أَلَيْسَ ٱللَّهُ بِكَافٍ عَبْدَهُۥ ۖ وَيُخَوِّفُونَكَ بِٱلَّذِينَ مِن دُونِهِۦ ۚ وَمَن يُضْلِلِ ٱللَّهُ فَمَا لَهُۥ مِنْ هَادٍ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh O`z bandasiga yetarli emasmi?! Ular seni Undan boshqalar bilan qo`rqiturlar. Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hech bir hidoyat qilguvchi yo`q.Аллоҳ Ўз бандасига етарли эмасми?! Улар сени Ундан бошқалар билан қўрқитурлар. Кимни Аллоҳ залолатга кетказса, бас, унинг учун ҳеч бир ҳидоят қилгувчи йўқ.Alauddin Mansour: Alloh Oʻz bandasiga (yaʼni, Muhammad alayhis-salotu vas-salomga, u kishini barcha balo-qazodan asrash uchun) yetarli emasmi?! (Ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), ular sizni (Allohdan) oʻzga butlari bilan qoʻrqiturlar. Kimni Alloh yoʻldan ozdirsa, bas, uning uchun biron hidoyat qilguvchi boʻlmas.Аллоҳ Ўз бандасига (яъни, Муҳаммад алайҳис-салоту вас-саломга, у кишини барча бало-қазодан асраш учун) етарли эмасми?! (Эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), улар сизни (Аллоҳдан) ўзга бутлари билан қўрқитурлар. Кимни Аллоҳ йўлдан оздирса, бас, унинг учун бирон ҳидоят қилгувчи бўлмас.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam mushriklarni Alloh taoloning tavhidiga chaqirib, ularning turli soxta xudolarini ayblaganlarida, ular: «Muhammad xudolarimizni soʻkishdan toʻxtamasa, unga, albatta, yomonlik yetadi», deb u zot sollallohu alayhi vasallamni qoʻrqitmoqchi boʻlganlar. Ushbu oyat shu munosabat ila tushgan ekan. Garchi xos sabab bilan nozil boʻlsa ham, maʼnosi umumiydir.
«Alloh Oʻz bandasiga yetarli emasmi?!»
Eng qudratli, yolgʻiz Xoliq, yolgʻiz Homiy, yolgʻiz Roziq boʻlgan Allohning vahdoniyatiga ishongan banda uchun Allohning Oʻzi yetarli emasmi? Alloh u bilan boʻlgandan keyin u banda kimdan qoʻrqadi? Kimdan xavfsiraydi?
«Ular seni Undan boshqalar bilan qoʻrqiturlar.»
Allohdan boshqaning qoʻlidan nima kelar edi? Allohning himoyasida turgan bandaga ular nima zarar yetkaza olar edilar? Lekin zalolatdagi mushriklar bu haqiqatni tushunib yetmaydilar.
«Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hech bir hidoyat qilguvchi yoʻq.»
Shuning uchun, zalolatida davom etib yuraveradi.