وَمَن نُّعَمِّرْهُ نُنَكِّسْهُ فِى ٱلْخَلْقِ ۖ أَفَلَا يَعْقِلُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kimning umrini uzoq qilsak, uni xilqatida nochor qilib qo`yamiz. Axir, aql ishlatib ko`rmaydilarmi?!Кимнинг умрини узоқ қилсак, уни хилқатида ночор қилиб қўямиз. Ахир, ақл ишлатиб кўрмайдиларми?!Alauddin Mansour: Biz kimga (uzun) umr bersak uning xilqatini (jismu-jonini) tuban — nochor qilib qoʻyurmiz. Axir aql yurgizmaydilarmi (yaʼni, bir kishining surat va siyratida yosh-yalangligi bilan qari-qartangligi oʻrtasida naqadar katta farq borligini koʻrib ibrat olmaydilarmi)?!Биз кимга (узун) умр берсак унинг хилқатини (жисму-жонини) тубан — ночор қилиб қўюрмиз. Ахир ақл юргизмайдиларми (яъни, бир кишининг сурат ва сийратида ёш-яланглиги билан қари-қартанглиги ўртасида нақадар катта фарқ борлигини кўриб ибрат олмайдиларми)?!
Odam bolasining umri qancha uzaysa, u shuncha qarib, zaiflashib boradi. Bu esa, dunyo hayoti oʻtkinchi ekanining, baqosi yoʻqligining yorqin dalilidir. Aqlini ishlatib, bu haqiqatni anglab, iymonga kelib, ibodat bilan oʻtgan moʻminlar qariganlari sari rohatlari koʻpayib boradi. Hayotda qolishni ibodat qilish va savob ishlash uchun fursat, deb xursand boʻladilar. Jannatga va Allohning roziligiga yetishish umidida oʻlimni xursand boʻlib kutib oladilar. Kofirlar esa, aqllarini ishlatmaganlari uchun, bu masalada katta qiyinchilikda qoladilar. Shuning uchun ham, oyatda:
«Axir, aql ishlatib koʻrmaydilarmi?!» deyilmoqda.
Agar uzoq umr koʻrib, faqat nochorlikka qaytish mumkinligi haqida aql ishlatib koʻrsalar, iymonga kelishlari kerak edi. Ammo aql ishlatmadilar. Kofirliklarida qoldilar. Shu bois, qariganlarida boshlariga qiyin kun tushadi. Qoʻllaridan bir ish kelmay qoladi. Hatto, bor-yoʻqlarini sarf qilganlari bu dunyo hayotidan ham zavq ololmaydilar. Hayot ular uchun azobga aylanadi. Oʻlimni oʻylash esa, azob ustiga azob boʻladi.
Surai karimaning qolgan oyatlarida vahiy va uning xususiyatlari, Allohning yagona maʼbudligi va oʻlgandan keyin qayta tirilish masalalari yangitdan arz qilinadi: