وَلِكُلٍّ جَعَلْنَا مَوَٰلِىَ مِمَّا تَرَكَ ٱلْوَٰلِدَانِ وَٱلْأَقْرَبُونَ ۚ وَٱلَّذِينَ عَقَدَتْ أَيْمَـٰنُكُمْ فَـَٔاتُوهُمْ نَصِيبَهُمْ ۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلَىٰ كُلِّ شَىْءٍ شَهِيدًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ota-ona va qarindoshlar qoldirgan narsaga har bir kishi uchun merosxo`rlar qildik. Qasamingiz ila bog`langanlarga nasibasini bering. Albatta, Alloh har bir narsaga shohiddir.Ота-она ва қариндошлар қолдирган нарсага ҳар бир киши учун меросхўрлар қилдик. Қасамингиз ила боғланганларга насибасини беринг. Албатта, Аллоҳ ҳар бир нарсага шоҳиддир.Alauddin Mansour: Har bir inson uchun ota-ona va qarindoshlar qoldirib ketgan merosdan (bahramand boʻlguvchi) merosxoʻrlar qilib qoʻydik. Kimlar bilan ahd-paymon qilgan boʻlsangiz, bas, ularga oʻz hissalarini beringiz! Albatta, Alloh hamma narsaga guvoh boʻlgan Zotdir.Ҳар бир инсон учун ота-она ва қариндошлар қолдириб кетган меросдан (баҳраманд бўлгувчи) меросхўрлар қилиб қўйдик. Кимлар билан аҳд-паймон қилган бўлсангиз, бас, уларга ўз ҳиссаларини берингиз! Албатта, Аллоҳ ҳамма нарсага гувоҳ бўлган Зотдир.
Yaʼni, har bir odamning qarindoshlari merosxoʻri boʻladi. U ota-onasi va qarindoshlaridan meros olganidek, undan ham bolalari va qarindoshlari meros oladi.
«Ota-ona va qarindoshlar qoldirgan narsaga har bir kishi uchun merosxoʻrlar qildik».
Shunday qilib, mol avloddan avlodga oʻtib turadi. Oyati karimadagi:
«Qasamingiz ila bogʻlanganlarga nasibasini bering», degan jumlada merosga taalluqli, qarindosh boʻlmagan shaxslarga ishora qilinmoqda. Islomning dastlabki bosqichida shunday shaxslar boʻlgan. Bunday bogʻlanishni arab tilida «muvolot» deyiladi. Buni biz «doʻstlashish» deb tarjima qilsak, bir oz asl maʼnoga yaqinlashishi mumkin. Mazkur muvolotdan biri ozod qilish muvolotidir. Yaʼni, bir qulni ozod qilgan kishi ahdlashib, unga merosxoʻr boʻlishi mumkin. Ammo, buning ikki sharti bor. Biri–ozod boʻlgan qulning oʻz merosxoʻri boʻlmasligi kerak. Ikkinchidan, ozod qilgan kishi qul tiriklik davrida jinoyat qilsa, xun toʻlashni boʻyniga olishi kerak.
Mazkur muvolotlarning yana biri mavlolik muvolotidir. Bunda merosxoʻri yoʻq arabmas kishi ahdlashib, arab odam bilan doʻst boʻladi. U oʻz doʻstining oila aʼzosiga aylanadi. Bunga binoan, doʻst jinoyat sodir qilganda xun toʻlaydi. Oʻlsa, merosni oladi.
Uchinchi muvolot–doʻstlik muvolotidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynai Munavvaraga hijrat qilib kelganlarida muhojirlar va ansoriylarni bir-birlari bilan doʻst qilganlar. Ushbu doʻstlik asosida bir-birlaridan meros oladigan ham boʻlganlar.
Buning ustiga, johiliyat odatiga koʻra, kishilar bir-birlari bilan: «Men oʻlsam, merosimni olasan, sen oʻlsang, merosingni olaman», deb ahdlashib olish ham bor edi.
Meros haqida tushgan yakuniy oyatlar esa, merosning faqat qarindoshlarga boʻlishini amr etdi. Oʻz-oʻzidan, «Avvaldan meros haqida qilgan ahdnomalarimiz, hatto qasam ichib qoʻygan kelishuvlarimiz nima boʻldi?» degan savol paydo boʻlgan. Bunga javoban bu oyatda:
«Qasamingiz ila bogʻlanganlarga nasibasini bering», deyilmoqda.
Yaʼni, oyat tushishidan oldingi ahdlaringizga amal qiling, ularga merosdan bering, bu borada yangi ahd qilmang. Agar bu ishda koʻrsatmani bajarmaydigan boʻlsangiz, oʻzingizga qilasiz, chunki
«Alloh har bir narsaga shohiddir».
Kelasi oyatlarda oilani tartibga solish, har kimga oʻz xususiyatiga qarab ish belgilash, vujudga keladigan muammolarni hal qilish yoʻllari haqida soʻz ketadi: