalbida behuda gaplarga, soʻkishishlarga, kishiga obroʻ keltirmaydigan holatlarga joy qolmaydi. Allohni koʻp zikr qilgan odamning qalbida dunyoning, uning matohlarining zikriga joy qolmaydi. Allohni koʻp zikr qilgan odamning qalbida turli koʻngilxushliklarga, inson zehnini chalgʻituvchi maiyshatlarga joy qolmaydi. Allohni koʻp zikr qilgan odamning qalbiga Allohning muhabbatidan boshqa muhabbat sigʻmaydi. Allohni koʻp zikr qilgan odamning, avvalo, tilida Allohning ismi jo boʻladi. Soʻngra, bu muborak ism asta-sekin halqumiga, koʻksiga va qalbiga yetib boradi. Garchi bunday inson tili bilan Allohning ismini aytmasa ham, qalbi «Alloh, Alloh» deb turadi. Nihoyat, butun vujudi shu holatga yetadi. Ana shunda zokirlik maqomiga erishadi.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Rasulullohning huzurlariga ikki aʼrobiy keldi. Ulardan biri:
«Ey, Allohning Rasuli, qaysi odam eng yaxshi odam?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kimning umri uzoq boʻlib, amali yaxshi boʻlsa, oʻsha», dedilar. Ikkinchisi esa:
«Ey, Allohning Rasuli, Islomning takliflari koʻpaydi. Menga bir ishni amr qilingki, uni mahkam tutay», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Doimo tiling Allohning zikri ila hoʻl boʻlsin», dedilar.
Ha, Allohning zikrini koʻp qilish moʻmin bandani oliy maqomlarga erishtiradi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Robbingiz: «Modomiki, bandam meni zikr etib, lablari qimirlar ekan, men u bilan birgaman», deydi», deganlar.