يُرِيدُ ٱللَّهُ أَن يُخَفِّفَ عَنكُمْ ۚ وَخُلِقَ ٱلْإِنسَـٰنُ ضَعِيفًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh sizdan yengillatmoqni xohlaydir. Va inson zaif yaratilgandir.Аллоҳ сиздан енгиллатмоқни хоҳлайдир. Ва инсон заиф яратилгандир.Alauddin Mansour: Alloh (buyurgan shariat qonunlari bilan) sizlardan (yukingizni) yengillatishni istaydi. (Zotan), inson ojiz qilib yaratilgandir.Аллоҳ (буюрган шариат қонунлари билан) сизлардан (юкингизни) енгиллатишни истайди. (Зотан), инсон ожиз қилиб яратилгандир.
Alloh insonni Oʻzi yaratgan. U zot Oʻz bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham, faqat Alloh taoloning koʻrsatmalarigina insonga toʻgʻri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif yaratilganini taʼkidlamoqda. Yaratuvchining Oʻzi, zaif yaratilgan, deb turgandan keyin, shu zaif insonga yoʻl koʻrsatishda Alloh taolo ogʻirlikni xohlarmidi? Yoʻq, U zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda koʻplab oyat va hadislar bor. Hammasi oʻz oʻrnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh Oʻz bandalariga yengillikni istashi taʼkidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy koʻrsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yoʻllarida yurish osonga oʻxshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yoʻlga ruxsat berilganga oʻxshaydi. Nomahramga qarama, u bilan yolgʻiz qolma, uylanmoqchi boʻlsang, oldin ahlining roziligini ol, mahr ber, guvoh keltir... va hokazolar. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat boʻlib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa, yoshligingda oʻynab qol, gunoh nima qiladi, deyishadi. Bu esa, sodda va oson koʻrinadi, haqiqatda esa, unday emas. Natijaga qaraganimizda, bu narsa yaqqol koʻzga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatsak, oila masalasida yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri shu boʻlgan.
Bizning asrimizga kelib Gʻarbda, oʻzlarining taʼbiri bilan aytganda, jinsiy inqilob boʻldi. Jins borasida olimlar yetilib chiqdi. Ular: jinsiy hurriyat boʻlmaguncha, inson toʻliq hur boʻla olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo boʻlib, unda qoʻrqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab boʻladi, kabi gʻoyalarni tarqatishdi. Oqibatda, jinsiy inqilob avjga chiqdi. Natijasini–har xil balo-ofatlar buhronini hozir oʻzlari koʻrib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yoʻqolishidan tashqari, son-sanogʻiga yetib boʻlmaydigan muammolar paydo boʻldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan gʻarb davlatlarining tub aholisi dahshatli surʼatda kamayib bormoqda. Koʻz koʻrib quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili sonsiz-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan oʻlmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand boʻlib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yoʻqolishi (SPID) kasalligi chiqdi. Bu kasallik, haqli ravishda, XX asr vabosi, deb nomlandi. Uning davosi yoʻq. Bu dardga chalinish zinoning sababidan. U bilan kasallangan odam tez muddatda oʻladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yoʻlini axtarmoqdalar. Bu yoʻlda hisobsiz mablagʻlar sarflanmoqda. Mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda. Lekin, shahvatga ergashganliklari uchun bitta eng oson, eng ishonchli yoʻl–Allohning yoʻliga qaytishni hech kim xayoliga ham keltirmayapti. Aqalli ushbu kasalning bevosita sababchisi boʻlmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim oʻylab koʻrmayapti ham. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ular shahvatga banda boʻlganlari uchun unga ergashgandirlar. Zohiriy yengil koʻringan ishga oʻzlarini urib, ogʻirlikdan boshlari chiqmay yuribdi, endi. Zohiriy ogʻir koʻringan boʻlsa ham, Alloh koʻrsatgan yoʻlga yurgan bandalar boshida mazkur ogʻirlik va mashaqqatlarning birortasi ham yoʻq. Ular mutloq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
Yuqoridagi oyatlarda oila va nikoh masalalariga taalluqli maʼlum hukmlar bayon qilinib boʻlganidan soʻng, jamiyat aʼzolari orasidagi moliyaviy munosabatlarga tegishli masalalarni bayon qilishga oʻtiladi. Jumladan, ayollarning molu mulk va kasbga qanday haq- huquqlari borligi va boshqa masalalar yoritiladi: