يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓا۟ إِذَا نَكَحْتُمُ ٱلْمُؤْمِنَـٰتِ ثُمَّ طَلَّقْتُمُوهُنَّ مِن قَبْلِ أَن تَمَسُّوهُنَّ فَمَا لَكُمْ عَلَيْهِنَّ مِنْ عِدَّةٍ تَعْتَدُّونَهَا ۖ فَمَتِّعُوهُنَّ وَسَرِّحُوهُنَّ سَرَاحًا جَمِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Qachonki mo`minalarni nikohlab olsangiz, so`ngra ularni qo`l tekkizmay turib, taloq qilsangiz, ular zimmasida siz uchun idda o`tirish bo`lmas. Bas, siz ularni bahramand qiling va go`zal bo`shatish ila bo`shatib yuboring.Эй, иймон келтирганлар! Қачонки мўминаларни никоҳлаб олсангиз, сўнгра уларни қўл теккизмай туриб, талоқ қилсангиз, улар зиммасида сиз учун идда ўтириш бўлмас. Бас, сиз уларни баҳраманд қилинг ва гўзал бўшатиш ила бўшатиб юборинг.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, qachon sizlar moʻminalarni nikohlaringizga olsangizlar-u, soʻngra ularga qoʻl tegizishdan (yaqinlashishdan) ilgari ularni taloq qilsangizlar, u holda sizlar uchun ularning zimmasida sanaydigan idda boʻlmas. Bas, sizlar ularni (ozmi-koʻpmi hadya bilan) bahramand qilib, chiroyli kuzatish bilan kuzatinglar!Эй мўминлар, қачон сизлар мўминаларни никоҳларингизга олсангизлар-у, сўнгра уларга қўл тегизишдан (яқинлашишдан) илгари уларни талоқ қилсангизлар, у ҳолда сизлар учун уларнинг зиммасида санайдиган идда бўлмас. Бас, сизлар уларни (озми-кўпми ҳадя билан) баҳраманд қилиб, чиройли кузатиш билан кузатинглар!
Bu oyati karimada aqdi nikohdan keyin eru xotinlik qilmay turib boʻladigan taloq haqida soʻz ketmoqda. Bu holat oz boʻlsa-da, hayotda uchrab turadi. Kuyov bilan kelin oʻrtasida nikoh oʻqilganidan soʻng, ular bir- birlari bilan eru xotin sifatida xilvat joyda yolgʻiz qolgunlaricha hukmlar bir xil boʻladi. Xilvatda qolganlaridan keyingi hukmlar esa, boshqacha boʻladi. Bu oyatda birinchi holat muolaja qilinmoqda.
Ey, iymon keltirganlar! Qachonki moʻminalarni nikohlab olsangiz, soʻngra ularni qoʻl tekkizmay turib, taloq qilsangiz, ular zimmasida siz uchun idda oʻtirish boʻlmas.
Nikohdan soʻng, qoʻl tekkizmay turib, yaʼni, eru xotin sifatida xilvatda yolgʻiz qolmay turib taloq qilsa, kelin idda oʻtirmaydi. Chunki, idda eru xotinlikdagi hayot hurmati va boshqa narsalar sababidan joriy qilingandir. Ushbu holatda esa, mazkur mulohaza yoʻq. Chunki, ular er-xotin boʻlib, bir lahza ham birga yashaganlari yoʻq.
«Bas, siz ularni bahramand qiling...»
Yaʼni, siz nikohdan keyin, er-xotin boʻlib yashashdan oldin taloq qilingan kelinlarni bahramand qiling. Biror xursand qiluvchi sovgʻa bering. Bunday sovgʻa shariat istilohida «mutʼa» (bahramand qiluvchi) deyiladi. Maʼlumki, har bir inson, shuningdek, ayol kishi ham koʻp orzu-umidlar bilan turmush quradi. Nikoh esa, oʻsha orzu-umidlar amalga oshadigan vaqt kelganining soʻnggi va ishonchli darakchisidir. Ammo, endi umidimga yetdim, deganida taloq tushishi katta fojia va koʻngilsizlik boʻladi. Buning ustiga, shu xabarni eshitgan odamlar ham, falonchi nima uchun nikohdan soʻng darhol taloq qilinibdi, biror gap boʻlsa kerak, degan fikrga borishadi. Shunga oʻxshash noqulayliklarni koʻtarish uchun Islom shariatida nikohdan soʻng qoʻl tekkizmay turib taloq qilgan er kelinga mutʼa–sovgʻa berishi joriy etilgan. Albatta, bu mutʼa kelinning mahri tayin qilinmagan boʻlsa, berilishi vojibdir. Agar mahri tayin qilingan boʻlsa, unda kelin mahrning yarmini oladi. Mahr tayin qilinmagan boʻlsa, oʻsha vaqtning taomilicha, kelin va kuyovning holiga qarab mutʼa miqdori belgilanadi. Shu bilan, kelinning koʻngli ham koʻtariladi, odamlarning ogʻzi ham berkiladi. Ular, falonchini nikohdan keyin qoʻl tekkizmasdan turib taloq qilsa ham, kuyov unga sovgʻa beribdi, boshqa bir uzr bor, shekilli, deyishga oʻtadilar.
«...va goʻzal boʻshatish ila boʻshatib yuboring.»
Islomda har bir narsaning goʻzal boʻlishiga katta eʼtibor beriladi. Taloq margʻub emas, juda noqulay narsa. Ammo shuni ham goʻzallik bilan amalga oshirish amr qilinmoqda. Urush-janjal qilib, bir-birini soʻkib, odamlar ichida sharmanda boʻlib emas, goʻzallik bilan, yaxshilik bilan, bir-birining hurmatini joyiga qoʻyib ajralish tavsiya etilmoqda.
Endi esa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oilaviy hayotlari haqida va u zotning oilalari bilan moʻminlarning aloqasi qanday boʻlishi kerakligi haqida soʻz ketadi.