وَإِنِ ٱمْرَأَةٌ خَافَتْ مِنۢ بَعْلِهَا نُشُوزًا أَوْ إِعْرَاضًا فَلَا جُنَاحَ عَلَيْهِمَآ أَن يُصْلِحَا بَيْنَهُمَا صُلْحًا ۚ وَٱلصُّلْحُ خَيْرٌ ۗ وَأُحْضِرَتِ ٱلْأَنفُسُ ٱلشُّحَّ ۚ وَإِن تُحْسِنُوا۟ وَتَتَّقُوا۟ فَإِنَّ ٱللَّهَ كَانَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar ayol kishi o`z eridan nafrat va yuz o`girish sodir bo`lishidan qo`rqsa, ikkovlari o`zaro sulhga kelishishlarida gunoh yo`q. Sulh yaxshidir. Nafslar qizg`anishga hozirdir. Agar yaxshilik va taqvo qilsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardor Zotdir.Агар аёл киши ўз эридан нафрат ва юз ўгириш содир бўлишидан қўрқса, икковлари ўзаро сулҳга келишишларида гуноҳ йўқ. Сулҳ яхшидир. Нафслар қизғанишга ҳозирдир. Агар яхшилик ва тақво қилсангиз, албатта, Аллоҳ нима қилаётганингиздан хабардор Зотдир.Alauddin Mansour: Agar biron ayol eri tomonidan koʻngilsizlik yoki yuz oʻgirib ketish sodir boʻlishidan qoʻrqsa, u ikkovi oʻzaro bir sulhga kelishib olishlari zararsizdir. Sulh (ajralib ketishdan) yaxshiroqdir. Nafslar qizgʻanishga hoziru nozir boʻlib turadilar. Agar ayollaringizga chiroyli muomala qilsangiz va Allohdan qoʻrqsangiz (oʻzingizga yaxshidir). Zero, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor boʻlgan Zotdir.Агар бирон аёл эри томонидан кўнгилсизлик ёки юз ўгириб кетиш содир бўлишидан қўрқса, у иккови ўзаро бир сулҳга келишиб олишлари зарарсиздир. Сулҳ (ажралиб кетишдан) яхшироқдир. Нафслар қизғанишга ҳозиру нозир бўлиб турадилар. Агар аёлларингизга чиройли муомала қилсангиз ва Аллоҳдан қўрқсангиз (ўзингизга яхшидир). Зеро, Аллоҳ қилаётган амалларингиздан хабардор бўлган Зотдир.
Suraning boshidagi oyatlarda agar oilada ayol kishi tomonidan eriga nafrat–bosh koʻtarish holati yuzaga kelganda nima qilish kerakligi muolaja qilingan edi. Bu oyatda esa, uning aksi muolaja qilinmoqda. Oilaviy hayotda, turli sabablarga koʻra, erda xotiniga nisbatan nafrat paydo boʻlishi mumkin. Natijada, er xotinidan ajralmoqchi yoki undan yuz oʻgirib, taloq ham qilmay, muomala ham qilmay tashlab qoʻymoqchi. Xotin eridan ajrashni xohlamasa, yarashishga urinadi.
«Agar ayol kishi oʻz eridan nafrat va yuz oʻgirish sodir boʻlishidan qoʻrqsa, ikkovlari oʻzaro sulhga kelishishlarida gunoh yoʻq».
U oʻz erining nafratiga yoki yuz oʻgirishiga sabab boʻlgan ishlarni bartaraf etish bilan uni rozi qilib, ajralmay qolishga tirishadi.
Misol uchun, hatto oʻz qonuniy haqqi boʻlmish mahrining hammasidan yoki bir qismidan voz kechib yuborishi mumkin. Nafaqa bermasang ham, mayli yoki ozroq nafaqa bersang ham, taloq qilmasang boʻldi, deyishi mumkin. Shunga oʻxshash, holatga qarab, turli taklif va murosalar bilan sulh tuzib, ajralmay qolishda gunoh yoʻq ekan. Shuning uchun ham, oyatning davomida:
«Sulh yaxshidir», deyilmoqda.
Islomda turli usullarni qoʻllab oilani saqlab qolishga harakat qilinadi. Ushbu choralar ham mazkur ragʻbatdan kelib chiqqan. Oyatning davomida:
«Nafslar qizgʻanishga hozirdir», deyilmoqda.
Yaʼni, inson nafsida qizgʻanish tabiati bor. Molu mulkni qizgʻanadi.Chiroyli narsalarni qizgʻanadi. Mansab yoki yaxshi holatlarni qizgʻanadi. Ana shu tabiiy holni eʼtiborga olganda, shoyad, xotin tomondan taklif qilingan molu mulk va baʼzi qulayliklar erdagi qizgʻanish tabiatini qoʻzgʻab, ajralmay qolishga rozi boʻlsa. Lekin insoniy aloqalar faqat molu mulk yoki baʼzi manfaatlar asosidagina qurilmaydi. Balki, yaxshilik, savob ishlar qilish va boshqa holatlar ham koʻp. Islomda shunga koʻproq targʻib qilinadi:
«Agar yaxshilik va taqvo qilsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardor Zotdir».
Jumladan, xotinidan nafratlanib, uni taloq qilmoqchi boʻlgan yoki yuz oʻgirib, tek tashlab qoʻymoqchi boʻlgan erkak oʻsha xotinning ajrashish istagi yoʻqligini bilgach, unga yaxshilik qilib, taqvo yuzasidan oʻzi bilan olib qolsa, yaxshi boʻladi. Alloh unga ajr va savob beradi.