ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ فَاطِرِ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ جَاعِلِ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةِ رُسُلًا أُو۟لِىٓ أَجْنِحَةٍ مَّثْنَىٰ وَثُلَـٰثَ وَرُبَـٰعَ ۚ يَزِيدُ فِى ٱلْخَلْقِ مَا يَشَآءُ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ قَدِيرٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Hamdu sano osmonlaru yerni yo`qdan bor qilgan, farishtalarni ikki, uch, to`rt qanotli elchilar qilgan Allohga bo`lsin. U zot maxluqotlarda nimani xohlasa, ziyoda qilur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.Ҳамду сано осмонлару ерни йўқдан бор қилган, фаришталарни икки, уч, тўрт қанотли элчилар қилган Аллоҳга бўлсин. У зот махлуқотларда нимани хоҳласа, зиёда қилур. Албатта, Аллоҳ ҳар бир нарсага қодирдир.Alauddin Mansour: Hamdu-sano osmonlar va Yerni ilk yaratguvchi hamda (Oʻzi bilan bandalari oʻrtasida) farishtalarni ikki, uch, toʻrt qanotli elchilar (vositachilar) qilguvchi Alloh uchundir. U zot (yaratgan) mahluqotida Oʻzi xohlagan narsani ziyoda qilur. Albatta Alloh barcha narsaga qodirdir.Ҳамду-сано осмонлар ва Ерни илк яратгувчи ҳамда (Ўзи билан бандалари ўртасида) фаришталарни икки, уч, тўрт қанотли элчилар (воситачилар) қилгувчи Аллоҳ учундир. У зот (яратган) маҳлуқотида Ўзи хоҳлаган нарсани зиёда қилур. Албатта Аллоҳ барча нарсага қодирдир.
Dunyodagi hamma hamdu sano, maqtov va olqish faqat yagona Alloh taoloning Oʻzigagina xosdir. Chunki, U
«osmonlaru yerni yoʻqdan bor qilgan» zotdir. Osmonlar... Ularning koʻpligini, osmon emas, osmonlar ekanini Qurʼondan bilamiz, xolos. Ilmning choʻqqisiga chiqqanini daʼvo qilayotgan bugungi inson osmonlarning hammasini emas, aqalli oʻziga eng yaqin osmonni ham toʻliq tushunib yeta olgani yoʻq. Insonning oʻzi oʻsha eng yaqin osmon ichiga singib ketgan. Bu osmonning chegarasi qayerda ekanini bilolmay hayron. Uning mohiyatini anglab yetolmay parishon. Shunday boʻlgach, bitta osmon emas, osmonlarni yoʻqdan bor qilib, inson idroki yetmaydigan darajada ulkan va mustahkam, bekamu koʻst yaratgan zotga–Alloh taologa qancha koʻp hamdu sano aytilsa, shuncha oz.
Alloh yerni ham yoʻqdan bor qilib yaratgan zotdir. Mavjud moddalarni bir-biriga qoʻshib nimanidir hosil qilish yaratish emas. Aslida hech narsasi boʻlmagan narsani paydo qilish yaratishdir. Alloh taolo inson haligacha mohiyatiga toʻliq yeta olmayotgan yerni yoʻqdan bor qilgan zotdir. Undagi barcha mavjudotlarni, jumladan, insonni ham yaratgan zotdir.
Shunday ulugʻ Zotga hamdu sano (maqtov-olqish) aytilmay, kimga aytilsin?! Dunyodagi barcha hamdu sano, maqtov-olqish:
«...farishtalarni ikki, uch, toʻrt qanotli elchilar qilgan Allohga boʻlsin».
Farishtalar Alloh yaratgan oʻziga xos zotlardir. Boshqa oyatlarda ularning tabiatlari, ado etadigan vazifalari va boshqa xususiyatlari haqida soʻz yuritilgan. Bu oyatda ularning jismoniy tuzilishlarining bir qismi, yaʼni, ikki, uch, toʻrt qanotli boʻlishlari haqida gap ketmoqda. Biz «qanotli maxluqot» deganda qushlarni tushunamiz. Ularda ikkita qanot boʻladi. Ammo farishtalar ichida ikkitadan koʻp qanotlilari ham boʻlar ekan. Lekin farishtalarning asl tuzilishlarini Allohning Oʻzi biladi. Alloh taolo bilan bandalari oʻrtasida elchilik vazifasini oʻtagan Jabroil alayhissalom Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga turli holatlarda koʻringan. Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, Hazrati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomni asl xilqatlarida ikki marta koʻrganlar. Birinchi marta Hiro gʻoridan tushib kelayotib, vodiyda qanotlari bilan osmonni toʻsib turganida koʻrganlar. Ikkinchi marta Isro kechasida koʻrganlar. Oʻshanda olti yuzta qanoti borligi, har bir qanoti magʻrib bilan mashriqqa yetishi aytilgan. Bundan farishtalar faqat ikki, uch, toʻrt qanotli emas, undan koʻp qanotli ham boʻlishlari mumkinligi anglashiladi. Oyatda qanot soni chegaralanayotgani yoʻq, balki ularning koʻp boʻlishi aytilayotibdi. Shuning uchun ham, oyatning davomida:
«U zot maxluqotlarda nimani xohlasa, ziyoda qilur», deyilmoqda.
Lekin bu holat faqat farishtalarga emas, balki Alloh taolo yaratgan barcha maxluqotlarga tegishlidir. Zotan, bu dunyoda butun olamlar va ulardagi narsalarni faqat Alloh taolo yaratgandir. Yoʻqdan bor qiluvchi oʻsha Zot istagan narsasini koʻpaytiradi.