لِيُوَفِّيَهُمْ أُجُورَهُمْ وَيَزِيدَهُم مِّن فَضْلِهِۦٓ ۚ إِنَّهُۥ غَفُورٌ شَكُورٌ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Chunki, U zot ularga ajrlarini to`liq qilib berur va O`z fazlidan ziyoda ham qilur. Albatta, U o`ta mag`firatli va Shakur(oz amal uchun ko`p savob beruvchi)dir.Чунки, У зот уларга ажрларини тўлиқ қилиб берур ва Ўз фазлидан зиёда ҳам қилур. Албатта, У ўта мағфиратли ва Шакур(оз амал учун кўп савоб берувчи)дир.Alauddin Mansour: Zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va Oʻz fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta, U magʻfiratli va oʻta shukr qilguvchidir (yaʼni, ozgina yaxshi amal uchun koʻp mukofot ato qilguvchidir).Зеро, (Аллоҳ) уларнинг ажрларини комил қилиб берур ва Ўз фазлу-карамидан уларга яна зиёда (мукофотлар) ҳам берур. Албатта, У мағфиратли ва ўта шукр қилгувчидир (яъни, озгина яхши амал учун кўп мукофот ато қилгувчидир).
Bu ikki oyatda Alloh taolo moʻmin bandalarining baʼzi sifatlari va ularga beriladigan mukofotlar haqida soʻz yuritmoqda.
«Albatta, Allohning kitobini tilovat qiladiganlar...»
Allohning kitobi Qurʼoni Karimni tilovat qilish unga koʻz yugurtirib chiqish yoki yodlab olgan joyini shuursiz takrorlash emas. Qurʼon tilovati uni butun vujud bilan his etgan holda tadabbur ila oʻqib, unga amal qilishdir. Allohning kitobi Qurʼoni Karimni tilovat qilish har bir moʻminning burchidir. Kim ham Allohning kitobi tilovatini bilmay turib bandalik daʼvosini qiladi? Qurʼon tilovati har bir moʻminning kundalik vazifasi boʻlishi kerak. Oddiy kishilar uchun ulamolarimiz har kuni bir poradan oʻqib turishni tavsiya qiladilar. Shunda bir oyda Qurʼoni Karim bir marta oʻqib chiqiladi. Har bir moʻmin Qurʼonni boshidan oxirigacha oʻqishni oʻrganib, undan bir porani kundalik vazifa qilib olishi kerak. Ha, Qurʼon tilovati nihoyatda zarur. Shuning uchun ham, oyatda moʻminlar sifatlari ichida birinchi oʻrinda Qurʼon tilovati kelmoqda. Avval aytib oʻtilganidek, haqiqiy tilovat, zikr qilingan hukmlarga amal etishga chorlovchi tilovatdir. Shuning uchun ham, tilovatdan keyin,
«namozni toʻkis ado etib» degan sifat kelmoqda. Namozni toʻkis ado etish moʻmin kishining asosiy sifatlaridan biridir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Biz bilan bizdan boshqalarning orasidagi farq namozdir», deganlar.
«Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq qilganlar...»
Alloh bergan rizqdan Allohning yoʻlida infoq qilish ham moʻmin-musulmonlarning sifati sanaladi. Musulmonlar doimo shu sifatlari bilan boshqalardan ajralib turganlar.
Ana shu ishlarni bajarganlar, Allohning kitobini tilovat qilib, namozni toʻkis ado etib, Alloh yoʻlida infoq-ehson qilgan moʻmin-musulmonlar:
«hargiz kasodga uchramaydigan tijoratdan umidvor boʻlurlar».
Chunki, ular Alloh taolo bilan savdolashmoqdalar. Alloh taolo bilan tijorat qilganlar hech qachon kasodga uchramaganlar va uchramaydilar ham.
«Chunki, U zot ularga ajrlarini toʻliq qilib berur va Oʻz fazlidan ziyoda ham qilur.»
Demak, bu tijorat nafaqat kasodga uchramaydigan, balki doimo foyda keltiradigan tijoratdir. Bu tijorat bilan shugʻullanganlar juda ham baxtli insonlardir.
«Albatta, U oʻta magʻfiratli va Shakur(oz amal uchun koʻp savob beruvchi)dir.»
Yaʼni, Alloh taolo oʻta magʻfiratli zotdir. Qurʼon tilovat qilgan, namozni toʻkis ado etgan, infoq-ehson qilganlarning gunohlarini magʻfirat etadi.
Alloh taolo oʻta shukr qilguvchi, bandalarining shukrlarini qabul etguvchi va neʼmatlarini ziyoda qilguvchi zotdir.