أَفَمَن شَرَحَ ٱللَّهُ صَدْرَهُۥ لِلْإِسْلَـٰمِ فَهُوَ عَلَىٰ نُورٍ مِّن رَّبِّهِۦ ۚ فَوَيْلٌ لِّلْقَـٰسِيَةِ قُلُوبُهُم مِّن ذِكْرِ ٱللَّهِ ۚ أُو۟لَـٰٓئِكَ فِى ضَلَـٰلٍ مُّبِينٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh ko`ksini Islomga keng qilib ochib qo`ygan shaxs o`z Robbidan bo`lgan nurda emasmi?! Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy bo`lsin! Ana o`shalar ochiq-oydin zalolatdadirlar.Аллоҳ кўксини Исломга кенг қилиб очиб қўйган шахс ўз Роббидан бўлган нурда эмасми?! Аллоҳни зикр қилишдан қалблари қотиб қолганларга вой бўлсин! Ана ўшалар очиқ-ойдин залолатдадирлар.Alauddin Mansour: Axir Alloh koʻksini Islom uchun keng qilib qoʻygan, bas, oʻzi Parvardigori tomonidan bir nur — hidoyat ustida boʻlgan kishi (kufr zulmatlarida adashib-uloqib yurgan kimsa bilan barobar boʻlurmi)?! Bas, dillari Allohni eslashdan qotib qolgan (yaʼni, Allohni eslashni tark qilgan) kimsalarga halokat boʻlgay! Ular ochiq zalolatdadirlar!Ахир Аллоҳ кўксини Ислом учун кенг қилиб қўйган, бас, ўзи Парвардигори томонидан бир нур — ҳидоят устида бўлган киши (куфр зулматларида адашиб-улоқиб юрган кимса билан баробар бўлурми)?! Бас, диллари Аллоҳни эслашдан қотиб қолган (яъни, Аллоҳни эслашни тарк қилган) кимсаларга ҳалокат бўлгай! Улар очиқ залолатдадирлар!
Ushbu oyati karimada moʻmin qalb bilan kofir qalbning orasidagi farq ochiq-oydin bayon qilinadi.
«Alloh koʻksini Islomga keng qilib ochib qoʻygan shaxs oʻz Robbidan boʻlgan nurda emasmi?!»
Albatta, Alloh taolo kimning qalbini Islomga keng ochib qoʻysa, oʻsha odamning qalbi ilohiy nur ila toʻladi, yaʼni, uning qalbi toʻla nur boʻladi. Oʻsha nurli qalb oʻz hayot yoʻlini ham Islom nuri bilan yoritadi. Har bir ishida, har bir tasarrufida unga toʻgʻri yoʻl koʻrsatib turadi.
«Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy boʻlsin!»
Ular Allohni zikr qila olmaydilar. Chunki, qalblari tosh boʻlib qotib qolgan. Qotgan tosh ichini nur yoritmaydi. Ularning qalbiga Islom nuri ham, iymon nuri ham kirmaydi. Allohning zikri nuri kirmaydi. Ana oʻshalarga voy boʻlmay, kimning holiga voy boʻlsin?!
«Ana oʻshalar ochiq-oydin zalolatdadirlar.»
Ochiq-oydin adashuvdadirlar. Ularning yoʻlini yoritadigan nurlari yoʻq. Shuning uchun ham, qorongʻuda adashib, halokat yoʻliga yurib ketadilar. Oqibatda hollariga voy boʻladi.
Aslida esa, Alloh taolo bandalariga nurni, hidoyatni Qurʼon orqali tushirib qoʻygan edi.