إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَـٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِىِّ ۚ يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ صَلُّوا۟ عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا۟ تَسْلِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring.Албатта, Аллоҳ ва Унинг фаришталари Набийга саловот айтурлар. Эй, иймон келтирганлар! Сиз ҳам унга саловот айтинг ва салом юборинг.Alauddin Mansour: Albatta Alloh ham, Uning farishtalari ham paygʻambarga duoyu salavot ayturlar. Ey moʻminlar, sizlar ham u zotga salovot va salomlar aytinglar!Албатта Аллоҳ ҳам, Унинг фаришталари ҳам пайғамбарга дуою салавот айтурлар. Эй мўминлар, сизлар ҳам у зотга саловот ва саломлар айтинглар!
Ushbu oyati karima Paygʻambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning qadr-qimmatlari Alloh taoloning huzurida qanchalar ulugʻ ekanini yana bir bor koʻrsatmoqda. Boshqa birov emas, Alloh taoloning Oʻzi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishi taʼkidlanmoqda. Arab tilida «salovot» soʻzi «salot»ning jami boʻlib, duo maʼnosini anglatadi. Arabchada namoz ham «salot» deyiladi. Chunki, namozda ham duo maʼnosi bor. Ammo «salot» Alloh taolo tomonidan boʻlganida «duo» maʼnosini yoʻqotadi. Alloh taoloning Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishining maʼnosi, u zot sollallohu alayhi vasallamga Oʻz rahmatini yuborishi, ulugʻlashi, maqomlarini koʻtarishi va farishtalar huzurida shaʼnlariga maqtovlar aytishini anglatadi.
Farishtalarning Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishlari, u zoti bobarakot haqlariga duo qilishlari, istigʻfor aytishlari maʼnosida boʻladi.
Moʻmin-musulmonlarning Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishlari esa, ular tomonidan boʻlgan duo va ulugʻlash maʼnosidadir.
Demak, Alloh taolo doimo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Oʻz rahmatini yuborib, u zot sollallohu alayhi vasallamdan rozi ekanini bildirib, u zot sollallohu alayhi vasallamga maqtovlar aytib turar ekan.
Farishtalar ham u zot sollallohu alayhi vasallamga Allohdan rahmat, salomatlik, rozilik soʻrab, duo qilib turishar ekan.
Oyati karimada taʼkidli xabardan keyin moʻminlarga:
«Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring», deb amr qilinmoqda.
Bu amrga binoan, har bir moʻmin uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish va salom yuborish farz boʻlib qoladi. Bu xususdagi bahslarda ulamolarimiz, umrda bir marta yoki har bir majlisda bir marta yoki u zot sollallohu alayhi vasallamning nomlari har zikr qilinganida bir marta salovot aytish kerak, deganlar.
Amalda esa, oxirgisi–har nomlari zikr qilinganida salovot aytish urf boʻlgan. Alloh taolo Qurʼoni Karimda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishni amr qilgan ekan, bu salovot qanday qilib aytiladi, degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Jumladan, xuddi shu savol ushbu oyat nozil boʻlganidan keyinoq sahobai kiromlarda paydo boʻlgan.
Imom Buxoriy va imom Muslim Kaʼb ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladiki:
«Bir odam: «Ey, Allohning Rasuli, sizga salom berishni-ku bilamiz, ammo salovot aytish qanday boʻladi?» dedi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Allohumma solli ala Muhammadin va ala oli Muhammadin, kama sollayta ala Ibrohiyma va ala oli Ibrohiym. Innaka hamiydummajiyd. Allohumma barik ala Muhammadin va ala oli Muhammadin, kama barokta ala Ibrohiyma va ala oli Ibrohiym. Innaka hamiydum-majiyd», deb ayt», dedilar.
Boshqa hadislarda ham bir oz farqli siygʻalar kelgan. Shundan koʻrinib turibdiki, bir xil soʻzlar bilan salovot aytish shart emas. Turli soʻzlar, turli iboralar bilan, aytsa ham, boʻlaveradi. Eng muhimi, albatta aytish kerak.
Baʼzi kishilarda, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning Oʻzi salovot aytib tursa, Uning farishtalari salovot aytib tursa, moʻminlarning salovotiga nima hojat bor, degan savol paydo boʻlishi mumkin.
Bu savolga javob shulki: Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning moʻminlar salovotiga ehtiyojlari yoʻq. Balki moʻminlar u zotga salovot aytishga muhtojdirlar. Ular ushbu salovotlari ila Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni ulugʻlab, savob oladilar. Duolari qabul boʻladi. Murodlariga yetadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal va imom ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Omir ibn Robiʼaning otalari quyidagilarni aytadilar: «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning: «Kim menga salovot aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salovotining barobarida salovot aytib turadilar. Banda salovotni, xohlasa, oz aytsin, xohlasa, koʻp», deganlarini eshitdim».
Boshqa bir hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Kim menga bir marta salovot aytsa, Alloh unga oʻn marta salovot aytadi», deganlar.
Qurʼon tilovati va Allohning zikridan keyin Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytish eng savobli ishlardan hisoblanadi. Chunki, bu narsa Alloh taoloning amri. Shuning uchun ham, namozning tashahhudida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salovot aytiladi. Imom Shofiʼiy: «Tashahhudda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytilmasa, namoz namoz boʻlmaydi», deganlar.
Imom Nasaiy va imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda Abu Talha roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Bir kuni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam yuzlaridan quvonch balqigan holda keldilar.
Biz:
«Yuzingizda quvonch koʻrmoqdamiz!» dedik. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Chunki, huzurimga farishta kelib: «Ey Muhammad, albatta, Robbing ayturki: «Kim senga salovot aytsa, albatta, Men unga oʻn marta salovot aytishim, kim senga salom aytsa, Men unga oʻn marta salom aytishim seni rozi qilmaydimi?» dedi», deb xabar berdilar.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga koʻp salovot aytganlardir», deganlar.
Ushbu maʼnodagi hadisi shariflar juda ham koʻpdir. Asrlar davomida musulmonlar ushbu oyatga va hadislarga chin ixlos bilan amal qilib kelmoqdalar. Namozlarida oʻz Paygʻambarlari sollallohu alayhi vasallamga salovot aytmoqdalar. U zoti bobarakotning nomi shariflari zikr etilishi bilan salovot aytishga shoshiladilar. Ahli solih kishilarning Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga salovot aytishdan iborat kundalik vazifalari ham bor.
Aksincha, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning nomlari zikr qilinsa-yu, u zotga salovot aytilmasa, musulmonlarning nadomatga yoʻliqishlariga sabab boʻladi.
Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari Imom Termiziy va imom Nasaiy rivoyat qilgan hadisda:
«Kimning huzurida men zikr qilinsam-u, u menga salovot aytmasa, oʻsha odam baxildir», deganlar.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning muborak nomlari zikr etilganida, u zot alayhissolatu vassalomga salovot aytmaslik shunchalik yomon boʻlsa, u kishiga ozor berish qanchalik boʻlarkin?!