إِنَّآ أَنزَلْنَآ إِلَيْكَ ٱلْكِتَـٰبَ بِٱلْحَقِّ لِتَحْكُمَ بَيْنَ ٱلنَّاسِ بِمَآ أَرَىٰكَ ٱللَّهُ ۚ وَلَا تَكُن لِّلْخَآئِنِينَ خَصِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Biz senga kitobni haq ila odamlar orasida senga Alloh ko`rsatganicha hukm qilishing uchun tushirdik. Sen xoinlarning yonini oluvchi bo`lma!Албатта, Биз сенга китобни ҳақ ила одамлар орасида сенга Аллоҳ кўрсатганича ҳукм қилишинг учун туширдик. Сен хоинларнинг ёнини олувчи бўлма!Alauddin Mansour: Albatta, Biz sizga ushbu Haq Kitobni (Qurʼonni) odamlar orasida Alloh koʻrsatgan yoʻl bilan hukm etishingiz uchun nozil qildik. Siz xoinlarni himoya qilguvchi boʻlmang.Албатта, Биз сизга ушбу Ҳақ Китобни (Қуръонни) одамлар орасида Аллоҳ кўрсатган йўл билан ҳукм этишингиз учун нозил қилдик. Сиз хоинларни ҳимоя қилгувчи бўлманг.
Bu va bundan keyingi oyatlarning nozil boʻlishiga Madiynai Munavvarada boʻlib oʻtgan mashhur voqea sabab boʻlgan. Bu voqea qissasini hadis ulamolari turli kishilardan rivoyat qilganlar.
Qissaning xulosasi shulki, Qatoda ibn Noʻʼmon va uning amakisi Rifoʼa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan baʼzi bir gʻazotda qatnashadilar. Qaytib kelganlaridan soʻng, Rifoʼaning sovuti oʻgʻirlangani maʼlum boʻladi. Sovutning egasi oʻgʻrilikda Bani Ubayraq nomli oiladan shubha qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib: «Toʻʼma ibn Ubayraq sovutni oʻgʻirladi», deb xabar beradi. Toʻʼma ibn Ubayraq ansoriylardan–ahli Madiynadan edi.
Voqeaning bunday tus olayotganini koʻrgan oʻgʻri sovutni olib borib, beayb Zayd ibn as-Samin ismli yahudiyning uyiga tashlab qoʻyadi. Shu bilan birga, oʻz qarindoshlariga, sovutni kimnikiga olib borib tashlaganini xabar qiladi.
Toʻʼma ibn Ubayraqning qarindoshlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib:
«Ey, Allohning Rasuli, bizning qarindoshimiz beayb. Sovutni falonchi oʻgʻirlagan. Biz buni aniqlab bildik. Bizning qarindoshimizni odamlar oldida oqlang. Uning yonini oling. Alloh uni siz bilan himoya qilmasa, halok boʻladi», deyishdi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sovut yahudiyning uyidan topilganini bilganlaridan soʻng, odamlarning oldida Ibn Ubayraqni oqladilar. Uning qarindoshlari bundan avval Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga:
«Qatoda ibn Noʻʼmon bilan amakisi Rifoʼa bizning oilamizga qasddan tuhmat qilishdi. Biz ahli Islom va ahli solihmiz, bizni oʻgʻrilikda ayblashmoqda. Holbuki, ularning dalil va hujjatlari yoʻq», deyishgan edi. Oldilariga kelgan Qatodaga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Islomda va ahli solihlikda boʻlgan oilani hech qanday hujjat va dalilsiz oʻgʻrilikda ayblaysanmi?» dedilar. Qatoda bu haqda Rasulullohga gapirmasam boʻlar ekan, deb afsuslanib qaytib ketdi. Uning oldiga amakisi Rifoʼa kelib:
«Ha, jiyan, nima qilding», deb soʻradi. Qatoda boʻlgan voqeani, Rasulullohning soʻzlarini aytib berdi. Rifoʼa:
«Alloh yordam bersin», dedi. Koʻp oʻtmasdan Alloh taolo:
«Albatta, Biz senga kitobni haq ila odamlar orasida Alloh koʻrsatganicha hukm qilishing uchun tushirdik», deb boshlanuvchi oyatlarni nozil qildi. Ushbu oyatlar tushgandan soʻng Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam sovutni keltirib, Rifoʼaga berdilar. U katta yoshdagi odam edi. Jiyani Qatoda, uning musulmonligi zaif, degan fikrda edi. Qatoda sovutni olib kelganda, Rifoʼa unga:
«Ey jiyanim, buni Allohning yoʻliga atadim», dedi. Shundagina Qatoda amakisining haqiqiy musulmon ekanini anglab yetgan ekan. Ulamolarimiz, ushbu oyat Qurʼonning haqiqiy ilohiy kitob ekaniga yana bir yorqin dalildir, bu oyat ulkan moʻʼjizadir, deydilar. Bu haqiqatdir. Keling, bir oʻylashib koʻraylik.
Makka mushriklarining azob-uqubatlaridan qochib, hijrat qilib kelgan muhojir musulmonlar, Madiynaning yerli musulmonlari–ansoriylar bilan birga yangi jamiyat qurishga endigina kirishgan davr. Ammo, Makka mushriklari tinch turmay musulmonlarni yer yuzidan butunlay yoʻq qilib yuborishga yeng shimarib ishga kirishdilar. Urush ketidan urush qila boshladilar. Madiynada yashab turgan yahudiylar bu ishda ularga har tomonlama yordam berishar edi. Balki, ularni musulmonlarga qarshi qoʻzgʻovchilar ham yahudiylar edi. Bu ham yetmagandek, ular munofiqlikdek jirkanch ishni ham qoʻzidilar, unga asos soldilar va Islom jamiyatini ichidan yemirishga harakat boshladilar. Qolaversa, yahudiylar ochiqdan- ochiq dushmanlik harakatiga oʻtdilar. Ularning dushmanlik harakatlari Paygʻambar alayhissalomning hayotlariga suiqasd qilishgacha borib yetdi. Qisqa qilib aytganda, musulmonlar toʻrt atrofdan oʻt ichida qolgan edilar. Yuqorida oʻrgangan oyatlarimizdagi jihodga, mahkam va hushyor turishga va yana boshqa ishlarga targʻibotlar ham xuddi shu qaltis holatdan kelib chiqib joriy qilingandir. Shunday nozik bir sharoitda yahudiylardan birining uyidan musulmonning oʻgʻirlangan sovuti topildi. Bu hol yahudiylardan oʻch olishning eng qulay payti edi. Ikkinchidan, yahudiylarga bu ishda ansoriylar raqib edilar. Yaʼni, ayb yahudiyga qoʻyilmasa, madiynalik obroʻli bir musulmon oilaga tushar edi. Uchinchidan, ayb ansoriylarga tushsa, yahudiylar ularga: «Sizlar Makkadan kelgan muhojir musulmonlarni qabul qilib, uy-joy berdingiz, yordam qildingiz, endi esa, ular sizlarni oʻgʻriga chiqarishmoqchi», deb igʻvo qilishlari turgan gap edi. Har qanday tuzum bunday holda aybni yahudiyga qoʻyadi. Hatto Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham zohiriy dalillarga qarab, oʻgʻrini oqlagan ham edilar. Ammo Islom–Allohning dini. Qurʼon–Allohning kitobi. Shuning uchun ham, uning hukmi mutloq adolat boʻladi. Uning hukmida hatto kofir-yahudiyga ham nohaqlik boʻlmaydi. Aybdor, kim boʻlishidan qatʼinazar, moʻmin-musulmon, dindor va ahli solih boʻlsa ham, jazosini oladi. Faqat Alloh taologina koʻpchilik oldida hukm chiqarib qoʻygan Oʻz Paygʻambariga xitob qilib:
«Albatta, Biz senga kitobni haq ila odamlar orasida Alloh koʻrsatganicha hukm qilishing uchun tushirdik. Sen xoinlarning yonini oluvchi boʻlma!» deyishi mumkin.
Demak, oʻgʻirlangan sovut haqidagi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam chiqargan hukmni Alloh, adolatli emas, deb baholamoqda. Oʻz oilalarining obroʻsini saqlab qolish niyatida aybni yahudiy shaxsga agʻdargan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib yolgʻon gapirgan Bani Ubayraqni «xoinlar» deb atamoqda.
Kelgusi oyatlarda Alloh taolo Oʻz Paygʻambarini itob qilishni davom ettiradi: