وَإِذَا ضَرَبْتُمْ فِى ٱلْأَرْضِ فَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ أَن تَقْصُرُوا۟ مِنَ ٱلصَّلَوٰةِ إِنْ خِفْتُمْ أَن يَفْتِنَكُمُ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓا۟ ۚ إِنَّ ٱلْكَـٰفِرِينَ كَانُوا۟ لَكُمْ عَدُوًّا مُّبِينًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yer yuzida javlon urganingizda, kufr keltirganlar sizga fitna qilishidan xavf qilsangiz, namozni qasr qilib ado etmog`ingizda gunoh yo`qdir. Albatta, kofirlar sizga ochiq dushmandirlar.Ер юзида жавлон урганингизда, куфр келтирганлар сизга фитна қилишидан хавф қилсангиз, намозни қаср қилиб адо этмоғингизда гуноҳ йўқдир. Албатта, кофирлар сизга очиқ душмандирлар.Alauddin Mansour: (Ey moʻminlar), safar qilib boshqa Yerlarga borganingizda agar kofirlar fitnasidan qoʻrqsangiz, namozingizni qasr (qisqa) qilib oʻqishingizning gunohi yoʻqdir. Chunki kofirlar sizlarga ochiq dushman boʻlgan kimsalardir.(Эй мўминлар), сафар қилиб бошқа Ерларга борганингизда агар кофирлар фитнасидан қўрқсангиз, намозингизни қаср (қисқа) қилиб ўқишингизнинг гуноҳи йўқдир. Чунки кофирлар сизларга очиқ душман бўлган кимсалардир.
Albatta, har bir safarda, xususan, jihod va hijrat safarida turli qiyinchiliklar bilan birga, xavfu xatar ham boʻladi. Ayni chogʻda, safardagi odam oddiy holatdagidan koʻra Alloh taologa bogʻliq boʻlishga koʻproq muhtojlik sezadi. Ayniqsa, jihodga va hijratga chiqqan odam hammadan koʻra Alloh taolo bilan doimiy bogʻlanishga ehtiyojlidir. Shu narsalar eʼtiboridan namoz safarda batamom bekor qilinmagan, lekin qisqartirilgandir. Musofir odam toʻrt rakʼatli namozni qisqartirib, ikki rakʼatdan oʻqiydi.
Safarda namozni qasr qilib oʻqish haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan koʻpgina hadisi shariflar rivoyat qilingan boʻlib, ulardan bir nechtasini eslatib oʻtamiz.
Yaʼlo ibn Umayya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Men Umar ibn Xattobga: «Yer yuzida javlon urganingizda, kufr keltirganlar sizga fitna qilishidan xavf qilsangiz, namozni qasr qilib ado etmogʻingizda gunoh yoʻqdir», batahqiq odamlar emin boʻldilar?» dedim. U:
«Men ham, sen ajablangan narsadan ajablanib, u haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan soʻradim. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«Bu–Alloh sizga qilgan bir sadaqadir. Bas, Uning sadaqasini qabul qilinglar», dedilar», deb javob berdi».
Bu hadisi sharifdan safarda namozni qasr qilib oʻqish Allohning moʻmin-musulmonlarga koʻrsatgan fazli-karami, xuddi sadaqadek, qoʻshimcha yordam sifatida joriy qilingan sharʼiy hukm ekanligini, shuningdek, bu sadaqani qabul qilish lozimligini bilib olamiz.
Imom Buxoriy rivoyat qilishlaricha, Ibn Umar va Ibn Abbos roziyallohu anhumolar toʻrt barid–oʻn olti farsax masofadagi safarda namozni qasr qilib oʻqir edilar.
«Barid» masofa birligi boʻlib, toʻrt farsaxga tengdir. Bir farsax esa 5544 metrdir. Toʻrt farsax 22176 metr boʻladi. Toʻrt barid–oʻn olti farsax esa 88704 metr boʻladi.
Yuqoridagi rivoyatda namozni qasr oʻqish lozim boʻlgan safar masofasi bayon qilinyapti. Bunga koʻra, 88 km. 704 metr masofaga safar qilgan odam namozni qasr oʻqimogʻi lozim boʻladi. Hanafiy mazhabi oʻlchoviga koʻra, 96 km. safar masofasi hisoblanadi.
Ushbu va yana baʼzi bir hadislarda namozni qasr qilib oʻqishga sabab boʻluvchi safarni belgilashda masofa oʻlchov qilib olingani koʻrinib turibdi. Shu bilan birga, namozni qasr oʻqishga oid barcha oyati karimalar va hadisi shariflarni atroflicha oʻrganib chiqqan ulamolarimiz «Bu masalada safar masofasini emas, safar muddatini oʻlchov qilib olish kerak», deydilar. Agar moʻʼtabar fiqh kitoblarimizga murojaat etsak, oʻta daqiq bahslarning shohidi boʻlamiz. Jumladan, Hanafiy mazhabi ulamolari namozni qasr qilib oʻqishi lozim boʻlgan musofirni quyidagicha taʼriflaydilar:
«Musofir–odatda «safar» deb ataladigan yoʻlchilikka otlanib, oʻrtacha yurish ila uch kunlik yoʻl yurishni niyat qilib, oʻz turar joyidan ajrab chiqqan kishidir».
Ushbu safarda kunduzi yoʻl yurib, kechasi dam olish eʼtiborga olingan. Gʻolibo, oʻsha paytlarda mazkur muddatda toʻrt barid masofa yoʻl yurilgan boʻlsa kerak.
Shuning uchun, hamasr ulamolarimiz ham namozni qasr oʻqishni lozim etadigan safar borasida ikki xil fatvo beradilar. Masofani eʼtiborga olganlar 88 km. yoki 96 kmga safar qilgan odam namozni qasr oʻqiydi, deydilar.
Muddati safarni eʼtiborga olgan ulamolarimiz esa, bu masalada batafsilroq soʻz yuritadilar. Ularning fikrlaricha, bugungi kunimizda 88 yoki 96 kmlik safar namozni qasr oʻqish lozim boʻlgan safar shartlarini oʻzida mujassam etmay qoldi. Balki, oz muddatda, hech qanday safar mashaqqatisiz, undan uzoq safarlarga borib kelish ham oson boʻlib qoldi. Shuning uchun, safar masalasida masofani emas, muddatni eʼtiborga olsak, yaxshi boʻladi. Bir odam, odatda, safarga chiqadigan shaxsga oʻxshab, niyat qilib, safar anjomlarini olib, ahli ayoli bilan xayrlashib, tunashga uyiga qaytib kela olmaydigan masofaga safarga chiqsa, namozni qasr oʻqisa boʻladi. Ana shu safar, oʻtgan mujtahidlarimizning taʼriflariga mos safardir, deydilar.
Yana bitta hadisi sharifni oʻrgansak, namozni qasr oʻqishga oid bir necha hukmlarni oʻrganib olamiz.
Imom Buxoriy, imom Muslim va boshqa muhaddislarimiz rivoyat qilganlar:
«Anas roziyallohu anhu: «Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan Madiynadan Makkaga bordik. U zot sollallohu alayhi vasallam Madiynaga qaytgunimizcha ikki rakʼatdan namoz oʻqigan edilar», deganlar. Shunda eshituvchilardan biri, «Makkada qancha muddat turgan edinglar?» deb soʻragan. U kishi, oʻn kun turgan edik, deb javob berganlar».
Ulamolarimiz ushbu rivoyatdan namozni qasr oʻqish masalasida bir necha hukmlarni chiqarib olganlar:
1. Musofir oʻz vatanidan chiqqandan boshlab, to uyiga qaytib kelguncha namozni qasr oʻqishligi.
2. Musofir borgan joyida oʻn kun tursa ham namozni qasr oʻqiyverishi.
3. Musofir oʻzi yashab turgan joyidan asliy vataniga borsa ham namozni qasr oʻqishligi. Chunki, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va muhojir sahobalar asl vatanlari Makkaga safar ila borganlarida qasr oʻqiganlar.
4. Qasr namozi ikki rakʼat boʻlishi.
Hanafiy mazhabi boʻyicha, musofir bir joyda oʻn besh kun va undan ortiq turishni niyat qilsa, namozni toʻliq, oʻn besh kundan oz turishni niyat qilgan boʻlsa, qasr qilib oʻqiydi.
Hanafiy mazhabi ulamolari bu hukmni ulugʻ sahobiylar–Ibn Abbos va Ibn Umar roziyallohu anhumolardan qilingan quyidagi rivoyatdan olganlar: «Musofir oʻlaroq bir yurtga kirsang va bu yurtda oʻn besh kun turishni niyat qilsang, namozni toʻliq oʻqi! Agar bu yerdan qachon safarga chiqishingni bilmasang, namozni qasr oʻqi!»
Musofir oʻz yashash joyining chegarasidan ayrilganidan namozni qasr oʻqishni boshlaydi.
Namozni qasr oʻqishga oid boshqa savollarga fiqh kitoblarimizdan javob topish mumkin.
Endi urush holatida, yaʼni, dushman bilan yuzma-yuz turganda, uning bostirib kelish xavfi bor paytda namoz qanday oʻqilishi haqidagi oyat keladi: