خَلَقَكُم مِّن نَّفْسٍ وَٰحِدَةٍ ثُمَّ جَعَلَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَأَنزَلَ لَكُم مِّنَ ٱلْأَنْعَـٰمِ ثَمَـٰنِيَةَ أَزْوَٰجٍ ۚ يَخْلُقُكُمْ فِى بُطُونِ أُمَّهَـٰتِكُمْ خَلْقًا مِّنۢ بَعْدِ خَلْقٍ فِى ظُلُمَـٰتٍ ثَلَـٰثٍ ۚ ذَٰلِكُمُ ٱللَّهُ رَبُّكُمْ لَهُ ٱلْمُلْكُ ۖ لَآ إِلَـٰهَ إِلَّا هُوَ ۖ فَأَنَّىٰ تُصْرَفُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: U sizlarni bir jondan yaratdi. So`ngra undan juftini qildi va sizlarga chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi. U sizni onalaringiz qornida uch zulmat ichida bir yaratishdan keyin yana boshqa yaratishga o`tkazib, asta yaratadir. Ana o`sha Alloh Robbingizdir. Barcha mulk Unikidir. Undan o`zga hech bir ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, qayon burilib ketmoqdasiz?!У сизларни бир жондан яратди. Сўнгра ундан жуфтини қилди ва сизларга чорва ҳайвонларидан саккиз жуфтни туширди. У сизни оналарингиз қорнида уч зулмат ичида бир яратишдан кейин яна бошқа яратишга ўтказиб, аста яратадир. Ана ўша Аллоҳ Роббингиздир. Барча мулк Уникидир. Ундан ўзга ҳеч бир ибодатга сазовор зот йўқ. Бас, қаён бурилиб кетмоқдасиз?!Alauddin Mansour: U sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi, soʻngra undan juftini (yaʼni, Havvoni paydo) qildi va sizlar uchun chorva hayvonlaridan sakkizta juftni tushirdi (yaʼni, dunyoga keltirdi). U sizlarni onalaringizning qornida uch (qavat) zulmat ichida asta-sekin yaratur. Mana shu Alloh Parvardigorlaringizdir. Barcha podshohlik yolgʻiz Unikidir. Hech qanday iloh yoʻq, magar Uning Oʻzigina bordir. Bas, (ana oʻsha Zotga ibodat qilmay) qayoqqa burilib ketmoqdasizlar-a?!У сизларни бир жондан (Одамдан) яратди, сўнгра ундан жуфтини (яъни, Ҳаввони пайдо) қилди ва сизлар учун чорва ҳайвонларидан саккизта жуфтни туширди (яъни, дунёга келтирди). У сизларни оналарингизнинг қорнида уч (қават) зулмат ичида аста-секин яратур. Мана шу Аллоҳ Парвардигорларингиздир. Барча подшоҳлик ёлғиз Уникидир. Ҳеч қандай илоҳ йўқ, магар Унинг Ўзигина бордир. Бас, (ана ўша Зотга ибодат қилмай) қаёққа бурилиб кетмоқдасизлар-а?!
Ey odamlar, oʻzingiz haqingizda oʻylab koʻring. Qachon va qayerdan paydo boʻldingiz? Sizni kim yaratdi? Qanday qilib? Hozir erkak bilan ayolning qoʻshilishidan dunyoga kelib, nasli davom etib kelayotgan odamzotning boshlanish nuqtasi qachon va qayerda, qanday boʻlgan? Bilmasangiz, bilib qoʻying!
«U sizlarni bir jondan yaratdi.»
Avval bir jon yaratdi. Odam alayhissalomning jonini yaratdi.
«Soʻngra undan juftini qildi...»
Odamdan uning jufti Havvoni paydo qildi. Bu ham, albatta, Alloh taoloning vahdoniyatiga yorqin dalildir.
«...va sizlarga chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi.»
Chorva hayvonlaridan sakkiz jufti–tuya, mol, qoʻy va echkidan bir juft-bir juft ekanligi boshqa oyatlarda aytilgan. Bu chorva hayvonlari oʻzidan-oʻzi paydo boʻlib qolgani yoʻq. Hozirgacha boshqa hech kim, ularni men yaratdim, deb daʼvo ham qilgani yoʻq. Qila olmaydi ham. Ularni yagona Alloh taoloning Oʻzigina yaratgan va bu haqda Oʻzi xabar qilmoqda. Bu ish ham Alloh taoloning vahdoniyatiga yorqin dalildir.
«U sizni onalaringiz qornida uch zulmat ichida bir yaratishdan keyin yana boshqa yaratishga oʻtkazib, asta yaratadir.»
Inson oʻzini oʻzi yarata olmaydi. Yaratish u yoqda tursin, bolasi homila shaklida qachon paydo boʻla boshlaganini ham bilmaydi. Homila alomatlari paydo boʻlganidagina, uni aniqlashga tushadi.
Insonni ona qornida yaratadigan zot–Alloh. Hozirgacha biror kimsa, insonni ona qornida men yarataman, deb daʼvo qilgani yoʻq, qila olmaydi ham. Faqat yakkayu yagona Alloh taologina yaratadi. Bu ish ham U zotning vahdoniyatiga yorqin dalildir.
Ushbu oyatda Alloh taolo insonni ona qornida uch zulmat ichida yaratganining xabarini bermoqda. Uch zulmat nima? Tafsirchi ulamolarimiz bu savolga, uch zulmatning biri homilani oʻrab turuvchi parda, ikkinchisi bachadon, uchinchisi qorin, deb javob berganlar. Ilmiy taraqqiyot bu javobni yana ham aniqlashtirdi. Mutaxassis olimlar oʻtkazgan tekshirishlardan homilani oʻrab turuvchi parda uch qavat ekani maʼlum boʻldi. Alloh taoloning:
«onalaringiz qornida uch zulmat ichida», degani bejiz emas ekan. Qorinning ichida uch zulmat, uch qavat pardani yaratgan kim? Nima uchun bir emas, ikki emas yoki toʻrt emas, aynan uch qavat? Shuning oʻzi Alloh taoloning vahdoniyatiga dalil emasmi?
Insonni ona qornida bir yaratishdan keyin yana boshqasiga oʻtkazib yaratish deganda esa, bosqichma-bosqich, asta-sekin mukammal inson holiga keltirish tushuniladi. Avval boshda nutfa boʻldi. Oʻsha nutfani ham Alloh yaratdi. Boshqa hech kim emas. Boshqa yaratuvchi boʻlsa, men yarataman, deb aytsin. Bir tomchi suvdan iborat nutfaga insonlik xususiyatlarini joylagan ham Alloh taolodir. Boshqa hech kim joylagan emas. Keyin oʻsha suv tuxumga taʼsir qilib, urchib, zuluk shakliga kirib, bachadonga yopishadi. Bunga arab tilida «alaqa» deyiladi. Oʻsha alaqani ham Alloh taolo paydo qiladi. Unga ham insonlik xususiyatlarini Alloh taolo joylaydi. Uning bachadonga yopishishi ham Allohning irodasi bilan boʻladi. Soʻngra oʻsha zuluksifat alaqa chaynalgan goʻshtga oʻxshash narsaga aylanadi, undan inson shakllana boshlaydi, suyak paydo boʻladi va hokazo. Bularning hammasi Allohning irodasi bilan boʻladi. Hech kim va hech nima bu jarayonga aralasha olmaydi. Hatto homilador ayol ham qoʻlidan biror ish kelmay, eson-omon tugʻib olishini tilab yuraveradi. Bu ishlar Alloh taoloning vahdoniyatiga yorqin dalildir.
«Ana oʻsha Alloh Robbingizdir.»
Mana shu ishlarni qilgan xoliq va mohiru mudabbir Alloh sizning Robbingizdir. Tarbiyachingiz, yaratuvchingiz, rizq beruvchingizdir, butun tadbirlaringizni qilib turadigan zotdir.
«Barcha mulk Unikidir.»
Alloh borliqdagi barcha mulkka egalik qiladi. U zot xohlaganicha tasarruf etadi. Xohlaganini yaratadi. U zot xohlaganini yoʻqotadi. Bu ishlar esa, oʻz navbatida, Allohning vahdoniyatiga dalolat qiladi.
«Undan oʻzga hech bir ibodatga sazovor zot yoʻq.»
Undan boshqa hech bir yaratuvchi boʻlmagach, Undan boshqa ibodatga sazovor hech bir zot ham yoʻq. Shuning uchun, ey odamlar, faqat Alloh taoloning Oʻzigagina ibodat qilishingiz lozim.
«Bas, qayon burilib ketmoqdasiz?!»
Allohga ibodat qilmay, qayon ketmoqdasiz?! Koʻra-bila turib, Allohning yoʻlidan qayon burilib ketmoqdasiz?! Burilib ketsangiz, ketavering. Oʻzingizga qiyin!