يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ إِنَّآ أَحْلَلْنَا لَكَ أَزْوَٰجَكَ ٱلَّـٰتِىٓ ءَاتَيْتَ أُجُورَهُنَّ وَمَا مَلَكَتْ يَمِينُكَ مِمَّآ أَفَآءَ ٱللَّهُ عَلَيْكَ وَبَنَاتِ عَمِّكَ وَبَنَاتِ عَمَّـٰتِكَ وَبَنَاتِ خَالِكَ وَبَنَاتِ خَـٰلَـٰتِكَ ٱلَّـٰتِى هَاجَرْنَ مَعَكَ وَٱمْرَأَةً مُّؤْمِنَةً إِن وَهَبَتْ نَفْسَهَا لِلنَّبِىِّ إِنْ أَرَادَ ٱلنَّبِىُّ أَن يَسْتَنكِحَهَا خَالِصَةً لَّكَ مِن دُونِ ٱلْمُؤْمِنِينَ ۗ قَدْ عَلِمْنَا مَا فَرَضْنَا عَلَيْهِمْ فِىٓ أَزْوَٰجِهِمْ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَـٰنُهُمْ لِكَيْلَا يَكُونَ عَلَيْكَ حَرَجٌ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ غَفُورًا رَّحِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy, Biz senga mahrlarini bergan juftlaringni, Alloh senga o`lja qilib bergan qo`l ostingdagi(cho`ri)larni, amakingning qizlari, ammalaringning qizlari, tog`angning qizlari, xolalaringning qizlaridan sen bilan hijrat qilganlarini halol qildik. Va agar bir mo`mina ayol o`z nafsini Nabiyga hadya etsa, Nabiy uni nikohlab olishni iroda qilsa, sen uchun maxsus halol qildik. Mo`minlarga emas. Ularga juftlari va qo`llari ostidagi mulk(cho`ri)lari haqida nimani farz qilganimizni bilurmiz. Buni senga tanglik bo`lmasligi uchun qildik. Alloh o`ta mag`firatli va o`ta rahimli Zotdir.Эй Набий, Биз сенга маҳрларини берган жуфтларингни, Аллоҳ сенга ўлжа қилиб берган қўл остингдаги(чўри)ларни, амакингнинг қизлари, аммаларингнинг қизлари, тоғангнинг қизлари, холаларингнинг қизларидан сен билан ҳижрат қилганларини ҳалол қилдик. Ва агар бир мўмина аёл ўз нафсини Набийга ҳадя этса, Набий уни никоҳлаб олишни ирода қилса, сен учун махсус ҳалол қилдик. Мўминларга эмас. Уларга жуфтлари ва қўллари остидаги мулк(чўри)лари ҳақида нимани фарз қилганимизни билурмиз. Буни сенга танглик бўлмаслиги учун қилдик. Аллоҳ ўта мағфиратли ва ўта раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Ey paygʻambar, albatta Biz siz uchun haqqi-mahrlarini bergan juftlaringizni, Alloh sizga (jangu jadallarda) oʻlja qilib bergan qoʻl ostingizdagi choʻrilaringizni, siz bilan birga hijrat qilgan amakingizning qizlarini va ammalaringizning qizlarini, togʻangizning qizlarini va xolalaringizning qizlarini yana (har qanday) moʻmina ayolni — agar u oʻzini paygʻambarga hadya etsayu, paygʻambar uni (haqqi mahr bermay) oʻz nikohiga olishni istasa (mazkur ayollarning barchasini Biz siz uchun) halol qildik. (Oʻzini hadya etgan ayolga haqqi mahrini bermasdan uylanish ijozati) moʻminlar uchun emas, xolis siz uchundir. Biz (moʻminlarga) juftlari va qoʻl ostilaridagi choʻrilari haqida farz qilgan hukmlarimiz esa aniq maʼlumdir. Toki sizga tanglik boʻlmasligi uchun (Biz sizga mazkur imtiyozlarni berdik). Alloh magʻfiratli va mehribon boʻlgan Zotdir.Эй пайғамбар, албатта Биз сиз учун ҳаққи-маҳрларини берган жуфтларингизни, Аллоҳ сизга (жангу жадалларда) ўлжа қилиб берган қўл остингиздаги чўриларингизни, сиз билан бирга ҳижрат қилган амакингизнинг қизларини ва аммаларингизнинг қизларини, тоғангизнинг қизларини ва холаларингизнинг қизларини яна (ҳар қандай) мўмина аёлни — агар у ўзини пайғамбарга ҳадя этсаю, пайғамбар уни (ҳаққи маҳр бермай) ўз никоҳига олишни истаса (мазкур аёлларнинг барчасини Биз сиз учун) ҳалол қилдик. (Ўзини ҳадя этган аёлга ҳаққи маҳрини бермасдан уйланиш ижозати) мўминлар учун эмас, холис сиз учундир. Биз (мўминларга) жуфтлари ва қўл остиларидаги чўрилари ҳақида фарз қилган ҳукмларимиз эса аниқ маълумдир. Токи сизга танглик бўлмаслиги учун (Биз сизга мазкур имтиёзларни бердик). Аллоҳ мағфиратли ва меҳрибон бўлган Зотдир.
Ushbu oyati karimada va bundan keyin keladigan ikki oyatda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qanday ayollarning nikohi durust ekani haqida, u zot sollallohu alayhi vasallam bilan turmush qurgan va quradigan ayollarga tegishli masalalar ustida soʻz yuritiladi.
«Ey Nabiy, Biz senga mahrlarini bergan juftlaringni» halol qildik.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu oyat nozil boʻlgan paytdagi mahrlarini bergan juftlari: Oisha onamiz– hazrati Abu Bakrning qizlari, Hafsa onamiz–hazrati Umarning qizlari, Ummu Habiba onamiz–Abu Sufyonning qizlari, Ummu Salama onamiz–Abu Umayyaning qizlari, Savda onamiz–Zamʼa qizlari, Zaynab onamiz–Xuzayma qizlari, Zaynab onamiz–Jahshning qizlari, Juvayriya onamiz–al-Horis qizlari va Sofiya onamiz–Hayy ibn Axtobning qizlari edilar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning ayollari orasida faqat Oisha onamizgina u zotga qiz hollarida turmushga chiqqanlar. Qolgan ayollariga esa Paygʻambar alayhissolatu vassalom, turli sabab va hikmatlarga binoan, yoshlari oltmishlar atrofida boʻlgan paytlarida uylanganlar. Buning ustiga, onalarimizning koʻplarining yoshlari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlaridan katta boʻlgan.
«...Alloh senga oʻlja qilib bergan qoʻl ostingdagi(choʻri)larni...» halol qildik.
Oʻsha paytda butun dunyoning odati shu edi. Choʻri xojasiga xotin oʻrnini ham bosar edi. Urushda asir tushgan ayollar choʻri qilinardi. Sofiya va Juvayriya onalarimiz urushda asir tushganlardan edilar. Lekin Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam ularni choʻri qilmadilar, oldin ozod etib, keyin nikohlab oldilar.
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Moriya Qibtiya degan choʻrilari boʻlgani maʼlum va mashhurdir. Moriya onamiz u zot sollallohu alayhi vasallamdan Ibrohim ismli oʻgʻil koʻrganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Moriya onamizni Misr podshohi Muqovqis hadya qilgan edi.
«...amakingning qizlari, ammalaringning qizlari, togʻangning qizlari, xolalaringning qizlaridan sen bilan hijrat qilganlarini halol qildik.»
Ularning hijrat qilmagan qizlariga uylanishing mumkin emas. Bu yerda nikohi halollar bildirib qoʻyilyapti, xolos. Buyruq berilmayapti. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Paygʻambarimiz bu toifaning faqat bittasiga–Zaynab binti Jahsh onamizga uylanganlar, xolos. Bu yerda, aslida, Allohning yoʻlida, dinu diyonat yoʻlida qilingan harakat–hijratning hurmati yuqori koʻtarilmoqda, xolos.
«Va agar bir moʻmina ayol oʻz nafsini Nabiyga hadya etsa, Nabiy uni nikohlab olishni iroda qilsa, sen uchun maxsus halol qildik. Moʻminlarga emas.»
Bu yerda gap valiysiz, mahrsiz va guvohsiz nikohlab olish haqida ketmoqda. Agar biror moʻmina ayol oʻz nafsini Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga hadya etsa, u zot oʻsha ayolni nikohlab olishni xohlasalar, valiysiz, mahrsiz va guvohsiz nikohlab olishlari mumkin. Lekin bunday nikoh moʻminlarga mumkin emas. Ular faqat valiy, mahr va guvoh bilan nikohlanishlari mumkin.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga koʻpgina ayollar oʻz nafslarini hadya etganlar. Ummu Shariyk, Xavla binti Hakim, Laylo binti al-Xotiym roziyallohu anholar shular jumlasidandir. Lekin Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam ularning birontasiga ham uylanmaganlar.
«Ularga juftlari va qoʻllari ostidagi mulk(choʻri)lari haqida nimani farz qilganimizni bilurmiz.»
Yaʼni, moʻminlarga xotinlari va choʻrilari haqida Oʻzimiz farz qilgan mahr, guvohlar, aqdi nikoh, toʻrttadan ortiq boʻlmaslik, shuningdek, choʻrilarga xos jihatlarni Oʻzimiz yaxshi bilurmiz.
«Buni senga tanglik boʻlmasligi uchun qildik.»
Yaʼni, ushbu oyatda zikr qilingan uylanish bobidagi oʻzinggagina xos–nikohda toʻrttadan ortiq ayolni ushlab turishni, mazkur toifa ayollarga uylanishni, choʻri tutishni, oʻz nafsini hadya qilgan xotinga mahrsiz, guvohsiz uylanishni senga tanglik boʻlmasligi uchun qildik.