مَّا جَعَلَ ٱللَّهُ لِرَجُلٍ مِّن قَلْبَيْنِ فِى جَوْفِهِۦ ۚ وَمَا جَعَلَ أَزْوَٰجَكُمُ ٱلَّـٰٓـِٔى تُظَـٰهِرُونَ مِنْهُنَّ أُمَّهَـٰتِكُمْ ۚ وَمَا جَعَلَ أَدْعِيَآءَكُمْ أَبْنَآءَكُمْ ۚ ذَٰلِكُمْ قَوْلُكُم بِأَفْوَٰهِكُمْ ۖ وَٱللَّهُ يَقُولُ ٱلْحَقَّ وَهُوَ يَهْدِى ٱلسَّبِيلَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh biron kishining ichida ikkita qalb qilgan emasdir. O`zlaringiz zihor qilayotgan xotinlaringizni siz uchun ona ham qilgan emas va asrandi bolalaringizni sizga farzand qilgan emas. Bularingiz og`zingiz bilan aytgan gaplaringizdir. Alloh esa, haqni aytur va U to`g`ri yo`lga hidoyat qilur.Аллоҳ бирон кишининг ичида иккита қалб қилган эмасдир. Ўзларингиз зиҳор қилаётган хотинларингизни сиз учун она ҳам қилган эмас ва асранди болаларингизни сизга фарзанд қилган эмас. Буларингиз оғзингиз билан айтган гапларингиздир. Аллоҳ эса, ҳақни айтур ва У тўғри йўлга ҳидоят қилур.Alauddin Mansour: Alloh biron kishining ichida ikki yurak qilgan emasdir, (shuningdek) sizlar zihor qiladigan xotinlaringizni ham sizlarga ona qilgan emas va asrandi bolalaringizni oʻz bolalaringiz qilgan emasdir. Bu (yaʼni, xotinlaringizni «ona» deyishlaringiz, asrandilaringizni «bola» deyishlaringiz) sizlarning ogʻizlaringizdagi soʻzingizdir. Yolgʻiz Alloh haqiqatni aytur va Uning Oʻzi (haq) yoʻlga hidoyat qilur.Аллоҳ бирон кишининг ичида икки юрак қилган эмасдир, (шунингдек) сизлар зиҳор қиладиган хотинларингизни ҳам сизларга она қилган эмас ва асранди болаларингизни ўз болаларингиз қилган эмасдир. Бу (яъни, хотинларингизни «она» дейишларингиз, асрандиларингизни «бола» дейишларингиз) сизларнинг оғизларингиздаги сўзингиздир. Ёлғиз Аллоҳ ҳақиқатни айтур ва Унинг Ўзи (ҳақ) йўлга ҳидоят қилур.
Bu oyatda johiliyat tuzumining uchta hukmi haqida soʻz ketmoqda. Bular: aqlli va ziyrak kishilarning qalbi ikkita boʻladi, degan tasavvur; kim xotinidan zihor qilsa, xotini onasi boʻlib qoladi, degan aqiyda; kim biror bola asrab olsa, oʻz sulbidan boʻlgan bolaning oʻrnida oʻtadi, degan hukm. Bu uch hukmga kofir va munofiqlar toʻla ishonishar va amal qilishar edi. Shu bilan birga, moʻmin- musulmonlarning ham bu hukmlariga itoat etishlarini talab qilishardi. Kim amal qilmasa, malomatga qolardi. Mana shu oyat musulmonlar oldiga Allohga taqvo qilish, u yuborayotgan vahiyga ergashish, faqat Yaratganning Oʻziga suyanish va kofiru munofiqlarga ergashmaslik vazifasini amaliy ravishda qoʻydi.
«Alloh biron kishining ichida ikkita qalb qilgan emasdir.»
Arab mushriklari, baʼzi odamlarning ikkita qalbi boʻladi, deb eʼtiqod qilishardi. Jumladan, Jamil ibn Maʼmor al-Fehriy ismli odamning ikkita qalbi bor, deyishardi. Uning oʻzi ham: «Mening ichimda ikkita qalbim bor. Ularning har biri bilan Muhammaddan koʻra yaxshiroq aql yuritaman», der edi. Ushbu oyati karima oʻsha Jamilning yolgʻonchi ekanini, mushriklarning bu maʼnodagi tushunchalari botilligini bayon qilmoqda. Shu bilan bir vaqtda, hech bir odam hech qachon ikkita qalbli boʻlmasligini, ularning biri bilan iymon, ikkinchisi bilan kufr keltira olmasligini, bir odam ham rostgoʻylik, ham yolgʻonchilik qilolmasligini, ham dindor, ham dinsiz boʻla olmasligini, dinga ham ixlos, ham adovat koʻrsatolmasligini uqtirmoqda. Alloh taolo har bir odamga bitta qalb bergan. U qalbga bir narsa sigʻadi. Yo iymon, yo kufr, yo nifoq. Iymonli qalb egasi doimo rostgoʻy, dindor, ixlosli, taqvoli, ibodatli, hamma holatda Allohning amriga muvofiq ish qiladigan, shariat boʻyicha yoʻl tutadigan boʻladi. Uning aytayotgan soʻzidan, qilayotgan ishidan iymonli qalb egasi ekani bilinib turadi.
Oʻz navbatida, kofir qalb egasi yolgʻonchi, dinsiz, ixlossiz, fisqu fujurga berilgan, haromxoʻr, ibodatsiz, Allohning buyurganini qoʻyib, boshqaning aytganidan yuradigan boʻladi. Kofir ham gap- soʻzidan, qilayotgan ishidan tanib olinadi.
Munofiq esa, ichi boshqa, usti boshqa odamdir. U sirtidan musulmon boʻlib koʻrinadi. Ichi esa, kofir boʻladi. Musulmonlarni koʻrsa, musulmonman, deydi, Islom amallarini bajaradi. Oʻzi qolsa yo kofirlarga qoʻshilsa, Islom amallarini tark etib, kufr ishlarini qiladi. Uni ham gap-soʻzi, yurish-turishidan bilib olsa boʻladi. Demak, inson faqat bir xil boʻlishi mumkin, xolos. Chunki, Alloh taolo uning ichida faqat bitta qalb yaratgan. Oʻzining shaxsiy ishlariga alohida qalb, jamiyatdagi ishlariga yana boshqa bir qalb bergan emas. Diniy ishlar uchun alohida bir qalb, dunyoviy ishlarga yana boshqa bir qalb yaratgan emas. Xudo uchun qiladigan muomalasiga ham boshqa bitta qalb bergan emas. Alloh taolo har bir odamga yagona qalb bergan. Har bir odam shaxsiy yumushlarida ham, jamiyat ishlarida ham, dinu diyonatda ham, Xudo va banda bilan boʻladigan aloqada ham bir qalb bilan, bir yoʻl bilan–Alloh koʻrsatgan yoʻl bilan yurishi kerak.
«Oʻzlaringiz zihor qilayotgan xotinlaringizni siz uchun ona ham qilgan emas...»
«Zihor» arablarga xos istiloh boʻlib, johiliyat qoidalariga koʻra, kim oʻz xotiniga: «Sen men uchun xuddi onamning ort qismi kabisan», desa, xotini onasiga «aylanib» qolardi. Yaʼni, xuddi onasiga oʻxshab, nikohi harom boʻlar va boshqa hukmlar ham joriy qilinar edi. Zihor haqidagi tushuncha va unga tegishli hukmlar «Mujodala» surasi va uning tafsirida batafsil keltirilgan. Bu oyatda esa, zihor notoʻgʻri ekani eʼlon qilinmoqda. Xuddi bir odamning ichida ikkita qalbi borligi behuda va mantiqsiz gap boʻlganidek, erkak kishi «men seni zihor qildim» deyishi bilan xotini unga ona oʻrniga oʻtib qolishi ham mantiqsiz ekani bayon etilmoqda.
«...va asrandi bolalaringizni sizga farzand qilgan emas.»
Arablarda bola asrash, xususan, oʻgʻil bolalarni asrab, oʻziga oʻgʻil qilib olish odati bor edi. Bu holat, ayniqsa, urushda asir tushganlarni oʻgʻil qilib olish borasida koʻproq sodir boʻlardi. Johiliyat arablaridan har biri boshqa bir odamning oʻgʻlini oʻziniki qilib olishi mumkin edi. Bu holat juda keng tarqalgan edi. Bir odam birovning bolasiga: «Sen mening oʻgʻlimsan, men senga merosxoʻrman, sen menga merosxoʻrsan», desa va bola buni qabul qilsa, ish bitdi hisob. Bola unga oʻz sulbidan boʻlgan oʻgʻlidek boʻlar, meros, nikoh, taloq va boshqa hukmlarda oʻz oʻgʻliga nima muomala qilinsa, asrandi bolaga ham shu muomala qilinar edi.
Alloh taoloning irodasidagi hikmatga binoan, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Paygʻambar boʻlishlaridan oldin Zayd ismli bolani arablar odati boʻyicha asrandi oʻgʻil qilib olgan edilar.
Bu voqeaning oʻziga yarasha tarixi ham bor. Ulamolarimiz bu qissani batafsil yozib qoldirishgan:
«Zayd onasi bilan Toy qabilasidagi togʻalarinikiga ziyoratga borganida, ular ustiga arab qabilalaridan biri bostirib kelib qoladi. Oʻshanda Zayd ham asirga tushganlar bilan birga Makkaga keltiriladi. Uni Xadiyja binti Xuvaylid xonim sotib oladilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqqanlaridan soʻng, u zot sollallohu alayhi vasallamga Zaydning zakovati va yetukligi yoqib qolganini mulohaza qilib, uni hadya qiladilar. Zayd Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarini qilib yuradi.
Zaydning otasi Horisa ibn Sharhabiyl oʻgʻli asirga tushganidan soʻng uning firoqida kechayu kunduz yigʻlardi. Uning haqida sheʼrlar aytar edi.
Kunlardan bir kuni Horisaga oʻgʻli Zayd Makkada Muhammad sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida ekanligi xabari yetadi. Horisa ukasi bilan tezda Makkaga kelib, Hazrati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni izlab topdi va:
«Ey Muhammad, albatta, sizlar Baytullohning ahlisizlar, asirga tushganlarni ozod qilasizlar, asirga taom berasizlar. Mening oʻgʻlim sizning huzuringizda ekan, uni bizga bering, uning toʻlovi haqida bizga yaxshilik qiling. Albatta, siz oʻz qavmining ulugʻi boʻlgan odamning zurriyotisiz. Uning toʻloviga nimani istasangiz, beramiz», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Men sizlarga bundan ham yaxshiroq narsani beraman», dedilar. Ular:
«U narsa nima?» deb soʻrashdi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Huzuringizda uni oʻz ixtiyoriga qoʻyaman. Agar u sizlarni ixtiyor qilsa, uni toʻlov bermay, olib ketaverasizlar. Agar u meni tanlaydigan boʻlsa, men oʻzimni ixtiyor qilgan kishi uchun toʻlov oladigan odam emasman», dedilar. Ular:
«Juda yaxshi qilasan! Alloh senga yaxshi mukofotlar bersin!» deyishdi.
Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaydni chaqirib:
«Ey Zayd! Anavilarni taniysanmi?» deb soʻradilar. U:
«Ha, bunisi otam, ana unisi amakim», dedi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Zayd! Bu otang. Bu amaking. Men oʻzing bilgan odamman. Bizdan kimni xohlasang, tanla», dedilar. Shunda Zaydning koʻzlaridan yosh oqa boshladi va:
«Men sizdan boshqa hech kimni hech qachon ixtiyor qilmayman. Siz men uchun ham ota, ham amaki oʻrnidasiz», dedi. Otasi bilan amakisi:
«Hoy Zayd! Hurlikni qoʻyib, qullikni tanlaysanmi?!» deyishdi. Zayd ularga:
«Albatta. Men bu odamdan shunchalar yaxshilik koʻrdimki, endi undan ajray olmayman. Men hech qachon undan boshqa odamni ixtiyor qila olmayman», dedi.
Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar huzuriga chiqdilar va:
«Guvoh boʻlinglar! Zayd mening oʻgʻlimdir. Men unga merosxoʻrman, u ham menga merosxoʻrdir», dedilar.
Zaydning Muhammad sollallohu alayhi vasallam huzurlarida qanchalik ikrom-eʼzozga ega ekanini koʻrgan otasi va amakisi koʻngillari taskin topib, ortga qaytdilar. Qurʼon oyatlari tushib, asrandi oʻgʻil bekor qilinguncha, u «Zayd ibn Muhammad» deb chaqirilib yurdi».
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Zayd ibn Horisani, avval aytilganidek, Alloh taolo iroda qilgan bir hikmat bilan asrandi oʻgʻil qilib olganlarini yodimizda tutaylik-da, yana johiliyat ahlining boshqa birovning bolasini oʻziga farzand qilib olishdek nomaʼqul odatiga qaytaylik. Alloh taolo ushbu oyat bilan bu odatning botil ekanini bayon qildi.
Eʼtibor beradigan boʻlsak, Alloh taolo bir oyatda bir yoʻla johiliyatning uch odatini botilga chiqarmoqda. Bir kishining ikki qalbli boʻlishi mumkinligi haqidagi xurofiy tasavvurni; zihor qilingan xotin eriga ona boʻlishi haqidagi hukmni; birovning bolasini boshqa odam oʻziga farzand qilib olishi odatini bekor deb eʼlon qilmoqda. Soʻngra oyatning davomida:
«Bularingiz ogʻzingiz bilan aytgan gaplaringizdir», deyilmoqda.
Har kimning ogʻzidan chiqqan gap qonun boʻlavermaydi. Behudadan-behudaga ogʻzingizni toʻldirib gapirib yurgan gapingiz, xolos, bu ishlar. Sizning gapingiz nohaqdir.
«Alloh esa, haqni aytur va u toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilur.»
Alloh bu uch masalada haqni bayon qilib qoʻydi. Bir kishining ikki qalbi boʻlmaydi. Zihor qilingan xotin eriga ona boʻlmaydi. Tutingan oʻgʻil farzand oʻrniga oʻtmaydi. Allohgina toʻgʻri yoʻlga hidoyat qiladi, shuning uchun doimo U koʻrsatgan yoʻldan yurish kerak.
Alloh asrandi farzandlar haqida quyidagi yoʻlni koʻrsatadi: