خَلَقَ ٱلسَّمَـٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ بِٱلْحَقِّ ۖ يُكَوِّرُ ٱلَّيْلَ عَلَى ٱلنَّهَارِ وَيُكَوِّرُ ٱلنَّهَارَ عَلَى ٱلَّيْلِ ۖ وَسَخَّرَ ٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ ۖ كُلٌّ يَجْرِى لِأَجَلٍ مُّسَمًّى ۗ أَلَا هُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْغَفَّـٰرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U osmonlaru yerni haq ila yaratgan, kechani kunduz ustiga o`raydigan, kunduzni kecha ustiga o`raydigan, quyosh va oyni bo`ysundiradigan Zotdir. Har biri belgilangan muddatcha yurmoqda. Ogoh bo`lingkim, U aziyzu o`ta mag`firatli Zotdir.У осмонлару ерни ҳақ ила яратган, кечани кундуз устига ўрайдиган, кундузни кеча устига ўрайдиган, қуёш ва ойни бўйсундирадиган Зотдир. Ҳар бири белгиланган муддатча юрмоқда. Огоҳ бўлингким, У азийзу ўта мағфиратли Зотдир.Alauddin Mansour: U osmonlar va Yerni haq (qonun) bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustiga oʻrar, kunduzni kechaning ustiga oʻrar. U quyoshni ham, oyni ham (Oʻz amriga) boʻysundirib qoʻygandir. (Ularning) har biri maʼlum muddatgacha joriy boʻlur. Ogoh boʻlingizkim, U qudratli va benihoya magʻfiratli Zotdir.У осмонлар ва Ерни ҳақ (қонун) билан яратгандир. У кечани кундузнинг устига ўрар, кундузни кечанинг устига ўрар. У қуёшни ҳам, ойни ҳам (Ўз амрига) бўйсундириб қўйгандир. (Уларнинг) ҳар бири маълум муддатгача жорий бўлур. Огоҳ бўлингизким, У қудратли ва бениҳоя мағфиратли Зотдир.
Ushbu oyatda Alloh taoloning hech bir sherikka, farzandga mutlaqo hojati yoʻqligi bayon qilinmoqda. Alloh taoloning vahdoniyatining dalillari eslatilmoqda.
«U osmonlaru yerni haq ila yaratgan...»
Botil ila yaratgani yoʻq. Avval Qurʼonni haq bilan tushirganini xabar qilgan edi. Endi osmonlaru yerni haq ila yaratganini aytmoqda. Demak, Alloh taolo har bir ishni haq bilan qiladi. Uning ishida botil boʻlmaydi. Hamma ishi haq boʻladi. Jiddiy boʻladi. Aniq maqsadni koʻzlagan boʻladi. Qurʼonning haq ila nozil qilinishi Allohning tavhidiga dalil boʻlganidek, osmonlaru yerning haq bilan yaratilishi ham Alloh taoloning vahdoniyatiga ochiq dalildir. Osmonlarga nazar solgan odam ulardagi muvofiqlik-mutanosibliklarni koʻrib, ularning yaratuvchisi yakkayu yagona ekanini darhol fahmlaydi. Yerga bir nazar solgan odam ham Alloh taoloning vahdoniyatini darhol anglaydi. Bu ishda Uning sherigi yoʻqligini tushunib yetadi.
«...kechani kunduz ustiga oʻraydigan, kunduzni kecha ustiga oʻraydigan...»
Bu jumlada kecha bilan kunduzning almashinib turishi xuddi bir-birining ustidan oʻrab qoʻyishga oʻxshatilmoqda. Kecha kelayotganda asta-sekin kunduzning ustiga oʻralib-oʻralib chiqib borayotganga oʻxshaydi. Bu jarayon yerning dumaloqligi va oʻz oʻqi atrofida aylanishi, quyoshga nisbatan holatining oʻzgarishi tufayli kechadi. Dunyo vujudga kelganidan buyon mazkur jarayon tinmay, oʻzgarmay takrorlanib turishi Allohning vahdoniyatiga yorqin dalildir. Agar Allohning sherigi boʻlsa, bunday boʻlmas edi.
«...quyosh va oyni boʻysundiradigan zotdir.»
Alloh taolo quyoshni ham, oyni ham Oʻziga boʻysundirgan. Bu ish ham Uning vahdoniyati dalilidir. Agar sheriklari boʻlganida, hech boʻlmasa bittasi, bu narsalar menga boʻysunsin, deyishi mumkin edi.
«Har biri belgilangan muddatcha yurmoqda.»
Quyosh ham, oy ham oʻziga belgilangan joyda, oʻziga belgilangan vaqt ila ketmoqda. Har ikkisi ham belgilangan muddat tomon ketmoqda. Albatta, ular oʻz-oʻzidan harakatga kelmaydi. Hozirgacha biror shaxs, ularni men boshqarmoqdaman, deb daʼvo ham qilmagan. Millionlab yillar davomida ularning bir soniyaga ham, bir milga ham xato qilmay bir xil harakatda boʻlib turishlari Alloh taoloning vahdoniyatiga va har bir narsaga qodirligiga dalolatdir.
Ey odamlar, mazkur ishlarga razm soling, Alloh taoloning vahdoniyatiga qoyil qoling. Faqat U zotning Oʻziga ibodat qiling.
«Ogoh boʻlingkim, U aziyzu oʻta magʻfiratli zotdir.»
Alloh aziyzdir–hammadan gʻolibdir. Jumladan, Oʻzining vahdoniyatiga shak keltiruvchi mushriklardan ham gʻolib. Ayni choqda, Alloh oʻta magʻfiratlidir. Vaqtida tavba qilib oʻzini oʻnglab olganlarning avvalgi gunohlarini kechadi.