وَلَا تَتَمَنَّوْا۟ مَا فَضَّلَ ٱللَّهُ بِهِۦ بَعْضَكُمْ عَلَىٰ بَعْضٍ ۚ لِّلرِّجَالِ نَصِيبٌ مِّمَّا ٱكْتَسَبُوا۟ ۖ وَلِلنِّسَآءِ نَصِيبٌ مِّمَّا ٱكْتَسَبْنَ ۚ وَسْـَٔلُوا۟ ٱللَّهَ مِن فَضْلِهِۦٓ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ بِكُلِّ شَىْءٍ عَلِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh ba'zingizni ba'zingizdan afzal etgan narsalarni (hasad ila) orzu etmang. Erkaklarga o`z kasbidan nasiba bor. Ayollarga o`z kasbidan nasiba bor. Allohdan fazlini so`rang. Albatta, Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir.Аллоҳ баъзингизни баъзингиздан афзал этган нарсаларни (ҳасад ила) орзу этманг. Эркакларга ўз касбидан насиба бор. Аёлларга ўз касбидан насиба бор. Аллоҳдан фазлини сўранг. Албатта, Аллоҳ ҳар бир нарсани билувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Alloh biron neʼmat bilan biringizni biringizdan ortiq qilib qoʻygan boʻlsa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham oʻz mehnatlaridan nasiba olurlar, ayollar ham oʻz mehnatlaridan nasiba olurlar. Sizlar (birovlarga berilgan neʼmatlarga koʻz olaytirish oʻrniga) Allohning fazlu marhamatini soʻranglar. Albatta, Alloh hamma narsani bilguvchi boʻlgan Zotdir.Аллоҳ бирон неъмат билан бирингизни бирингиздан ортиқ қилиб қўйган бўлса, сизлар уни (ҳасад-адоват билан) орзу қилманг! Эркаклар ҳам ўз меҳнатларидан насиба олурлар, аёллар ҳам ўз меҳнатларидан насиба олурлар. Сизлар (бировларга берилган неъматларга кўз олайтириш ўрнига) Аллоҳнинг фазлу марҳаматини сўранглар. Албатта, Аллоҳ ҳамма нарсани билгувчи бўлган Зотдир.
Oyati karimada afzallik va fazl nimadan iborat ekanligi ochiq aytilmay, umumiy holda qoldirilgan. Buni Qurʼoniy usulga koʻra, har kim oʻz fikri, idrokiga yarasha tushunib olaveradi. Fazl sihat-salomatlikda, mansabda, molu pulda, xotirjamlikda, hilmda, obroʻ-eʼtiborda boʻlishi mumkin. Inson koʻp jihatdan oʻzidan afzal shaxsni koʻrib, unga hasad qilsa, nima uchun falonchiga boʻladi- yu, menga boʻlmaydi, deyaversa, jamiyatda oʻzaro adovat, bir-birini koʻra olmaslik kabi ijtimoiy dardlar avj oladi, oxiri borib, unday jamiyat ham, uning aʼzolari ham halokatga uchraydi. Shuning uchun ham, Alloh taolo musulmonlarni bu ogʻir gunohdan qaytarib:
«Alloh baʼzingizni baʼzingizdan afzal etgan narsalarni (hasad ila) orzu etmang», demoqda.
Shuningdek, baʼzi erkak-ayol orasida ham hasad boʻlishi mumkin. Masalan, ayollarning erkaklarga nisbatan hasadlari. Buni ushbu oyati karimaning nozil boʻlish sabablari haqidagi rivoyatlardan ham tushunib olsa boʻladi.
Imom Ahmad Mujohiddan qilgan rivoyatda: «Ummu Salama:
«Ey, Allohning Rasuli, erkaklar gʻazotga qatnashadilar, biz esa, gʻazot qilmaymiz, meros ham bizga yarim hissa beriladi?» dedi. Shunda Alloh taolo: «Alloh baʼzingizni baʼzingizdan afzal etgan narsalarni (hasad ila) orzu etmang» oyatini tushirdi», deyiladi. Abdurazzoq Muammardan qilgan rivoyatda: «Bu oyat ayollarning «biz ham erkak boʻlganimizda, ular jihod qilganidek jihod qilar edik», deganlarida nozil boʻlgan», deyiladi.
Shuning uchun ham, oyati karimada:
«Erkaklarga oʻz kasbidan nasiba bor, ayollarga oʻz kasbidan nasiba bor», deyilmoqda.
Yaʼni, har kim oʻz holatiga yarasha kasb qiladi va har kim oʻz kasbiga yarasha topadi, faqat, kasbini koʻproq qilish kerak. Birovlarga berilgan neʼmatlarga hasad oʻrniga ham harakat qilish lozim. Harakat sendan, barakat Allohdan. Demak, banda harakat qilar ekan, Allohdan barakat ham soʻrashi kerak:
«Allohdan fazlini soʻrang».
Shunisi foyda. Chunki Alloh taolo soʻragan bandasini noumid qoʻymaydi.
Imom Termiziy Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Allohdan fazlini soʻrang, zero, Alloh soʻralishni xush koʻradi. Ibodatning afzali kushoyishni kutishdir», deganlar. Ixlos bilan fazli ulugʻ Allohning Oʻzidan fazl soʻrash bandaning ishi, fazlidan berish esa, Allohning ishi. U Zotning Oʻzi bilib beradi:
«Albatta, Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir».
Kimga nimani va qancha berishni ham yaxshi biladi. Kimga molu dunyo, kimga ilm, kimgadir mansab va hokazolar beradi. Shuningdek, erkakni erkak, ayolni ayol qilib yaratgan Zot ularni nimaga buyurishni ham yaxshi biladi. Modomiki, erkaklarga jihodni farz qilgan ekan, ularni jihodga mos va yaroqli etib yaratganidandir. Bunda ayolni kamsitish maʼnosi aslo yoʻq, balki ulugʻlash maʼnosi bor. Avvalo, Alloh taolo ayolni ayol qilib yaratgan, uning nimaga munosib va nimaga yaroqli ekanini yaxshi biladi. Ikkinchidan, u xotin kishiga jihodni farz qilmasa-da, man ham qilgani yoʻq. Zarurat tugʻilib qolsa, ayol ham jihodga chiqsa boʻlaveradi. Tarixda bunga misollar juda ham koʻp.
Qolaversa, erkak kishidek, jihodga qurol koʻtarib chiqmasa ham, erkak kishini tugʻib, tarbiya qilib, oʻstirgan ham shu ayol. Uni qoʻliga qurol oladigan holga keltirishda ham shu ayolning xizmati katta. Alloh taolo ayolni shunday ishga moslab yaratgan. Bu ishni erkaklar hech qachon uddalay bilmaydilar. Erkaklar jihodda oʻlib ketsalar, ayollar yangi erkaklarni tugʻib, yana tarbiyalayveradilar. Ammo, ayol jihodda qatnashib oʻlsa, bolani kim tugʻadi? Shu boisdan ham, bola tugʻishdagi toʻlgʻoq qiyinchiliklari jihodga tenglashtirildi, unga jihodning savobi vaʼda qilindi.
Meros masalasida ham–shu. Ayollarga erkaklarga berilgan ulushning yarmi tegishi ular qadrining pastligidan emas. Buni avvalgi oyatlar tafsirida ham aytib oʻtildi. Balki, bu taqsim adolatning ayni oʻzidir. Erkak kishi koʻplab mol sarflashiga toʻgʻri keladi. Jumladan, ayolga uylanish vaqtida unga mahr beradi, oila sarfharajatini boʻyniga oladi. Shuningdek, ayolni va bolalarni boqish, kiyintirish hamda boshqa sarflar ham erkak zimmasida. Ayollarga esa, hech qanday taklif yoʻq, hatto oʻziga sarflash ham taklif qilinmagan. Bundan tashqari, erkak kishi boshqa qarindoshlariga nafaqa berishi kerak, lozim boʻlsa, xun toʻlash, yetkazilgan tan jarohatining evazini toʻlash, beva-bechoralarga yordam berish kabi vazifalar ham erkakka yuklatilgan. Ayol kishi bularning barchasidan ozod qilingan. Holbuki, shu kabi daʼvolar bilan johiliyatda ayol kishiga hech qanday meros berilmas, aksincha, uning oʻzi meros tariqasida olinar edi. Ammo, Islom ayolning shaʼnini koʻtarib, oʻziga yarasha meros haqqini tayin qildi.
Demak, Alloh baʼzi shaxslarni boshqalardan afzal qilib qoʻysa, unga hasad qilmaslik kerak, balki fazlni Yaratuvchining Oʻzidan soʻrash lozim.
Keyingi oyatda meros haqidagi baʼzi bir masalalar bayon qilingan: