يَـٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِىُّ قُل لِّأَزْوَٰجِكَ وَبَنَاتِكَ وَنِسَآءِ ٱلْمُؤْمِنِينَ يُدْنِينَ عَلَيْهِنَّ مِن جَلَـٰبِيبِهِنَّ ۚ ذَٰلِكَ أَدْنَىٰٓ أَن يُعْرَفْنَ فَلَا يُؤْذَيْنَ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ غَفُورًا رَّحِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey Nabiy, juftlaringga, qizlaringga va mo`minlarning ayollariga ayt: jilboblarini o`zlariga yaqin qilsinlar. Ana o`sha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir. Alloh o`ta mag`firatli va rahimli Zotdir.Эй Набий, жуфтларингга, қизларингга ва мўминларнинг аёлларига айт: жилбобларини ўзларига яқин қилсинлар. Ана ўша уларнинг танилмоқлари ва озорга учрамасликлари учун яқинроқдир. Аллоҳ ўта мағфиратли ва раҳимли Зотдир.Alauddin Mansour: Ey paygʻambar, juftlaringizga, qizlaringizga va moʻminlarning ayollariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini oʻrasinlar! Mana shu ularning (choʻri emas, balki ozod ayollar ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vositadir). Alloh magʻfiratli va mehribon boʻlgan Zotdir.Эй пайғамбар, жуфтларингизга, қизларингизга ва мўминларнинг аёлларига айтинг, устларига ёпинчиқларини ўрасинлар! Мана шу уларнинг (чўри эмас, балки озод аёллар эканликлари) танилиб, озорланмасликлари учун энг яқин (воситадир). Аллоҳ мағфиратли ва меҳрибон бўлган Зотдир.
Ushbu oyatda Alloh taolo Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga avvalo oʻz juftlari va qizlariga jilboblarini oʻzlariga yaqinlashtirishni buyurishga amr etmoqda. Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari va qizlarining sharaflari ulugʻ boʻlgani uchun bu ishni hammadan oldin ular qilmoqlari lozimdir.
Jilbob ustdan kiyiladigan yoki yopiladigan keng kuylak yoki libosdir. Moʻmina ayolni boshqa ayollardan ajratib turadigan bu kiyim turli musulmon oʻlkalarda turlicha boʻlgan. Lekin hammasi ham moʻmina ayolni yomon koʻzdan saqlash, uni boshqa ayollardan ajratish kabi vazifalarni ado etgan.
Johiliyat davrida ayollar ochiq-sochiq yurishar edi. Turli kiyimlar kiyib, koʻcha-kuyda erkaklarning eʼtiborini oʻzlariga tortishga harakat qilishardi. Shuning uchun, fosiq va fojirlar duch kelgan ayollarning ortlaridan tushishgan, gap otishgan, turli qiliqlar qilishgan. Oʻsha fosiq va fojirlarga moʻminlar eʼtiroz bildirib, Islom dini moʻmina ayollarga bunday munosabatda boʻlishni man qilganini aytganlarida, ular, biz bularning moʻmina ekanini bilmabmiz, moʻmina emas, balki choʻri boʻlsa kerak, deb oʻylabmiz, deyishgan.
Ushbu oyati karima nozil boʻlganidan keyin esa, sharoit tamoman oʻzgargan.
Imom ibn Abu Hotim Ummu Salama onamizdan qilgan rivoyatda u kishi roziyallohu anho:
«Jilboblarini oʻzlariga yaqin qilsinlar» oyati nozil boʻlganidan keyin, ansoriylarning ayollari qora rangli kiyim yopinib, xuddi boshlarida qargʻa oʻtirgandek sokinlik bilan chiqardilar», deganlar.
Ha, islomiy hijob kiyimi moʻmina ayollarning moʻminalik alomatlari–belgilaridir. Bu narsa oyatda ham taʼkidlanmoqda.
«Ana oʻsha ularning tanilmoqlari va ozorga uchramasliklari uchun yaqinroqdir.»
Yaʼni, jilboblariga oʻranib, yopinchiq yopinib yurishlari, moʻmina ayollarning boshqalardan ajrab, moʻminaliklari tanilmogʻi uchun yaqinroqdir. Ularning fosiq va fojirlarning ozoriga uchramasliklariga yaqinroqdir.
Ushbu oyati karima tafsirida mashhur tafsirchilardan al-Suddiy quyidagilarni aytadilar:
«Madiyna ahlining baʼzi fosiq odamlari kechasi boʻlishi bilan shahar koʻchalariga chiqib, ayollarning yoʻllarini toʻsar edilar. Madiyna ahlining maskanlari tor edi. Ayollar qazoi hojatga kechasi tashqariga chiqardilar. Fosiqlar shuni kutib turar edilar. Keyin jilbob yopingan ayolni koʻrsalar, bu hur ekan, deb oʻzlarini tiyadigan, jilbobi yoʻq ayolni koʻrsalar, bu choʻri ekan, deb unga tashlanadigan boʻldilar».
Bu gapga izohning hojati yoʻq. Har kim oʻzi tushunib olsa, boʻladi, deb oʻylaymiz.
«Alloh oʻta magʻfiratli va rahimli zotdir.»
Ushbu oyat nozil boʻlgunicha oʻtgan amallarni Oʻzi kechiradi. Bu boradagi hisob-kitob oyat nozil boʻlganidan keyin boshlanadi.
Agar shunda ham kofirlar, munofiqlar, fosiq va fojirlar moʻmin va moʻminalarga ozor berishdan toʻxtamasalar, unda Alloh taolo boshqacha chora koʻradi: