وَإِنْ خِفْتُمْ أَلَّا تُقْسِطُوا۟ فِى ٱلْيَتَـٰمَىٰ فَٱنكِحُوا۟ مَا طَابَ لَكُم مِّنَ ٱلنِّسَآءِ مَثْنَىٰ وَثُلَـٰثَ وَرُبَـٰعَ ۖ فَإِنْ خِفْتُمْ أَلَّا تَعْدِلُوا۟ فَوَٰحِدَةً أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَـٰنُكُمْ ۚ ذَٰلِكَ أَدْنَىٰٓ أَلَّا تَعُولُوا۟
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Agar yetimlarga adolat qila olmaslikdan qo`rqsangiz, o`zingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, to`rttami nikohlab oling. Agar adolat qila olmaslikdan qo`rqsangiz, bittani (oling) yoki qo`lingizda mulk bo`lganlar bilan (kifoyalaning). Mana shu, jabr qilmasligingizga yaqinroqdir.Агар етимларга адолат қила олмасликдан қўрқсангиз, ўзингизга ёққан аёллардан иккитами, учтами, тўрттами никоҳлаб олинг. Агар адолат қила олмасликдан қўрқсангиз, биттани (олинг) ёки қўлингизда мулк бўлганлар билан (кифояланинг). Мана шу, жабр қилмаслигингизга яқинроқдир.Alauddin Mansour: Agar yetim qizlarga adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangiz, sizlar uchun nikohi halol boʻlgan ayollarga ikkita, uchta, toʻrttadan uylanaveringlar. Endi agar (xotinlar orasida) adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangiz, bitta ayolga (uylaning) yoki qoʻl ostingizdagi choʻri bilan (kifoyalaning). Mana shu jabru zulmga oʻtib ketmasligingizga yaqinroq ishdir.Агар етим қизларга адолат қила олмасликдан қўрқсангиз, сизлар учун никоҳи ҳалол бўлган аёлларга иккита, учта, тўрттадан уйланаверинглар. Энди агар (хотинлар орасида) адолат қила олмасликдан қўрқсангиз, битта аёлга (уйланинг) ёки қўл остингиздаги чўри билан (кифояланинг). Мана шу жабру зулмга ўтиб кетмаслигингизга яқинроқ ишдир.
Bu oyati karimaning maʼnolarini toʻgʻri tushunish, undan kelib chiqadigan hukmlarni oʻz oʻrnida anglash uchun bir qancha qoʻshimcha maʼlumotlarga ehtiyoj tushadi. Sirtdan qaraganda, yetimlarga adolat qila olmaslikdan qoʻrqqan kishiga ikkita, uchta yoki toʻrtta xotin olishni tavsiya qilish gʻalati tuyuladi. Bu sirni anglashda bizga imom Buxoriy Ibn Shihobdan qilgan rivoyat yordam beradi: «Menga Urvatu ibn Zubayr xabar berdiki, u Oisha onamizdan,
«Agar yetimlarga adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangiz» oyati haqida soʻragan ekan, u kishi roziyallohu anho: «Ey jiyan! Bir yetim qiz kafilining qaramogʻida boʻladi. Qiz uning moliga sherik boʻladi. Qizning moli ham, jamoli ham uni oʻziga tortadi-da, uning mahrida adolatli boʻlmay, unga uylanmoqchi boʻladi. Unga boshqalar beradigan mahrni bermoqchi boʻladi. Bas, adolatli boʻlmasalar, ularga uylanishdan qaytarildilar, boshqa ayollarga uylanishga amr qilindilar», deb javob qilibdilar. Demak, oyatdagi «yetimlar»dan murod yetim qizlar ekan. Yetim qizlarga ularni oʻz kafolatiga–himoyasiga olgan kishi uylanmoqchi boʻlsa-yu, ammo bu ishda adolatsizlikka yoʻl qoʻyishdan qoʻrqsa, oʻsha yetim qizlarga uylanishni qoʻysinda, boshqa oʻziga yoqqan, nikohi halol boʻlgan ayollardan xohishiga qarab ikkitagami, uchtagami, toʻrttagami uylansin. Agar xotinlar orasida adolat oʻrnata olmaslikdan qoʻrqsa, bittaga uylansin yoki choʻri tutish bilan kifoyalansin.
Yetim qizlarga adolatsizlik faqat mol-mulk borasida emas, chunki oyatda adolat mol-mulk bilan birga qayd qilinmasdan, mutloq zikr etilgandir. Shuning uchun, har qanaqa adolatsizlikning yuz berishidan saqlanish kerak. Jumladan, erkak bu qizga faqat moli uchun uylanganda, oʻziga nisbatan koʻngli boʻlmasligi mumkin. Yoki oradagi yoshda katta farq boʻlish natijasida oilaviy hayotning haqiqiy maʼnosi qiz hayotida oʻz ifodasini umuman topmasligi mumkin. Va hokazo... bular ham adolatsizlikdir.
Oyati karimadagi
«... oʻzingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, toʻrttami nikohlab oling», jumlasidan Islom dini ruxsat bergan koʻpxotinlilik hukmi olingan. Bu oyatning oʻzini odamlar bilmasa ham, uning hukmini doʻst-dushman yaxshi biladi. Chunki ular Islomga dushmanlik qilish yoʻlida goʻyo shu nuqtada qulay imkon topganlar. Agar din dushmanlarining bu masaladagi shovqin-suronlariga eʼtibor beriladigan boʻlsa, xuddi Islom faqat shu masaladan iboratga oʻxshab koʻrinadi. Islomdan soʻz ochilishi bilan shunga yopishib olishadi. Goʻyoki Islom shariati musulmon erkaklarga toʻrttadan xotin olishni farz qilgandek fikr yuritishadi. Bu holat asrlar davomida Islomga qarshi dushmanlar tomonidan olib borilgan targʻibotlarning samarasidir. Hatto baʼzi oʻzini musulmon hisoblab yurganlar ham bu targʻibot taʼsiriga tushib qolganlar. Ular umuman hech bir narsa bilan, jumladan, ushbu oyati karima bilan ham tanishmay turib, dushmanlarning gaplarini toʻtiday takrorlayveradilar. Hech boʻlmasa, bu oyatni oʻqiganlarida edi, uning ikkinchi yarmida
«Agar adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangiz, bittani (oling)» jumlasini koʻrardilar.
Bu masalaga mufassalroq toʻxtalmasak boʻlmaydi.
Islomning koʻpxotinlikka ruxsatiga qarshi shov-shuv koʻtaradiganlar, asosan, gʻarbliklardir. Ular qadimdan Islomga nisbatan adovatda boʻlishlari bilan birga, ayni bu masalaga alohida urgʻu beradilar.
Avvalo, ularning tabiati shuni taqozo etadi, chunki ular mijozi sovuq kishilar boʻlib, koʻpincha bitta xotin bilan yashashga ham qiynalib qoladilar. Ammo Islom butun dunyoga yuborilgan din ekaniga eʼtibor bermaydilar. Dunyodagi barcha xalqlarning dini oʻlaroq, Islom sovuq mijozli shimolliklarga ham, issiq mijozli janubliklarga ham mos hukmlarni joriy qilgandir. Jumladan, oila masalasida ham. Lekin bunda imkoni yoʻqlarni, bittadan ortiq xotinga ehtiyoji boʻlmaganlarni koʻpxotinlikka majbur qilinmaydi. Ham jinsiy quvvat, ham mablagʻ jihatidan imkoni bor kishilarga, ular harom yoʻlga yurib ketmasliklari uchun, zarurat yuzasidan koʻpxotinli boʻlishga ruxsat beriladi. Bu–masalaning bir hikmati.
Ikkinchidan, hozirgi kunimizgacha aholini roʻyxatga olish natijalariga nazar solsak, hamisha ayollar erkaklarga nisbatan sezilarli darajada koʻp boʻlganini koʻramiz. Yosh goʻdaklar ichida ham oʻgʻil bolalarda qiz bolalarga nisbatan oʻlim koʻp. Yoʻl hodisalari, turli turmush hodisalari va qolaversa, urushlarda asosan erkaklar oʻladi. Demak, jamiyatimizda ayollar erkaklardan koʻp boʻladi. Agar bir erkak bir xotinga uylansa, ortib qolgan ayollar nima qiladilar? Ular ham inson, Alloh bergan jinsiy mayl bor, oilali, erli, farzandli boʻlishni xohlaydilar. Ammo iloji yoʻq. Erkaklar hammasi band. Xoʻsh, bunday holda mazkur ayollar oʻz muammolarini qanday hal etadilar? Buning faraziy uch yoʻli bor:
Birinchisi–harom yoʻlga yurish. Jinsiy ehtiyojini qondirish nuqtai nazaridan zino qiladi; nasl qoldirish ehtiyoji nuqtai nazaridan haromi bola orttiradi.
Ikkinchisi–birovning oilasini buzib, xotinidan ajratib, bolalarini tirik yetim qilib, tegib olish.
Uchinchisi esa–halol-pok, rozi-rizolik yoʻli bilan ikkinchi xotin boʻlish.
Albatta, oʻzini qadrlagan, halol-pok boʻlishni xohlagan ayol avvalgi ikki yoʻlni keskin rad etadi va uchinchi yoʻlni–islomiy yoʻlni tanlaydi. Insoniyat tarixi davomida bu ogʻir masalani Islomchalik insoniy bir yoʻsinda hal etgan boshqa yechim bormi?!
Uchinchidan, inson hayotida turli holatlar boʻlib turadi. Jumladan, sogʻliq masalasida ham. Deylik, bir muddat oilaviy hayot kechirib, farzandlar topib, soʻngra ayol kishi kasal boʻlib qoldi. Natijada u eriga ayollik vazifasini toʻliq ado eta olmaydi. Erkak esa, hali jismonan baquvvat. Nima qilish kerak? Bu holni muolaja qilishning ham uch yoʻli bor:
Birinchi yoʻl–er boshqa ayollar bilan zino qilib, harom yoʻlga kirib ketishi kerak. Bu yechimning turgan-bitgani zarar. Avvalo oʻziga: vijdon iztirobida, ikkiyuzlama hayot kechirishga majbur. Soʻngra oilasiga, farzandlariga: ular ham iztirobda, oilaning parchalanib ketish xavfi tugʻiladi. Soʻngra jamiyatga: zinokor hamisha jamiyat axloqini buzib turadi. Va hokazo.
Ikkinchi yoʻl–umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan ayolni–bolalarining onasini tashlab, boshqaga uylanib ketish. Bunda, tabiiyki, normal hayot buziladi, farzandlar tarbiyasiga futur yetadi.
Uchinchi yoʻl–kasal holdagi ayoli bilan birga, bolalari bilan birga qolib, ularning roziligi va halol-pok yoʻl bilan boshqa ayolga uylanish. Albatta, oʻzini qadrlagan, halol-pok hayot kechirishni xohlagan kishi avvalgi ikki yoʻlni keskin rad etadi va uchinchi–Islomiy yoʻlni tanlaydi.Chunki, eng toʻgʻrisi ham shudir.
Toʻrtinchidan, iymonli eru xotin oila qurib, oʻn yo undan ortiq yil birgalikda hayot kechirdilar, ammo farzand koʻrmadilar. Va faraz qilaylikki, tabiblar ayol kishida ona boʻlish imkoni yoʻqligini aniqladilar. Bu xil muammoning yechimi qanday boʻladi? Shuncha yil birga yashagan, issiq-sovuqni birgalikda oʻtkazgan ayolni haydash kerakmi? U boshqa erga tekkani bilan baribir farzand koʻrmasa? Yoki erkak ham farzandsiz oʻtishi kerakmi? Bu muammoni toʻgʻri hal qilishning yoʻli–Islom hukmidir. Avvalgi ayolni oʻzi bilan olib qolib, rozilik va halol-poklik yoʻli bilan yana bitta ayolga uylanib, baxtli hayot kechirib, farzandli boʻlish. Avvalgi befarzand ayoli ham erining bolalariga mehr qoʻyib, tarbiyalarida ishtirok etib, baxtga sherik boʻlgani hollari tajribada koʻp sinalgandir.
Koʻpxotinlilikka ruxsatning hikmatlari bular bilan tugamaydi, yana koʻp hikmatlarni keltirish mumkin. Ammo bunga oʻxshash fikrlarni aytish xuddi aybdorni himoya qilishga oʻxshab ketadi. Islom esa, ayb-nuqsoni yoʻq, hech qanday himoyaga muhtoj ham emas. U Allohning dini, uni himoya qilishni Alloh taoloning Oʻzi zimmasiga olgan.
Ammo, oʻylab koʻraylik, koʻpxotinlilikni Islom urfga kiritganmi? Yaʼni, koʻpxotinlilik hodisasi faqat Islomdami?
Tarixga nazar soladigan boʻlsak, Islomdan oldin koʻpxotinlilik hamma jamiyatlarda boʻlgan va avj olgan. Boshqa dinlarning tarix kitoblarida mingta xotini boʻlgan kishilar haqida xabarlar bor. Bu masala xususida mufassal bahs etgan ilmiy asarlarda kerakligicha hujjat va dalillar keltirilgan. Biz esa, faqat ushbu oyatlar nozil boʻlgan Arabiston yarim orolidagi holatga bir nazar solaylik.
Imom Buxoriy rivoyat qilishlaricha, Gʻaylon ibn Salama Saqafiy musulmon boʻlish arafasida oʻnta xotini bor edi. Paygʻambarimiz alayhissalom unga:
«Ulardan toʻrttasini tanlab ol», dedilar.
Imom Abu Dovud rivoyat qilishlaricha, Umayra al-Asadiy:
«Musulmon boʻlganimda sakkizta xotinim bor edi. Buni Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga zikr qilgan edim, u zot menga: «Ulardan toʻrttasini tanlab ol», dedilar», deb aytgan.
Demak, Islomdan avval ham koʻpxotinlilik nafaqat mavjud boʻlgan, balki avj olgan boʻlib, maʼlum bir son bilan chegaralanmagan ham. Kimda oʻnta xotin boʻlsa, kimda sakkizta, yigirmata yoki undan koʻp boʻlishi mumkin boʻlgan. Uzoqqa borib oʻtirmaylik; Islomning dushmani boʻlgan va diyorimizda dinga katta talafot yetkazgan Chingizxon mingta xotin olgan, deydi tarix. Xullas, Islom inson hayotiga kirib qolgan bu hayvoniy holatlarni bartaraf etib, yuqorida sanalgan va yana sanalmagan koʻp hikmatlar yuzasidan xotinlar sonini toʻrttagacha chegaralagan. Ammo bu aslo amr emas, balki ruxsatdir. Ruxsat boʻlganda ham, adolatli boʻlish sharti bilan ruxsatdir! Oyatning oʻzida ham:
«Agar adolat qila olmaslikdan qoʻrqsangiz, bittani», deyilgan.
Mazkur adolat, yaʼni, er tomonidan xotinlari orasida oʻrnatilishi lozim boʻlgan adolat muomalada, nafaqada, hayotiy ishlarida va hatto birga yotishda ham boʻlmogʻi shart. Ushbu oyat va koʻpgina hadisi shariflardan kelib chiqib, ulamolarimiz bu masalani fiqh kitoblarimizda mayda-chuydasigacha batafsil bayon qilib berishgan. Hozir ham musulmonmas jamoalarda koʻpxotinlilik mavjud. Afrikaga safar qilgan baʼzi bohislar bir qabila boshligʻidan «Nechta xotiningiz bor?» deb soʻraganida, u hisoblab-hisoblab, oxiri, nechtaligini bila olmasligini aytgan. Islom dushmanlari bu haqiqatlarni bilib-bilmaganga, koʻrib-koʻrmaganga oladilar. Chunki ular koʻpxotinlilikka emas, Islomga dushmandirlar. Koʻpxotinlilikni man qilgan oʻz jamiyatlaridagi zino, fohisha va boshqa muammolarni ham bilmaganga oladilar. Gʻarblik ayollarning koʻpxotinlilikka ruxsat berishni talab qilib harakat qilayotganlarini ham bilmaslikka oladilar.
Bu oyati karimada koʻplab dushmanlar tomonidan Islomga tuhmat toshi otilishiga bois boʻlgan yana bir masala bor. Bu narsa
«yoki qoʻlingizda mulk boʻlgan bilan (kifoyalaning)», degan jumlaga aloqadordir. Bu yerda gap quldorlik haqida, xususan, xotin kishini qul (choʻri) tutish haqida ketmoqda. Qulchilik haqida avval ham toʻxtalgan edik. Xulosa shuki, qulchilik ham xuddi koʻpxotinlilikka oʻxshab, Islomdan avval avj olgan va keng tarqalgan hodisalardandir. Islom birinchi boʻlib qulchilikka qarshi kurashni boshladi. Qul ozod qilishni ibodat darajasiga koʻtardi. Insonlarni qul qilishni esa katta gunoh hisobladi. Bu masalada batafsil bahs yuritgan kitoblarga murojaat qilsak, Islom qulchilikning hamma eshiklarini berkitganini koʻramiz. Lekin voqelikni hisobga olib, faqat bir eshikni–urushda asir tushganlarning eshigini ochib qoʻygan. Demak, bu oyatda xotinlar orasida adolat oʻrnata olmaslikdan qoʻrqqan kishilarga choʻri tutishni tavsiya qilishda ham oʻsha voqelik hisobga olingan. Choʻri tutishga berilgan ruxsat ham Islom dushmanlari tomonidan mahkam tutib olinib, aksil tashviqotlariga bayroq qilib yuriladi. Natijada, dunyoda Islom olami deganda, bexabarlarning koʻz oldiga faqat koʻpxotinlilik va choʻri ayollar keladigan boʻlib qolgan.
Ammo, bu masalaga voqelik nuqtai nazaridan qaralgandagina, uning mohiyatini toʻla tushunish mumkin.
Oʻsha davrlarda tez-tez urushlar boʻlib turar edi. Tabiiyki, urush bor joyda oʻlim bor, asir tushish bor. Dushman tomon musulmonlardan asirga tushgan erkaklarni qul, ayollarni choʻri qilar edi. Oʻz- oʻzidan, musulmonlar ham shunga yarasha muomala qilishga majbur edilar. Avvalo, imkoni boricha asirlarga yaxshi muomalada boʻlishga, ularni ozod qilishga targʻib qilinardi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlariga bagʻishlangan kitoblarni oʻqiganimizda, bunga koʻplab misollarni topamiz. Qul yoki choʻri tutishga toʻgʻri kelib qolganda esa, oʻziga yarasha hukmlarga amal qilish lozim boʻlar edi. Asirga tushgan muslima ayollarga nisbatan kofir va mushriklar vahshiyona munosabatda boʻlishlariga qaramay, musulmonlar oʻz qoʻllariga tushgan asira ayollarga shariat koʻrsatmalari asosida goʻzal munosabatda boʻlar edilar. Ularni ozod qilib yuborishga targʻib haqida gapirib oʻtdik. Endi, mabodo, tutib qolishga qaror qilinsa, nima boʻlishini oʻrganaylik.
Deylik, bir ayol asirga tushdi. Bir uyda yashamoqda. Oy oʻtadi, yil oʻtadi. Lekin u ham ayol, inson, joni bor, nafsi bor. Yomon yoʻlga kirib, Islom jamiyatidagi erkaklarni yoʻldan urib yashasinmi? Yoki oʻziga ega boʻlgan odam bilan halol-pok, sharʼiy aloqada boʻlsinmi? Bu esa, oʻsha ayolning kelajakda hur boʻlishiga yoʻl ochadi. Agar xojasi unga uylansa, uning insoniylik karomatini qayta koʻtargan boʻladi. Bunday holatlarda koʻproq hur er oʻzining choʻri xotinini ozod qiladi. Ammo ozod qilmay, choʻri holida olib yursa ham, tugʻishi bilan ayol ummu valad hisoblanadi. Shariat boʻyicha, uni sotish mumkin boʻlmay qoladi. Hamda xojasi vafot etgan kuni u ayol ozod hisoblanadi.
Ushbu holatni gʻayrimuslimlarning qoʻliga tushib qolgan ayollarning holi bilan solishtirib koʻring-a, nima farq borligini koʻrasiz.
Islomning ilk davridagi holni qoʻyaturing, bugungi kunimizdagi –taraqqiyot, madaniyat va inson huquqlari daʼvosini qilayotgan milodiy yigirma birinchi asrning avvalgi yillaridagi holatga solishtiring. Asira ayollarni nimalar qilishmayapti. Guruh-guruh boʻlib tinimsiz zoʻrlashdan tortib, ularni fohisha filmlar qilib, bozorda sotishgacha borishyapti. Insonlik maʼnolarini oyoq osti qilishyapti. Bu dahshatli ishlar choʻri tutishga ruxsat bergani uchun Islomga tuhmat toshini otayotgan Ovrupaning qoq markazida sodir etilyapti.
Oyati karima nihoyasida
«Mana shu jabr qilmasligingizga yaqinroqdir», deyilgan. «Mana shu»ndan murod–yetim qizlarga adolat qila olmaslikdan qoʻrqqanda, ularga uylanmaslik va ulardan boshqa ayollarga uylanish, xotinlar orasida adolat oʻrnata olmaslikdan qoʻrqqanda, bittaga uylanish yoki choʻrilar bilan kifoyalanishdir. Shunday qilinsa, hech kimga jabr, zulm boʻlmaydi hisob.