يُوصِيكُمُ ٱللَّهُ فِىٓ أَوْلَـٰدِكُمْ ۖ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ ٱلْأُنثَيَيْنِ ۚ فَإِن كُنَّ نِسَآءً فَوْقَ ٱثْنَتَيْنِ فَلَهُنَّ ثُلُثَا مَا تَرَكَ ۖ وَإِن كَانَتْ وَٰحِدَةً فَلَهَا ٱلنِّصْفُ ۚ وَلِأَبَوَيْهِ لِكُلِّ وَٰحِدٍ مِّنْهُمَا ٱلسُّدُسُ مِمَّا تَرَكَ إِن كَانَ لَهُۥ وَلَدٌ ۚ فَإِن لَّمْ يَكُن لَّهُۥ وَلَدٌ وَوَرِثَهُۥٓ أَبَوَاهُ فَلِأُمِّهِ ٱلثُّلُثُ ۚ فَإِن كَانَ لَهُۥٓ إِخْوَةٌ فَلِأُمِّهِ ٱلسُّدُسُ ۚ مِنۢ بَعْدِ وَصِيَّةٍ يُوصِى بِهَآ أَوْ دَيْنٍ ۗ ءَابَآؤُكُمْ وَأَبْنَآؤُكُمْ لَا تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعًا ۚ فَرِيضَةً مِّنَ ٱللَّهِ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلِيمًا حَكِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir o`g`ilga ikki qiz nasibasicha berishni amr etadi. Agar ular ikkitadan ko`p (ayol) bo`lsalar, ularga u (ota) qoldirganning uchdan ikkisi. Agar qiz bitta bo`lsa, unga yarmi. Agar u(mayyit)ning bolasi bo`lsa, u tark qilgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar uning bolasi bo`lmasa va ota-onasi merosxo`r bo`lsa, onasiga uchdan bir. Agar uning aka-ukalari bo`lsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarzini ado etgandan so`ng. Otalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmassizlar. Bu, Alloh joriy qilgan farzdir. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.Аллоҳ сизга фарзандларингиз ҳақида васият этиб, бир ўғилга икки қиз насибасича беришни амр этади. Агар улар иккитадан кўп (аёл) бўлсалар, уларга у (ота) қолдирганнинг учдан иккиси. Агар қиз битта бўлса, унга ярми. Агар у(маййит)нинг боласи бўлса, у тарк қилган нарсадан ота-онасининг ҳар бирига олтидан бир. Агар унинг боласи бўлмаса ва ота-онаси меросхўр бўлса, онасига учдан бир. Агар унинг ака-укалари бўлса, онасига олтидан бир. У қилган васият ёки қарзини адо этгандан сўнг. Оталарингиз ва болаларингиздан қайси бирлари сизга манфаатлироқ эканини билмассизлар. Бу, Аллоҳ жорий қилган фарздир. Албатта, Аллоҳ билувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Alloh farzandlaringizga (tegishli meros) haqida bir oʻgʻil uchun ikki qiz ulushi barobarida meros berishni amr qilur. Agar merosxoʻrlar ikkidan ortiq qiz boʻlsa, ularga ular (ota-ona) qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz boʻlsa, unga (merosning) yarmi tegur. Agar marhumning farzandi boʻlsa, qoldirgan merosidan ota-onasining har biriga oltidan biri tegur. Endi agar farzand boʻlmay, faqat ota-onasi (merosxoʻr) boʻlsa, u holda onasiga uchdan bir tegur (qolgani otasiga qoladi). Agar uning aka-ukalari boʻlsa, onasiga oltidan bir tegur, (qolgan qismi otasiga tegadi, zero, marhumning aka-ukalarini yedirib-kiydirish va uylab-joylash otaning zimmasidadir. Bu taqsimotlar) marhum qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan keyin boʻlur. Ota-onalaringiz va farzandlaringizning qaysi birlari sizlar uchun foydasi teguvchiroq ekanini bilmaysizlar. (Binobarin, oʻzingizga qolsa, meros taqsimotini ham adolat bilan hal qila olmaysiz. Shu boisdan kimga qancha meros tegishi) Alloh tomonidan qatʼiy farz qilib qoʻyildi. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi boʻlgan Zotdir.Аллоҳ фарзандларингизга (тегишли мерос) ҳақида бир ўғил учун икки қиз улуши баробарида мерос беришни амр қилур. Агар меросхўрлар иккидан ортиқ қиз бўлса, уларга улар (ота-она) қолдирган нарсанинг учдан иккиси, агар якка қиз бўлса, унга (мероснинг) ярми тегур. Агар марҳумнинг фарзанди бўлса, қолдирган меросидан ота-онасининг ҳар бирига олтидан бири тегур. Энди агар фарзанд бўлмай, фақат ота-онаси (меросхўр) бўлса, у ҳолда онасига учдан бир тегур (қолгани отасига қолади). Агар унинг ака-укалари бўлса, онасига олтидан бир тегур, (қолган қисми отасига тегади, зеро, марҳумнинг ака-укаларини едириб-кийдириш ва уйлаб-жойлаш отанинг зиммасидадир. Бу тақсимотлар) марҳум қилган васият ва унинг қарзлари адо этилганидан кейин бўлур. Ота-оналарингиз ва фарзандларингизнинг қайси бирлари сизлар учун фойдаси тегувчироқ эканини билмайсизлар. (Бинобарин, ўзингизга қолса, мерос тақсимотини ҳам адолат билан ҳал қила олмайсиз. Шу боисдан кимга қанча мерос тегиши) Аллоҳ томонидан қатъий фарз қилиб қўйилди. Албатта, Аллоҳ билим ва ҳикмат эгаси бўлган Зотдир.
Al-Avfiy Ibn Abbosdan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Alloh taolo oʻgʻil-qizlarga va ota-onalarga meros bobida farz qilgan hukmlar haqida oyatlar tushirganda, baʼzi odamlarga yoqmadi. Ular «xotinga toʻrtdan bir yoki sakkizdan bir, qizga yarim... kichkina bolaga ham beriladimi? Axir, ulardan birortasi ham urushda qatnashmaydilar-ku! Oʻlja ham olmaydilar-ku! Bu gap toʻgʻrisida indamay turinglar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yodlaridan chiqib qolsa, ajab emas yoki u kishiga aytamiz, buni oʻzgartiradilar», deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli! Qiz bolaga otasining merosidan yarmi beriladimi? Axir, u ot minib, dushmanga qarshi urushmaydi-ku! Qoʻlidan hech narsa kelmaydigan goʻdakka ham meros beriladimi?» deyishdi. Ular johiliyat vaqtida dushmanga qarshi urush qilganlargagina meros berishar, katta yoshlardan boshlab berishar edi. Ularning bu tutimlariga javoban Alloh taolo:
«Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir oʻgʻilga ikki qiz nasibasicha berishni amr qiladi», deb boshlanuvchi oyati karimani nozil qildi.
Ushbu rivoyatdan koʻrinib turibdiki, molu mulk borasida oʻrganib qolingan odatni tark etish qiyin. Meros haqidagi avval tushgan hukmlar nafaqat Islomga kirmagan shaxslarga, balki baʼzi musulmonlarga ham unchalik yoqmagan. xatto buni oʻzgartirishni talab qilmoqchi ham boʻlishgan. Ularning fikricha, bunaqada baʼzilar tayyoriga ayyor boʻlib, moʻmaygina mol egasi boʻlib qolishadi. Shunisi ularga maʼqul kelmagan.
Ming afsuslar boʻlsinki, yigirma birinchi asr johiliyatida musulmonlikni daʼvo qilib yurganlarning ichida ham xuddi shu fikrdagilar koʻp. Ularga aytiladigan gap shulki, avvalo, merosxoʻr meros qoldiruvchining uzviy davomchisidir. Qolaversa, farazan, meros qoldiruvchi hayot paytida muhtoj holga tushib qolsa, aynan shu merosxoʻrlar unga kafil boʻlar edilar. Yana qolaversa, meros qoldiruvchilar merosxoʻrlarga faqat molu dunyonigina meros qoldirmaydilar, balki tabiatlarini, isteʼdodlarini, biologik xususiyatlarini va hattoki goʻzallik va xunukliklarini ham meros qoldiradilar. Shubhasiz, bu meroslar merosxoʻrning hayotiga katta taʼsir oʻtkazadi. Shunday boʻlgach, undan qolayotgan merosga ana shu farzandlar va yaqin qarindoshlar haqli boʻlmay, boshqa kim haqli boʻlsin?! Bu ishda Alloh taoloning aytganini qilingandagina adolat boʻladi. Boshqacha yoʻl halokatga eltadi. Bunga kechagi va bugungi kunimizdan istagancha misol topsa boʻladi. Boshqa masalalar kabi merosda ham islomiy hukm yuritilmayotgani uchun qanchadan-qancha oilalar meros talashib barbod boʻlyapti, qarindoshlar yuz koʻrmas boʻlib ketishyapti. Bu juda katta ijtimoiy masaladir. Toki bu adolatli hal etilmas ekan, jamiyatda xotirjamlik boʻlmaydi. Shu boisdan ham, Islom shariati merosni toʻgʻri taqsim qilishga katta ahamiyat beradi. Bunga bogʻliq ishni va ilmni «faroiz» deb ataladi. Ushbu oyati karima va keyingi oyat hamda ushbu suraning oxirida keladigan oyatlar bu mavzudagi hadislar bilan birga faroiz ilmi asosini tashkil etadi.
Musulmonlikda faroiz ilmining ahamiyati katta. Imom Abu Dovud va Ibn Mojalar Abdulloh ibn Amrdan qilgan rivoyatda aytiladi:
«Ilm uchtadir. Ulardan boshqasi fazldir. Muhkam oyat, qoim sunnat va adolatli faroiz».
Imom Ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Faroizni oʻrganinglar va uni odamlarga oʻrgatinglar. U ilmning yarmidir. U unutiladi. U mening ummatimdan birinchi sugʻurib olinadigan narsadir», deganlar.
Qurʼon ilmlari boʻyicha mutaxassis olimlar oyatlarning nozil boʻlish sabablari haqidagi bahslarida «Bir oyatning nozil boʻlishiga bir necha sabab boʻlishi mumkin», deydilar. Bir necha sabab bilan nozil boʻlgan oʻshanday oyatlardan biri biz oʻrganayotgan ushbu oyati karimadir. Uning nozil boʻlish sabablaridan birini yuqorida zikr etdik. Yana ikkita sababi bor, ular bilan quyida tanishamiz:
Imom Buxoriy Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda, u kishi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Bakr roziyallohu anhu ikkovlari meni koʻrgani Bani Salama qabilasiga piyoda keldilar. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzimni bilmay yotganimni koʻrib, suv soʻrab tahorat qilibdilar, oʻsha suvdan menga sochganlarida oʻzimga keldim va: «Ey, Allohning Rasuli, molimni nima qilishimni amr qilasiz?» dedim. Shunda «Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir oʻgʻilga ikki qiz nasibasicha berishni amr etadi...» oyatini tushirdi», deydilar.
Imom Termiziy Jobir roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:
«Saʼd ibn Robeʼning xotini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib:
«Ey, Allohning Rasuli, anavi ikkovi Saʼd ibn Robeʼning qizlari. Otalari siz bilan Uhud jangida qatnashib, shahid boʻldi. Amakilari erimdan qolgan mollarni olvolib, qizlarimga hech narsa bermayapti. Agar moli boʻlmasa, bularga hech kim uylanmaydi», dedi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu haqda Alloh Oʻzi hukm chiqaradi», dedilar. Bir ozdan soʻng Meros oyati nozil boʻldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amakilariga odam yubordilar va: «Saʼdning ikki qiziga uchdan ikkisini ber, onalariga sakkizdan birini ber, qolgani senga», dedilar.
Keltirilgan rivoyatlardan koʻrinib turibdiki, vaziyat noqulay boʻlib, Alloh taoloning Oʻzi ochiq-oydin bayonot bilan aralashishini taqozo qilib qolgan edi. Shuning uchun ham, har bir merosxoʻrning haqqini aniq koʻrsatib oyat tushirdi.
«Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat qilib, bir oʻgʻilga ikki qiz nasibasicha berishni amr etadi».
Bizda vasiyat soʻzini oʻlayotgan odam aytgan gap maʼnosida tushunib kelinadi. Aslida esa, bu soʻz keng maʼnoli boʻlib, nasihat, qaror va taʼkidlangan tavsiya kabi maʼnolarni ham anglatadi. Ushbu oyatda ham «Alloh... vasiyat qilib», deb kelmoqda.
Bu oyatda johiliyatning hukmi botil qilinib, qizlarga meros bermaslik odati bekor etilib, adolat qaror toptirilmoqda, qizlarga ham merosdan haqlari koʻrsatilmoqda. Bu hukmga oʻsha paytda Islom dushmanlari tugul, hatto baʼzi musulmonlar ham qarshi chiqishganini va ularga beriladigan javobni sal oldin zikr qilib oʻtdik.
Dushmanlik, mutaassiblik yomon narsa ekan. Taajjublanarli holga qarangki, avvalda: «Nega qoʻlidan ot minish, urush qilish kelmaydigan qiz bolalarga ham meros beriladi? Bu adolatsiz hukm!» deb dod-voy solgan Islom dushmanlari (hatto baʼzi oʻzini musulmon deb yurganlar ham) hozirga kelib: «Bu qanday adolatsizlik?! Qiz bola odam emasmi?! Nima uchun unga oʻgʻil bolaga beriladigan miqdorning yarmi beriladi?!» deyishmoqda. Ularning bu nohaq eʼtirozlari Islomga dushman boʻlganlari uchun va oʻzlarining johiliy tasavvurlaridandir. Agar ular Islom dinida ayol kishiga berilgan eʼtibordan zarracha xabardor boʻlganlarida, mazkur gapni aytishdan uyalar edilar. Agar ularda uyatning oʻzi boʻlsa!
Islomda ayol kishi dunyoga kelganidan to umrining oxirigacha moddiy jihatdan taʼminlangandir. U qiz boʻlsa, moddiy taʼminotiga otasi javobgar. Singil boʻlsa, aka-ukasi, xotin boʻlsa, eri, ona boʻlsa, oʻgʻli masʼul. Yaʼni, xotin kishi oʻzi kasb qilib molu mulk topishga ehtiyoji ham, sharʼiy burchi ham yoʻq. Binobarin, merosga oladigan molni oʻz ehtiyojidan ortiqcha narsa sifatida qabul qilib oladi. Buning aksicha, erkak kishi doimo moddiy masʼuliyat ostida yuradi. Oʻgʻil sifatida ota-onasining, ota sifatida farzandlarining, aka yoki uka sifatida opa-singillari va aka-ukalarining, er sifatida xotinining moddiy taʼminotiga javobgar hisoblanadi. Uylanayotganda ham kelinga mahr beradi, toʻy va roʻzgʻor anjomlarini tayyorlaydi. Boshqacha qilib aytganda, u qancha mol topsa ham, oʻrni bor. Shular eʼtiborga olinsa, ikki qiz nasibasicha miqdorda merosga ega boʻlishi ayni adolat hisoblanadi!
«Agar ular ikkitadan koʻp (ayol) boʻlsalar, ularga u (ota) qoldirganining uchdan ikkisi».
Yaʼni, oʻlgan odamning oʻgʻli boʻlmasa, ikkitadan ortiq qiz farzandlari boʻlsa, ular merosning uchdan ikkisini boʻlib olishadi. Ulamolar «Oʻgʻil farzand boʻlmay, faqat ikkita qiz boʻlsa ham, uchdan ikki qism merosni olishlariga shu oyat dalildir» deyishadi. Bu fikrni quvvatlovchi boshqa dalillar ham bor. Ushbu suraning oxiridagi oyatda ikkita singilga merosning uchdan ikkisi tegishi ochiq aytilgan. Ikkita singilga berilgan bu ulush ikkita qizga berilishi aʼloroq. Yuqorida keltirilgan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Saʼd ibn Robeʼning ikki qiziga uchdan ikkini berishga amr qildilar. Demak, oyatdagi ushbu jumlaning maʼnosi: «Agar ikki va undan ortiq ayollar boʻlsa», deb tushuniladi.
«Agar qiz bitta boʻlsa, unga yarmi».
Qolgani boshqa qarindoshlarga shariat hukmi asosida boʻlib beriladi.
«Agar u(mayyit)ning bolasi boʻlsa, ota-onasining har biriga oltidan bir».
Meros qoldiruvchining ortidan oʻgʻilmi, qizmi, bittami, koʻpmi bola qolsa va, ayni chogʻda, ota-onasi ham tirik boʻlishsa, ota-onaning har biri oltidan bir qism merosga haqli boʻladi. Qolgan merosni farzandlar shariat hukmi asosida boʻlib oladilar. Agar farzand faqat bitta oʻgʻil boʻlsa, qolganining hammasini oladi. Lekin bitta qiz boʻlsa, yarmini oladi. Ortib qolgan oltidan birni ham yaqin erkak qarindoshlik eʼtibori ila otaga beriladi.
«Agar uning bolasi boʻlmasa va ota-onasi merosxoʻr boʻlsalar, onasiga uchdan bir».
Uchdan ikkisi otasiga. Bu hol ota-onadan oʻzga merosxoʻr yoʻq, yaʼni, oʻlganning ortidan farzand ham, er ham yoki xotin ham qolmagan holdir.
«Agar uning aka-ukalari boʻlsa, onasiga oltidan bir».
Bu holda, oʻlgan kishining ortidan ota-onasiyu aka-ukasi qolgan boʻladi. Unda, aka-ukalar oʻzlari meros olmasalar ham, onalarining ulushi uchdan bir ulushdan oltidan birga kamayishiga sabab boʻladilar. Ota bor joyda aka-ukalar meros ololmaydilar. Agar faqat bitta aka yoki uka qolsa, onaning ulushini kamaytira olmaydi. U holda ona uchdan birini oladi. Oʻlganning birodarlari onalarining ulushini qisqartirishlari hikmatida ulamolar: «Otalari ularga nafaqa beradi, ularni uylantiradi, shuning uchun onalaridan ulush qisqartirilib, otalariga qoʻshilgan», deydilar.
Mazkur meros taqsimlashlardan avval qilinishi lozim boʻlgan muhim ish bor. Ana oʻsha ish ado etilgandan soʻnggina, bu taqsimlashlarga imkon boʻladi. Mazkur ishni oyatning quyidagi jumlalari bayon etayotir:
«U qilgan vasiyatni yoki qarzini ado etgandan soʻng».
Oyatda qarz vasiyatdan keyin zikr qilingan boʻlsa ham, amalda undan oldinga qoʻyiladi. Oyatning maʼnosiga chuqur nazar solgan ulamolar bu haqiqatni anglaganlar. Avval oʻtgan va keyin kelgan ulamolarning hammalari qarz vasiyatdan ustun turishini taʼkidlaganlar.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda hazrati Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzni vasiyatdan oldin qoʻyganlarini aytganlar. Bu tushunarli. Chunki, qarz boshqa bandalarning haqqidir. Alloh taolo ham Oʻz haqqini kechadi-yu, bandaning haqqini kechishda ixtiyorni oʻziga qoʻyadi. Islom dinida qarz qattiq olinadi. Chunki, busiz hayotdagi muomalalarda ishonch qolmaydi. Odamlar orasida xotirjamlik yoʻqoladi. Shuning uchun ham, qarzdor oʻlganidan keyin ham qarzning masʼuliyatidan qutula olmaydi. Shu boisdan, vafot etgan shaxs-ning janozasini oʻqishdan oldin uning qarzi bormi-yoʻqligi haqida soʻraladi.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, bir odam:
«Ey, Allohning Rasuli, men Allohning yoʻlida qatl boʻlsam, gunohlarim yuviladimi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Agar sen sabr ila, savob umidida, qochmasdan, olgʻa intilib turib qatl etilsang, yuviladi», dedilar. Soʻngra:
«Nima deding?» deb qayta soʻradilar. Haligi odam aytganlarini takrorladi. Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam:
«Ha, yuviladi, faqat qarzing boʻlmasa. Menga buning xabarini Jabroil aytdi», dedilar.
Yana Qatoda roziyallohu anhudan qilingan boshqa bir rivoyatda aytilishicha:
«Paygʻambarimiz alayhissalom huzurlariga janoza namozini oʻqish uchun bir kishining oʻligini olib keldilar. U zot:
«Birodarlaringizning janozasini oʻzingiz oʻqiyveringlar, uning qarzi bor ekan», dedilar. Shunda men (yaʼni, Qatoda roziyallohu anhu):
«Ey, Allohning Rasuli, uning qarzi mening boʻynimga», dedim. U kishi sollallohu alayhi vasallam:
«Vafosi bilanmi?» deb soʻradilar. Men:
«Vafosi bilan», dedim. Ana shundan soʻng uning namozini oʻqidilar»,
Demak, bir odam vafot etsa, undan qolgan merosdan, avvalo, qarzi chiqarib beriladi. Qarzdan ortib qolganini vasiyatiga binoan ishlatiladi va merosxoʻrlarga boʻlinadi.
Vasiyatga eʼtibor berish meros qoldiruvchining irodasini, oʻlimidan oldingi istagini hurmatlash maʼnosidadir. Ammo uning vasiyati oʻzi qoldirayotgan merosning uchdan bir qismidan ortiqqa oʻtmaydi. Misol uchun, bir odam: «Oʻlganimdan keyin hamma molimni Allohning yoʻlida sadaqa qilib yuboringlar yoki masjid quringlar», desa, mazkur ishlarga merosning uchdan biri sarflanadi, xolos.
«Otalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmassizlar».
Inson koʻpincha insongarchiligiga borib, turli holatlarda mulohazalari turlicha boʻladi. Ayniqsa, bemor boʻlgan chogʻda yoki oʻlayotganda yaqinlariga koʻproq yaxshilik qilgisi keladi. Baʼzan otalik mehri ustun kelib, bolalarini koʻproq oʻylab, ularni boshqalardan yuqori qoʻyadi. Jumladan, meros ham faqat ularga boʻlsa edi, deb ularni bu masalada ota-onasidan baland qoʻyib yuboradi. Boshqa birlari esa, odob-axloq, urf-odat hissidan kelib chiqib, ota-onasini yuqori qoʻymoqchi boʻladi.
Ushbu jumla bu nozik holatning muolajasini qilmoqda. Meros masalasida bunaqa mulohazalarga borib xijolat chekib yurilmasin, xotirjam boʻlinsin, deb daʼvat qilinmoqda. Ota-ona yoki bolalardan qay birlari manfaatliroq ekanini odam baribir idrok eta olmaydi. Qolaversa, meros masalasi–
«Bu, Alloh joriy qilgan farzdir».
Unga insonning hech aloqasi yoʻq. Hech kim merosni oʻzicha boʻla olmaydi. Uni Alloh taoloning Oʻzi boʻlib qoʻygan. Kimga qancha berish U zotning Oʻzining ishi. Shuning uchun ham, meros qoldiruvchining turli andishalarga borishiga hojat yoʻq.
«Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir».
Jumladan, merosni qanday taqsim qilishni ham yaxshi biladi. Uning taqsimi esa, albatta, hikmatlidir.
Kelgusi oyatda meros taqsimlash hukmining bayoni davom etadi: