QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
Al-Ahzab surasi · Oyatсураси · Оят52

لَّا يَحِلُّ لَكَ ٱلنِّسَآءُ مِنۢ بَعْدُ وَلَآ أَن تَبَدَّلَ بِهِنَّ مِنْ أَزْوَٰجٍ وَلَوْ أَعْجَبَكَ حُسْنُهُنَّ إِلَّا مَا مَلَكَتْ يَمِينُكَ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ رَّقِيبًا

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Senga bundan boshqa ayollar halol bo`lmas va ularga boshqa zavjalarni almashtirishing ham bo`lmas. Agar o`shalarning husni seni ajablantirsa ham. Magar qo`lingda mulk bo`lgan (cho`ri) bo`lsa mumkin. Alloh har bir narsani kuzatib turguvchi Zotdir.Сенга бундан бошқа аёллар ҳалол бўлмас ва уларга бошқа завжаларни алмаштиришинг ҳам бўлмас. Агар ўшаларнинг ҳусни сени ажаблантирса ҳам. Магар қўлингда мулк бўлган (чўри) бўлса мумкин. Аллоҳ ҳар бир нарсани кузатиб тургувчи Зотдир.Alauddin Mansour: (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), siz uchun bundan soʻng ayollar (yaʼni, mana shu ayollaringiz ustiga yana uylanishingiz) halol boʻlmas va garchi (boshqa) xotinlarning husni jamollari sizni qiziqtirsa ham ularni (oʻz ayollaringizga) almashtirish ham (yaʼni, ayollaringizni taloq qilib, ularni nikohingizga olish ham siz uchun halol boʻlmas). Magar siz ega boʻlgan choʻrilar (haloldir). Alloh barcha narsa ustida kuzatib turguvchi boʻlgan Zotdir.(Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), сиз учун бундан сўнг аёллар (яъни, мана шу аёлларингиз устига яна уйланишингиз) ҳалол бўлмас ва гарчи (бошқа) хотинларнинг ҳусни жамоллари сизни қизиқтирса ҳам уларни (ўз аёлларингизга) алмаштириш ҳам (яъни, аёлларингизни талоқ қилиб, уларни никоҳингизга олиш ҳам сиз учун ҳалол бўлмас). Магар сиз эга бўлган чўрилар (ҳалолдир). Аллоҳ барча нарса устида кузатиб тургувчи бўлган Зотдир.

425-sahifa · 22-juz · 43-hizb425-саҳифа · 22-жуз · 43-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
لَّاemasэмасيَحِلُّhalol boʻlurҳалол бўлурلَكَsengaсенгаٱلنِّسَآءُayollarаёлларمِنۢ-dan-данبَعْدُbundan keyinбундан кейинوَلَآva emasва эмасأَن-ishi-ишиتَبَدَّلَalmashtirishingалмаштиришингبِهِنَّulargaуларгаمِنْ-dan (boshqa)-дан (бошқа)أَزْوَٰجٍۢzavjalarniзавжаларниوَلَوْva agar ... boʻlsa hamва агар ... бўлса ҳамأَعْجَبَكَseni ajablantirsaсени ажаблантирсаحُسْنُهُنَّularning husniуларнинг ҳусниإِلَّاmagarмагарمَاnarsa (choʻri)нарса (чўри)مَلَكَتْmulk boʻlganмулк бўлганيَمِينُكَ ۗqoʻlingdaқўлингдаوَكَانَva erurва эрурٱللَّهُAllohАллоҳعَلَىٰustidanустиданكُلِّhar birҳар бирشَىْءٍۢnarsaнарсаرَّقِيبًۭاkuzatib turguvchiкузатиб тургувчи
TafsirТафсир

Imom Imoduddin Ismoil ibn Kasir oʻz tafsirlarida ushbu oyati karima xususida quyidagilarni yozadilar: «Koʻpgina ulamolar, jumladan, ibn Abbos, Mujohid, Zahhok, Qatoda, ibn Zayd, ibn Jarir va boshqalar: ushbu oyat Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalarini mukofotlash uchun, ulardan rozi boʻlganlik alomati sifatida nozil boʻlgandir,–deydilar.– Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulardan, avval aytib oʻtilganidek, ikki narsadan birini ixtiyor qilishni talab qilganlarida, goʻzal yoʻl tutib, Allohni, Uning Rasulini va oxirat diyorini ixtiyor qilganlari uchun mukofotdir. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ixtiyor qilganlarida mukofoti uchun Alloh taolo u zot sollallohu alayhi vasallamni ularga bogʻlab qoʻydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ulardan boshqaga uylanishni yoki ularning oʻrnini boshqa ayol bilan almashtirishni, agar oʻsha boshqa ayollarning husni u zotni hayratlantirsa ham, harom qilib qoʻydi. Magar choʻrilar va asiralar boʻlsa, u zot sollallohu alayhi vasallamga tanglik yoʻq edi.

Boshqa tafsirchilarimiz: onalarimiz bu dunyo hayoti va uning ziynatlarini xohlamay, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ixtiyor qilganlari uchun Alloh taolo ularni uch narsa bilan mukofotladi, deyishadi.

Birinchisi: ular hamma ayollardan ustun qoʻyildilar. Alloh taolo ularga: «Sizlar boshqa ayollardan birortasiga oʻxshamaysiz», dedi.

Ikkinchisi: ularni «moʻminlarning onalari» deb eʼlon etildi.

Uchinchisi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ularni taloq qilishni, ularni boshqalarga almashtirishni man etildi.

«Senga bundan boshqa ayollar halol boʻlmas...»

Yaʼni, hozir oʻzingga juftihalol boʻlib turgan ayollardan boshqasiga uylanish senga halol emas.

«...va ularga boshqa zavjalarni almashtirishing ham boʻlmas.»

Yaʼni, hozirgi ayollaringdan birortasini taloq qilib, oʻrniga boshqa ayolga uylanishing yoki birortasi vafot etsa ham, oʻrniga boshqa ayol olishing mumkin emas.

«Agar oʻshalarning husni seni ajablantirsa ham...»

Yaʼni, oʻsha, sen uylanmoqchi boʻlgan ayollarning husni-jamoli seni ajablantirib, uylanishni juda-juda xohlasang ham, mumkin emas.

«Magar, qoʻlingda mulk boʻlgan (choʻri) boʻlsa, mumkin.»

Yaʼni, hozir mavjud ayollaringning ustiga uylansang, boʻlmaydi. Ammo choʻri saqlasang, mumkin. Ulamolarimiz taʼkidlashlaricha, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga Moriya Qibtiya onamiz ushbu oyati karima nozil qilinganidan soʻng hadya etilganlar.

Islomda koʻp xotinlilikka ruxsat berilgani dushmanlarning behisob tuhmat va boʻhtonlariga vosita qilinganidek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning toʻrttadan koʻp xotinli boʻlganlari ham talay igʻvo va tuhmatlarga sabab boʻlgan.

Islom dushmanlarining bu borada toʻqigan boʻhtonlarining xulosasi quyidagichadir: «Muhammad shahvoniy odam boʻlgan, u lazzat uchun, shahvat uchun har narsani qilishga tayyor edi. Shuning uchun ham, bitta xotin bilan kifoyalanmay, oʻziga ergashganlarga joriy qilgan toʻrt xotinga ham qanoat qilmay, oʻnta xotin olgan», deganlar.

Bu tuhmatlarga ulamolarimiz juda qoniqarli javoblar berganlar.

Avvalo, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari u zot alayhissalom oltmish yoshga yaqinlashib qolganlarida koʻpaygan. Bu ham maʼlum hikmatlar yuzasidan. Qolaversa, onalarimizning koʻplari Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan katta yoshda boʻlishgan. Endi oʻylab koʻraylik, oltmishga yaqinlashib qolgan odam shahvoniy niyatda uylanadigan boʻlsa, oʻzidan katta yoshdagi kampirga uylanadimi?! Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam yoshlik chogʻlarida uylangan birinchi ayollari Xadiyja onamiz u kishidan oʻn besh yosh katta boʻlganlar. Yigitlik chogʻlari xuddi shu onamiz bilan birga kechgan. Xadiyja onamiz vafot etganlarida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ellik yoshda edilar. Qani bu yerda shahvat ortidan yurish? Oisha onamizdan boshqa onalarimiz bir yoki bir nechta erga tekkan ayollar edilar. Shahvatga berilgan odam shunday qiladimi?

Endi ayollari soniga kelaylik. Avval aytganimizdek, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam umrlarining koʻp qismini Xadiyja onamiz bilan oʻtkazdilar. Yigirma besh yil birga umr koʻrdilar. Xadiyja onamiz vafotlaridan soʻng yana uch yil Makkai Mukarramada yashadilar. Soʻngra hijrat qildilar. Hijratdan keyin ham ayollari darhol koʻpaygani yoʻq. Turli hodisalar, ilohiy hikmatlar taqozosiga koʻra onalarimizga uylanganlar. Mana, ushbu surada oʻrganganimiz Zaynab binti Jahsh onamizga uylanishlari ham hikmatga binoan, Allohning amri bilan, taxminan, u zot alayhissalomning ellik sakkiz yoshlarida sodir boʻldi.

Paygʻambarlar uchun koʻp xotinli boʻlish faqat Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xos emasligini ham bildik. U kishidan avvalgi Paygʻambarlar ham koʻp xotinli boʻlishgan. Paygʻambarlik maqomi shuni talab qilgan boʻlsa, ajab emas. Dovud alayhissalomning yuzta, Sulaymon alayhissalomning uch yuzta xotinlari boʻlgani aytildi.

Turli ijtimoiy, siyosiy, taʼlimiy, qonuniy va boshqa hikmatlarga koʻra Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari soni toʻqqiztaga yetgan boʻlsa, hech ajablanadigan joyi yoʻq. Avvalo, din taʼlimotlari va hukmlarini musulmon ummatining ayollariga yetkazish va Paygʻambarlik xonadonini boshqarib turish uchun toʻrtta ayol emas, koʻproq ayollar boʻlganlari maʼqul. Islomdan oldin xotinlar soni chegaralanmagan edi. Kim nechta xohlasa, shunchaga uylanaverardi. Bu borada erkaklarning ishtahalarini chegaralab, bir erkak bir vaqtning oʻzida toʻrttadan ortiq ayolga er boʻla olmasligini Islom hukm qildi. Bu chegarani Qurʼoni Karim qoʻydi. Bu haqda «Niso» surasining oyatlari nozil boʻlganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari toʻqqizta edi. Ularning har biri «Moʻminlarning onasi» deb Alloh tomonidan allaqachon atab qoʻyilgan edi. Buning ustiga, mabodo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning toʻrttadan ortigʻini taloq qilsalar, boshqa erga tegishlari mumkin emas edi. Alloh buni man qilgan. Ularga uylanishlaridan koʻzlangan hikmat ham botilga aylanar edi. Shuning uchun, Alloh taoloning Oʻzi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamni toʻrt xotinli boʻlish hukmidan istisno qildi. Yaqindagina oʻrganib oʻtgan oyatimiz bilan ulardan boshqaga uylanishlarini ham man etdi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari koʻp boʻlishining turli hikmatlari borligi avval ham aytib oʻtildi. Bu hikmatlar ikki turga boʻlinadi: umumiy hikmatlar va xususiy hikmatlar. Umumiy hikmatlar quyidagilardan iborat:

1. Taʼlim-tarbiyaga oid hikmatlar.

Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning ayollari soni koʻpayishi, asosan, Islom ummati ayollariga dinu diyonat va shariat ahkomlarini oʻrgatuvchi ustozlar tayyorlash bilan bogʻliq boʻlgan. Maʼlumki, Islom ijtimoiy hayotning barcha sohasini, kattayu kichigini ilohiy qonun asosida qaytadan qurib chiqdi. Jamiyatning yarmi esa, ayollardan iborat. Umumiy taʼlimni Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam bersalar ham, uning koʻpgina qirralarini ayollarga ayol kishi yetkazishi kerak edi. Shu sababdan, Paygʻambarimizning risolatini ayollarga toʻkis yetkazishda onalarimiz xizmat qilganlar. Ular bu ishni sharaf bilan uddalaganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eng koʻp hadis rivoyat qilgan shaxs Abu Hurayra roziyallohu anhu boʻlsalar, ikkinchi oʻrinda Oisha onamiz turadilar. Shuni eslashning oʻzi kifoya boʻlsa kerak. Buning ustiga, Paygʻambarimizning sunnatlari faqat gaplaridan iborat emas. Ul zot sollallohu alayhi vasallamning qilgan amallari va iqrorlari ham sunnatdir. Onalarimiz Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga yashashlari davomida u zotdan koʻrgan amal va holatlarini ham Islom ummatiga yetkazganlar.

2. Shariat qonunlarini joriy qilish bilan bogʻliq hikmatlar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari koʻp boʻlishining yana bir hikmati baʼzi sharʼiy hukmlarni joriy qilishda koʻrinadi. Bunga ushbu surada oʻrganib oʻtgan oyatlarimiz yorqin misoldir. Johiliyatda keng tarqalgan «asrandi bola tutish» odatini botil qilib, uning oʻrniga islomiy hukmni joriy etish uchun Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga oʻzlarining asrandi oʻgʻillari Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu taloq qilgan Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhoga uylanishni buyurdi. Bu nikohda hech qanday shahvoniy maqsad boʻlmay, bosh masala johiliyat qonunini botil qilib, Islom qonunini joriy etishdir.

3. Ijtimoiy hikmatlar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollari koʻp boʻlishining umumiy hikmatlaridan yana biri ijtimoiy masalalarda koʻrinadi. Misol uchun, u zot sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamizga uylanishlarini olaylik. Bunda ijtimoiy aloqalarni mustahkamlash hikmati bordir. Abu Bakr roziyallohu anhuning Islomga, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qilgan fidokorliklarini taqdirlash, oʻrtadagi aloqani yanada mustahkamlash uchun u kishining qizlariga uylanganlar. Xuddi shu gapni hazrati Umar roziyallohu anhuning qizlari Hafsa onamizga uylanishlari haqida ham aytishimiz mumkin.

4. Siyosiy hikmatlar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning baʼzi ayollarga uylanishlarida siyosiy hikmatlar ham bor. Ul zotning baʼzi onalarimizga uylanishlari sabab boʻlib, baʼzi qabilalar, jamoa va toifalar Islomga kirgan, musulmonlar yanada kuchayganlar.

Misol uchun, Bani Mustalaq qabilasi bilan boʻlgan urushda Juvayriya binti al-Horis onamiz asirga tushadilar. U kishi fidya– toʻlov toʻlab, asirlikdan ozod boʻlmoqni istab, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yordam soʻraydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishi uchun fidya berib, oʻzlari uylanish niyatlari borligini aytadilar. Juvayriya onamiz rozi boʻladilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Juvayriya onamizga uylanganlarini koʻrgan musulmonlar, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam kuyovi boʻlgan qavmni asirlikda ushlab turamizmi, deb barcha bani mustalaqlik asirlarni ozod qiladilar. Bunday oliyjanoblik va mardlikni koʻrgan Bani Mustalaq qabilasi birdan Islomga kiradi.

Mavzu munosabati ila shu yerda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari, onalarimiz roziyallohu anholar haqlarida qisqacha toʻxtalaylik:

1. Xadiyja binti Xuvaylid roziyallohu anho: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam birinchi ayollari Xadiyja onamiz roziyallohu anhoga uylanganlarida yigirma besh yoshda, Xadiyja onamiz esa, qirq yoshda edilar. Koʻrinib turibdiki, bu nikohdan koʻzlangan bosh maqsad shahvoniy maqsad emas. Alloh taolo Oʻz hikmati ila Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamni Paygʻambarlikni qabul qilib olishga shu tariyqa tayyorlagan. Darhaqiqat, Jabroil alayhissalom birinchi bor vahiy olib kelganida, u zot sollallohu alayhi vasallamga eng birinchi iymon keltirgan inson Xadiyja onamiz boʻldilar.

Keyinchalik ham eng ogʻir paytlarda Xadiyja onamiz Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga eng ishonchli yordamchilardan boʻldilar. Oʻzlarining mol-mulklarini, jamiyatdagi obroʻlarini, bor imkoniyatlarini Islom yoʻlida sarfladilar. Oʻsha paytda Xadiyja onamiz oʻrinlarida tajribasiz yosh kelin boʻlganida, bunday oqilona ishlarni qila olarmidi, yoʻqmidi–Alloh biladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining gullagan yoshlik chogʻlarini Xadiyja onamiz bilan oʻtkazdilar. U kishi bilan yigirma besh yil umr kechirdilar. Xadiyja onamiz vafot etgan yilni «mahzunlik yili» deb eʼlon qildilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizning ustlariga xotin olmadilar. U kishi alayhissalom Xadicha onamizni oʻta yaxshi koʻrganlar va qadrlaganlar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam Xadiyja onamiz haqlarida: «Allohga qasamki, Alloh menga uning oʻrniga undan yaxshirogʻini bermadi. Odamlar menga kufr keltirganida, u menga iymon keltirdi. Odamlar meni yolgʻonchi qilganlarida, u meni tasdiqladi. Odamlar mendan narsalarini berkitganida, u molini men uchun sarfladi. Alloh taolo menga boshqa ayollardan emas, undan farzand berdi», degan edilar.

2. Savda binti Zamʼa roziyallohu anho: Savda onamiz avval asSakron ibn Amr al-Ansoriy degan kishi bilan turmush qurgan edilar. U onamizning yoshlari ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yoshlaridan katta boʻlgan. Savda onamiz erlari bilan Habashistonga hijrat qilgan Islom fidoyilaridan edilar. U yerdan Makkai Mukarramaga qaytib kelganlarida erlari vafot etadi. Katta yoshli ayol, Islom uchun jonini fido qilgan inson yolgʻiz, qarovsiz qoladi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam ana oʻsha keksa ayolning koʻnglini koʻtarish uchun hamda onasidan yetim qolgan kichkina Fotimaga qarab turishi uchun oʻzlariga nikohlab oladilar. Agar Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahvat uchun uylanadigan boʻlsalar, dunyodagi eng goʻzal qizlarni ota-onalari u zot alayhissalomga jon deb tutadigan bir paytda oltmishning atrofidagi beva ayolni nikohlariga olar edilarmi? Rivoyat qilinishicha, Savda onamiz semizgina ayol boʻlganlar. U kishining kichik Fotimaga qarashda, uy ishlariga urinishda oʻngʻaysizlanishlarini koʻrib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qilib qoʻyar ekanlar.

3. Oisha binti Abu Bakr Siddiq roziyallohu anho: Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qiz holatida uylangan birdan-bir xotinlari Oisha onamizdir. Oisha roziyallohu anho onalarimiz ichidagi eng zakovatli, yodlashga qobiliyatli, ilmlisi edilar. Ulugʻ sahobalar ham oʻzlari yecha olmagan masalalarda Oisha onamizga murojaat qilishardi. Oisha onamiz Abu Hurayradan keyin eng koʻp hadis rivoyat qilgan, fiqh, tib va sheʼr ilmida ham tengsiz zotdirlar. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning Oisha onamizga uylanishlarida, yuqorida aytib oʻtganimizdek, Abu Bakr Siddiq roziyallohuning anhuning Islom uchun, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam uchun koʻrsatgan cheksiz fidokorliklaridan minnatdorlik kayfiyati ham bor edi.

4. Hafsa binti Umar ibn Xattob roziyallohu anho: Hafsa onamizning avvalgi erlari Xunays ibn Xuzofa roziyallohu anhu edi. U kishi eng jasur va shijoatli pahlavonlardan boʻlib, Badr urushida shahid ketdilar. Shundan keyin hazrati Umar qizini hazrati Abu Bakr va hazrati Usmon ikkovlaridan biriga bermoqchi boʻldilar. Ammo Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam u kishiga ulugʻ iltifot koʻrsatib, qizlari Hafsani oʻz nikohlariga oldilar. Hafsa onamiz ham olima boʻlganlar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan koʻplab hadislar rivoyat qilganlar.

5. Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho: U kishining avvalgi erlari Islom yoʻlidagi dastlabki shahid pahlavonlardan biri Ubayda ibn al-Horis roziyallohu anhu edi. U kishi Badr urushidagi yakkama- yakka olishuvda shahid boʻlgan. Bu paytda Zaynab onamiz yarador mujohidlarga yordam berardilar. U kishi erlari shahid boʻlganiga qaramasdan, to musulmonlar urushda gʻolib kelgunlaricha tinim bilmadilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zaynab binti Xuzayma onamizning jihodlari, sabrlari va jasoratlarini, Allohning dini yoʻlidagi fidokorliklarini taqdirlab va erlari shahid boʻlib, yolgʻiz qolganini bilganlaridan keyin nikohlariga oldilar. Oʻsha paytda Zaynab onamiz oltmish yoshda edilar. Bu nikohni shahvat uchun deb aytib boʻladimi?! Ikki yildan soʻng Zaynab onamiz vafot etdilar, Alloh u kishidan rozi boʻlsin.

6. Zaynab binti Jahsh roziyallohu anho: U kishi avval Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlari, keyin qaysi hikmatlar yuzasidan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga zavja boʻlganlari haqida yuqorida batafsil gapirildi. Zaynab binti Jahsh onamizning Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuga nikohlanishlari ham Allohning amri bilan boʻlgan edi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nikohlanishlari ham Alloh taolo nozil qilgan oyati karima bilan boʻldi.

7. Ummu Salama Hind binti Umayya al-Maxzumiya roziyallohu anho: Ummu Salama onamiz oʻzlarining birinchi erlari Abdulloh ibn Abdul Asad roziyallohu anhu bilan Habashistonga hijrat qilib, Islom yoʻlidagi fidokorlar safidan oʻrin olishgan edi. Erlari Uhud jangida shahid boʻlgach, toʻrt bolasi bilan tul va qarovsiz qoladi. Ana shu holatlarni eʼtiborga olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini nikohlariga olmoqchi boʻlganlarida, uzr aytib, yetimlarim bor, oʻzim qari va rashkchiman, dedilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetimlarni tarbiyalariga olmoqchi ekanliklarini, yoshning ahamiyati yoʻqligini va rashk koʻtarilishi uchun duo qilishlarini aytdilar. Ummu Salama onamizning ham boshqa onalarimiz kabi fazilatlari, yaxshi xislatlari va xizmatlari juda koʻp. Ayniqsa, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga tadbirli fikr bilan maslahat berganlari mashhurdir. Xususan, Hudaybiya sulhi chogʻida.

8. Ummu Habiba Ramla binti Abu Sufyon roziyallohu anho: Bu onamiz ham Habashistonga hijrat qilgan mujohidlardan edilar. Erlari Ubaydulloh ibn Jahsh Habashistonda vafot etadi. Olis yurtlarda yaqin kishisidan ayrilib, yolgʻizlik ichida qolgan moʻminaning koʻnglini koʻtarish uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uylanishga qaror qildilar. Habashiston podshohi Najoshiydan Ummu Habibaga sovchi boʻlib borishini soʻraydilar. Najoshiy bu iltimosni amalga oshiradi va Ummu Habiba onamizga Paygʻambarimizning nomlaridan toʻrt ming dirham mahr beradi. Ummu Habiba onamizning otalari Abu Sufyon oʻsha paytda Islomning va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning eng ashaddiy dushmani edi. Shunga qaramay, u bu nikohdan xursand boʻldi. Albatta, bu ish Abu Sufyonning dushmanligini kesish yoʻlida xizmat qilganiga shubha yoʻq.

9. Juvayriya binti al-Horis roziyallohu anho: Juvayriya onamiz Bani Mustalaq qabilasi boshligʻi al-Horis ibn Zirorning qizi edilar. U kishining avvalgi erlari Muso ibn Safvon degan odam edi. Juvayriya onamizning urushda asir tushganlari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini ozod qilib, oʻz nikohlariga olganlari va shu sababdan bani mustalaqliklarning hammasi musulmon boʻlganlari haqida yuqorida aytib oʻtildi.

10. Sofiya binti Hayy ibn Axtob roziyallohu anho: Xaybarda u kishining erlari musulmonlarga qarshi urushda qatl etilib, oʻzlari asirga tushdilar. Musulmonlar Bani Qurayza qabilasining ulugʻi Hayy ibn Axtobning qizi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga munosib, deb asira Sofiyani u zot sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib kelishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sofiyaga ikki narsani taklif qildilar. Yo uni asirlikdan ozod qilib, nikohlariga oladilar yoki shunday ozod qilib yuboradilar va u borib, qarindoshlariga qoʻshilib oladi. Sofiya onamiz birinchi taklifni qabul qilib, avvaldan Islomga kirmoqchi boʻlib yurganlarini aytdilar.

11. Maymuna binti al-Horis al-Xiloliya roziyallohu anho: Bu onamizning nomlari Barra boʻlgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maymuna deb oʻzgartirganlar. U kishining avvalgi erlari Abu Rahm ibn Abdul Uzzo boʻlgan. Maymuna onamiz roziyallohu anho Paygʻambarimiz nikohlariga olgan oxirgi ayol boʻlib, hazrati Abbosning tavsiyalariga binoan uylanganlar. Bu nikoh Rasulullohga katta yordam koʻrsatgan Bani Hilol qabilasini taqdirlash va Maymuna onamizning oʻzlariga yaxshilik qilish uchun boʻlgan edi. Maymuna onamiz onalarimiz ichida eng taqvodorlari va silai rahmni koʻp qiladigani edilar.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollariga nisbatan aloqalari va maqomlari bayonidan keyin, endi keladigan oyatlarda moʻmin-musulmonlarning bu sharafli maqomga, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga hamda zavjai mutohharalariga qanday muomalada boʻlishlari lozimligi taʼlim beriladi: