إِنَّ ٱلْمُنَـٰفِقِينَ يُخَـٰدِعُونَ ٱللَّهَ وَهُوَ خَـٰدِعُهُمْ وَإِذَا قَامُوٓا۟ إِلَى ٱلصَّلَوٰةِ قَامُوا۟ كُسَالَىٰ يُرَآءُونَ ٱلنَّاسَ وَلَا يَذْكُرُونَ ٱللَّهَ إِلَّا قَلِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo`lurlar. Holbuki, Alloh ularni «aldovchi»dir. Agar namozga tursalar, dangasalik bilan, xo`jako`rsinga tururlar va Allohni kamdan-kam zikr qilurlar.Албатта, мунофиқлар Аллоҳни алдамоқчи бўлурлар. Ҳолбуки, Аллоҳ уларни «алдовчи»дир. Агар намозга турсалар, дангасалик билан, хўжакўрсинга турурлар ва Аллоҳни камдан-кам зикр қилурлар.Alauddin Mansour: Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi boʻladilar. — Holbuki, Alloh ularni «aldab» qoʻyguvchidir. — Va qachon namozga tursalar dangasalik bilan, xoʻjakoʻrsinga turadilar va Allohni kamdan-kam yodga oladilar.Албатта, мунофиқлар Аллоҳни алдамоқчи бўладилар. — Ҳолбуки, Аллоҳ уларни «алдаб» қўйгувчидир. — Ва қачон намозга турсалар дангасалик билан, хўжакўрсинга турадилар ва Аллоҳни камдан-кам ёдга оладилар.
Ushbu vasflardan munofiqlikning naqadar pastkashlik, johillik va yomonlik ekanligini tushunib olsa boʻladi. Ular sirtdan oʻzlarini musulmon qilib koʻrsatish bilan qalblaridagi kufrni berkitib, hech kim bilmaydi, deb eʼtiqod qiladilar. Ular oʻzlarining avvalgi oyatdagiga oʻxshash tasarruflari ila, odamlarni aldadik, deya xursand boʻladilar. Ularning odamlar orasida koʻrsatayotgan bunday oʻyinlari Allohga munosabatlarida ham ayni shakldadir.
«Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi boʻlurlar».
Lekin johilliklari tufayli, Allohni aldab boʻlmasligini unutadilar. Ular aqlsizliklari tufayli, Alloh nafaqat ularning ishlaridan, balki qalblaridagi sirlaridan ham xabardor boʻlib turishini bilmaydilar. Oʻsha johillik, aqlsizlik va asosan, qalblaridagi maraz tufayli har bir gap-soʻz va ishlarida Allohni aldamoqchi boʻladilar.
«Holbuki, Alloh ularni «aldov»chidir».
Ulamolarimiz: Allohga «aldovchi» sifatini nisbat berib boʻlmaydi, deb taʼkidlaganlar. Bu ibora majoz maʼnosida ishlatiladi. Allohning «aldashi» munofiqlarni ular qanchalik nifoq, gunoh va gumrohlik qilsalar ham, tek qoʻyib qoʻyishidadir. Ular Allohni aldayapmiz, deb gunohlarida davom etgan chogʻlarida ham jazo yubormasdan, ishlariga rivoj berib qoʻyadi. Chunki, koʻpincha inson oʻziga bu dunyoda yetadigan qiyinchiliklar, musiybatlar va hodisalardan ham xulosa chiqarib, toʻgʻri yoʻlga tushib olishi mumkin. Alloh taolo munofiqlarga ushbu eslatma boʻluvchi omillarni ham ravo koʻrmaydi. Oqibatda, ular Allohni aldamoqchi boʻlib, oʻzlarini aldaydilar.
Munofiqlarning eng katta alomatlaridan yana biri oyati karimaning keyingi jumlasida keladi:
«Agar namozga tursalar, dangasalik bilan xoʻjakoʻrsinga tururlar va Allohni kamdan-kam zikr qilurlar».
Quruq gap boʻlsa, munofiqlarga teng kelish qiyin, ular iymon va Islomni daʼvo qilib, hammayoqni gapga toʻldirib tashlaydilar. Chunki gapirish oson. Ammo gapning rost yoki yolgʻonligini tasdiqlovchi narsaga–amalga kelganda chuvlari chiqadi. Darhaqiqat, amalga qarab insonlarning haqiqiy qiyofasi namoyon boʻladi. Baho ham amalga qarab qoʻyiladi. Oxiratdagi jazo yoki mukofot ham amalga qarab belgilanadi. Oqni oqqa, qorani qoraga ajratuvchi ana shunday ishlardan biri namozdir. Namoz Islom dinining ustunidir. Kim uni barpo qilsa, dinni ham barpo qiladi. Kim namozni barpo qilmasa, dinni ham barpo qilmaydi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida «Biz bilan bizdan boshqalarning orasidagi farq–namozdir», deganlar.
Ammo, yuqoridagi jumladan namoz bilan namozning orasida ham farq borligini bilib olmoqdamiz. Munofiq odam namozga dangasalik bilan turadi. Ijirgʻanib, nochorlik ila namoz oʻqishga oʻtadi. Bu uning iymoni yoʻqligi, iymon haqidagi gaplari yuzaki ekanining alomatidir. Agar iymoni haqiqiy boʻlganida, namozga shavqu zavq bilan turgan boʻlar edi. Chunki, namoz moʻmin kishi uchun meʼrojdir. Uning Robbiga munojotidir. Namoz paytida u oʻz Parvardigori bilan yuzma-yuz turadi. Agar duo qilsa, qabul boʻladi. Gunohi boʻlsa, afv etiladi. Bunday ulkan maqomga faqat munofiqgina dangasalik bilan turadi. Oʻziga qolsa, turmas ham edi-ku, ammo u xoʻjakoʻrsinga turadi. Odamlardan uyalganidan turadi. Shuning uchun ham, odamlar kam turadigan bomdod va xufton namozlariga ushbu oyatlar tushgan davrdagi munofiqlar kam chiqar ekanlar. Hozirgi munofiqlar esa, umuman oʻqimay qoʻyaveradilar.
Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Munofiqlar uchun eng ogʻir namoz xufton namozi bilan bomdod namozidir. Agar bu ikki namozda nima fazl borligini bilganlarida, emaklab boʻlsa ham kelar edilar. Bir odamga amr qilib namozga odamlarni toʻplab, ikkinchisiga ularga imom boʻlib namoz oʻqib turishni buyursam-da, keyin baʼzi odamlar bilan oʻtin olib chiqib, namozga hozir boʻlmaganlarning uylariga oʻt qoʻyib yuborsam», deganlar.
Hofiz Abu Yaʼlo Abdullohdan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Kim odamlar koʻrib turganda namozni yaxshilab oʻqib, xoli qolganda yomon oʻqisa, bu hol oʻz Robbini yerga urganidir», deganlar. Munofiqlar namozni dangasalarcha va xoʻjakoʻrsinga oʻqishlari bilan birga, unda Allohni kamdan-kam eslaydilar. Yaʼni, ular namozlarida ixlos, xushuʼ va xuzuʼ qilmaydilar. Nima deyayotganlarini anglamaydilar. Koʻngillari har yoqda boʻlib oʻqiydilar.
Imom Molik hazrati Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Mana bu munofiqning namozi, mana bu munofiqning namozi, mana bu munofiqning namozi–quyoshga qarab oʻtiradi-da, u shaytonning ikki shoxi orasiga kirganda, toʻrt marta qush yerni choʻqigandek sajda qilib oladi. Unda Allohni kamdan-kam zikr qiladi», deganlar.
Bu hadisi sharifda asr namozi haqida soʻz ketmoqda. Maʼlumki, quyosh botish paytida shaytonning ikki shoxi orasidan botadi, degan hadislar bor. Demak, ushbu hadisda zikri kelgan shaxs namozni vaqtida oʻqimay, dangasalik qilib oʻtiradi. Soʻngra, quyosh botayotgan paytda shoshilib, tez-tez, yiqilib-turib oladi.
Munofiqlarning vasfi yana davom etadi: