إِنَّا عَرَضْنَا ٱلْأَمَانَةَ عَلَى ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ وَٱلْجِبَالِ فَأَبَيْنَ أَن يَحْمِلْنَهَا وَأَشْفَقْنَ مِنْهَا وَحَمَلَهَا ٱلْإِنسَـٰنُ ۖ إِنَّهُۥ كَانَ ظَلُومًا جَهُولًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog`larga taklif qildik. Bas, ular uni ko`tarishdan bosh tortdilar va undan qo`rqdilar. Uni inson ko`tardi. Darhaqiqat, u o`ta zolim va o`ta johildir.Албатта, Биз бу омонатни осмонларга, ерга ва тоғларга таклиф қилдик. Бас, улар уни кўтаришдан бош тортдилар ва ундан қўрқдилар. Уни инсон кўтарди. Дарҳақиқат, у ўта золим ва ўта жоҳилдир.Alauddin Mansour: Albatta Biz bu omonatni (yaʼni, shariati Islomiyyadagi toat-ibodatlarni) osmonlarga, Yerga va togʻu toshlarga koʻndalang qilgan edik, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar. Inson esa uni oʻz zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (oʻziga) zulm qilguvchi va nodon edi (yaʼni, bu omonatning naqadar vazmin yuk ekanligini butun koinot bildi va uni koʻtarishga qurbi yetmasligini sezdi, ammo inson oʻzi bilmagan holda oʻta mushkul vazifani oʻz zimmasiga oldi).Албатта Биз бу омонатни (яъни, шариати Исломийядаги тоат-ибодатларни) осмонларга, Ерга ва тоғу тошларга кўндаланг қилган эдик, улар уни кўтаришдан бош тортдилар ва ундан қўрқдилар. Инсон эса уни ўз зиммасига олди. Дарҳақиқат, у (ўзига) зулм қилгувчи ва нодон эди (яъни, бу омонатнинг нақадар вазмин юк эканлигини бутун коинот билди ва уни кўтаришга қурби етмаслигини сезди, аммо инсон ўзи билмаган ҳолда ўта мушкул вазифани ўз зиммасига олди).
«Omonat» soʻzi «amana» feʼlining masdari–ish-harakat nomi boʻlib, «ishonib topshirilgan narsa» maʼnosini anglatadi. Ushbu oyati karimada Alloh taoloning omonati, birortaga ishonib topshiriladigan narsasi borligi tushuniladi. Bu omonat nima edi, degan savolga ulamolarimiz ushbu oyatdan va boshqa turli manbalardan kelib chiqib: «Shariat takliflari va Allohning farzlari», deb javob beradilar. Boshqacha qilib aytganda, Alloh taoloning Oʻz haqqiga, insonlarning haqqiga va boshqa maxluqotlarning haqqlariga bogʻliq amrlarini, nahyilarini, koʻrsatma-taʼlimotlarini va hukmlarini oʻz joyiga qoʻyish boʻyicha uning ishongan vakili boʻlish taklifi, demakdir. Bu esa, oʻz ixtiyori bilan boʻladigan narsadir. Yaʼni, oʻsha takliflarni amalga oshiradiganlar oʻz hurriyatiga–xohlasa, amal qilib, xohlamasa, qilmaslik ixtiyoriga ega boʻladi. Ushbu oyatdan Alloh taolo mazkur omonatni Oʻzining turli maxluqlariga taklif qilgani bilinadi.
«Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va togʻlarga taklif qildik.»
Alloh taolo shariat takliflarini, farzlarini, Oʻz amr va nahyilarini qabul qilishni Oʻzi yaratgan cheksiz, mustahkam osmonlarga taklif qilgan. Bepoyon, turli mavjudotlarni, maxluqotlarni oʻz ichiga olgan yerga taklif qilgan. Sabotli va serviqor togʻlarga taklif qilgan.
«Bas, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar.»
Bu omonatni koʻtarish shunchalik ogʻir ediki, hatto shunday ulkan, pishiq, quvvatli va umri uzun osmonlar, zamin va togʻlar ham uni koʻtarishdan qoʻrqdilar. Bu omonatni uddalab, oʻrniga qoʻya olishlariga koʻzlari yetmadi. Ixtiyoriy boʻlib, omonatni boʻyinlariga olishning oʻrniga, ixtiyorsiz boʻlib, doimiy ravishda oʻzlari uchun Alloh taolo qoʻygan chegaradan qilcha ham chetga chiqmay yurishni afzal koʻrdilar.
«Uni inson koʻtardi.»
U omonatni inson koʻtardi. Cheksiz osmonlar koʻtarishdan qoʻrqqan omonatni ularning ostida yashaydigan kichik zarra–inson koʻtardi. Ulkan va qadimiy yer koʻtarishdan qoʻrqqan omonatni uning ustida yashayotgan umri qisqa, kichik bir jonzot–inson koʻtardi.
Salobat va quvvat ramzi boʻlgan togʻlar koʻtarishdan qoʻrqqan omonatni ularning orasida yashaydigan koʻrimsiz va zaif bir maxluq–inson koʻtardi.
«Darhaqiqat, u oʻta zolim va oʻta johildir.»
Darhaqiqat, inson jinsi (hamma emas, albatta) oʻta zolimdir. Oʻziga yuklatilgan va oʻzi qabul qilgan omonatga muvofiq ish yuritmasdan oʻziga oʻzi zulm qiladi.
Inson jinsi oʻta johildir, shuning uchun, oʻzi rozi boʻlib, qabul qilib olgan omonatning ulkanligini bilmasdan, unga xiyonat qiladi. Inson zulm qilavermasdan, oʻziga yuklatilgan omonatni ado etsin. Inson johil boʻlavermasdan, oʻziga yuklatilgan omonatning qanchalik nozik ekanini tushunib yetsin. Axir, unga osmonlar, yer va togʻlar koʻtarishdan qoʻrqqan omonat yuklatilgan-a! Bu esa: