ٱلرِّجَالُ قَوَّٰمُونَ عَلَى ٱلنِّسَآءِ بِمَا فَضَّلَ ٱللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَىٰ بَعْضٍ وَبِمَآ أَنفَقُوا۟ مِنْ أَمْوَٰلِهِمْ ۚ فَٱلصَّـٰلِحَـٰتُ قَـٰنِتَـٰتٌ حَـٰفِظَـٰتٌ لِّلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ ٱللَّهُ ۚ وَٱلَّـٰتِى تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَٱهْجُرُوهُنَّ فِى ٱلْمَضَاجِعِ وَٱضْرِبُوهُنَّ ۖ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا۟ عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا ۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh ba'zilarini ba'zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar. Soliha ayollar — itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo`yicha g`oyib (er)larining muhofazasini qiluvchilardir. Bosh ko`tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va'z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo`l axtarmang. Albatta, Alloh yuksak maqomli buyuk Zotdir.Аллоҳ баъзиларини баъзиларидан устун қилгани ва молларидан сарфлаганлари учун эркаклар аёлларга раҳбардирлар. Солиҳа аёллар — итоаткор ва Аллоҳнинг ҳифзи-ҳимояси бўйича ғойиб (эр)ларининг муҳофазасини қилувчилардир. Бош кўтаришларидан хавф қилинган аёлларга ваъз-насиҳат қилинг, ётоқларида ҳижрон қилинг ва уринг. Агар итоат қилсалар, уларга қарши бошқа йўл ахтарманг. Албатта, Аллоҳ юксак мақомли буюк Зотдир.Alauddin Mansour: Erkaklar xotinlari ustida rahbardirlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (yaʼni, erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) oʻz mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yoʻqligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining mol-mulklarini va oʻz iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qoʻrqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, soʻng (yaʼni, nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang), soʻngra (yaʼni, shunda ham sizlarga boʻysunmasalar), uringlar! Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yoʻl axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk boʻlgan Zotdir.Эркаклар хотинлари устида раҳбардирлар. Бунга сабаб Аллоҳ уларнинг бировларини бировларидан (яъни, эркакларни аёллардан) ортиқ қилгани ва эркаклар (хотинлари ва оилалари учун) ўз мол-мулкларидан сарф-харажат қилганларидир. Бас, ибодат-итоатли ва эрлари йўқлигида Аллоҳнинг ҳифзу ҳимояти билан (эрларининг мол-мулкларини ва ўз иффатларини) сақловчи хотинлар — яхши хотинлардир. Хотинларингизнинг итоатсизлигидан қўрқсангиз, аввало уларга панд-насиҳат қилинглар, сўнг (яъни, насиҳатларинг кор қилмаса) уларни ётоқларда тарк қилингиз (улар билан бир жойда ётманг, яқинлашманг), сўнгра (яъни, шунда ҳам сизларга бўйсунмасалар), уринглар! Аммо сизларга итоат қилсалар, уларга қарши бошқа йўл ахтарманглар. Албатта, Аллоҳ энг юксак ва буюк бўлган Зотдир.
Har bir jamiyatga rahbar lozim. Rahbari boʻlmagan jamiyatda tartib-intizom, tinchlik-omonlik va xayr-baraka boʻlmaydi. Islom taʼlimotlari boʻyicha, oila eng muhim jamiyat boʻlib, katta jamiyatning asosiy gʻishti hisoblanadi. Gʻishtlari pishiq imorat mustahkam boʻlganidek, oilalari ahil-mustahkam boʻlgan jamiyat ham baquvvat boʻladi. Shunday muhim muassasa boʻlgan oilaning rahbari boʻlmasligi mumkin emas. Nima uchun Islomda oila rahbarligi erkakka beriladi? Bu savolga ushbu oyati karimada shunday javob beriladi:
«Alloh baʼzilarini baʼzilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar».
Demak, oila rahbarligi bobida Alloh erkakni ayoldan afzal qilib yaratibdi. Darhaqiqat, erkak kishi oʻzining jismoniy tuzilishi, ichki va tashqi qiyofasi, asabiy, ruhiy-nafsoniy va boshqa jihatlaridan oila rahbari boʻlishga mos yaratilgan. Buning ustiga, oilani qurish va uni tutib turish, bu yoʻldagi barcha sarf-harajatlar ham erkak kishi zimmasida. U katta mehnat evaziga topilgan molu mulkining behuda ketmasligi lozimligini oʻylaydi, oilani mustahkam holda tutib turishning chora-tadbirlarini koʻrishga majbur boʻladi.
Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmaydi. Jumladan, erkak kishi oila rahbari boʻlsa va u oʻz rahbarligini shariatda koʻrsatilgandek ado etsa, bunday oilalar baxt-saodatga sohib boʻlmoqda. Bu koʻrsatmaga yurmagan oilalar esa, baxtsizlikka uchramoqda, shundaylardan tashkil topgan jamiyatlar ham baxtsizlikka duchor boʻlmoqda. Bu yerda gapni choʻzib oʻtirishning hojati boʻlmasa kerak.
Ammo, musulmon jamiyatlarda ham baʼzan bu umumiy qoida buzilganini koʻramiz. Erkak rahbar boʻlgan oilada ham noqulayliklar yuzaga kelib turadi. Agar shunday boʻlayotgan boʻlsa, odamlarning, xususan, oʻzini musulmon hisoblayotganlarning aybi bilandir. Afsuski, koʻplar oyati karimada koʻzda tutilgan rahbarlikni qahr, jabr va zulm oʻtkazishning imkoni deb tushunadilar. Aslida, bu rahbarlik masʼuliyatdir. Masʼuliyat boʻlganida ham, ulkan masʼuliyatdir. Ushbu masʼuliyatga binoan, erkak kishi oilaning, jumladan, ayolning homiyligini, boquvchiligini, muhofazasini ado etmogʻi lozim.
«Soliha ayollar – itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi boʻyicha gʻoyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».
Yaʼni, moʻmina, soliha ayollarning tabiatida eriga itoatkorlik bordir. Biz «itoatkorlik» deb tarjima qilayotgan soʻz oyati karimada «qonitatun» lafzi ila kelgan. Bu soʻz oʻz irodasi, ragʻbati va muhabbati ila itoat qilish maʼnosini anglatadi. Demak, moʻmina, soliha ayollarning erlariga itoati oʻz masʼuliyatini tushungan holdan kelib chiqqan boʻladi. Qoʻrqqanidan, majburlashdan yoki boshqa biror boisdan emas. Bu itoat oʻzini tushungan, hayotdagi oʻrnini, vazifasi va masʼuliyatini his etgan goʻzal insonning itoatidir.
Moʻmina, soliha ayollarning tabiatlaridan yana biri–ular:
«Allohning hifzi-himoyasi boʻyicha gʻoyib(er)larining muhofazasini qiluvchilardir».
Yaʼni, erlari yonlarida turgan paytlardagina emas, ular biror sabab bilan oiladan uzoqda boʻlgan chogʻlarida ham ularning haq- huquqlarini, obroʻ-eʼtiborlarini muhofaza qiladilar. Muhofaza qilishlari havoi nafsga muvofiq yoki oʻz fikrlaricha, yoxud erlarining talabiga binoan boʻlmaydi. Balki, bu borada yagona hakam, belgilab beruvchi oliy tomon–Alloh taolo bor. Shuning uchun ham, oyatda «Allohning hifzi-himoyasi boʻyicha», deyilmoqda. Allohning hifz qilishga buyurgan narsalarini muhofaza qiladilar.
Imom ibn Jarir Tobariy va Ibn Abi Hotimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alay- hissalom:
«Ayollarning yaxshisi–nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va gʻoyib boʻlsang, seni oʻz nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir», deganlar.
Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Agar ayol kishi besh vaqt namozini oʻqisa, bir oy roʻzasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: «Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver», deyiladi», deganlar.
Lekin besh qoʻl ham barobar emas, baʼzi ayollar solihalik maqomiga loyiq boʻla olmaydilar. Haddilarida turmay, erlariga qarshi bosh koʻtarib, beodoblik, itoatsizlik koʻrsatadilar. Shunday hollarda nima qilish kerak? Ularga holatlariga qarab muomala qilinadi. Itoatsizlik alomatlari koʻrinib, erni behurmat qila boshlaganida, unga vaʼz-nasihat qilinadi. Vaʼz-nasihat samara berib, munosabatlar izga tushib ketsa, ayni murod. Agar foyda bermasa, xotinning itoatsizligi, isyoni davom etaversa, boshqa chora koʻriladi.
Ikkinchi bosqich chora–hijron, birga yotmaslik, gaplashmaslikdir. Albatta, hijron vaʼz-nasihatdan koʻra ancha taʼsirlidir. Chunki, bu masalada ayollar juda hassos boʻladilar. Erlarining ularga eʼtiborsizligi, gaplashmay qoʻygani koʻzlarini kattaroq ochishga majbur etadi. Hali insoflarini yoʻqotmagan boʻlsalar, oʻzlariga kelishlariga, xatolarini tuzatishlariga sabab boʻladi. Ammo, bu chora ham taʼsir qilmasa, ayol butkul insofini yutib, itoatsizlikda, isyonda davom etaversa, bu uning yaxshilik bilan yoʻlga kirmasligining alomati. Endi unga nisbatan yanada taʼsirchanroq chora– oʻzini bilmaganlarga qilinadigan muomala qoʻl-laniladi.
Yaʼni, uriladi.
«Bosh koʻtarishlaridan xavf qilingan ayollarga vaʼz-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring».
Ammo, urish deganda, qattiq kaltaklash, aʼzolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunilmasin. Oʻtgan ahli solih ulamolarning birlaridan ushbu oyati karimada izn berilgan urishning maʼnosi soʻralganida, misvok yoki biror barmogʻi bilan turtish, degan ekanlar.
Hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, Muoviya ibn Hayra alQushayriy roziyallohu anhu:
«Ey, Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?» deb soʻraganida, Paygʻambar alayhissalom:
«Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon soʻkma, tashqarida hijron qilma», deganlar.
Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Allohning choʻrilarini urmanglar!» deganlar.
Bunga oʻxshash hadislar koʻp. Koʻrinib turibdiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat uchun, oʻzini bilmagan ayollarga taʼsir oʻtkazish uchundir.
Ayol kishi tabiatan achchigʻi tez chiqadigan, taʼsirchan, shoshqaloq boʻladi. Sal narsa bahonasida eriga nisbatan itoatsizlik va beodoblik qilib qoʻyishi mumkin. Ammo, keyin oʻziga kelib, itoatga qaytsa, ularga qarshi chora koʻrishga zarurat qolmaydi. Yuqorida sanalgan chora-tadbirlarni ham qoʻllash shart boʻlmaydi.
«Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yoʻl axtarmang».
Bu narsa oilani mustahkamlashga omil boʻladigan ishdir. Chunki, bir-biriga nisbatan kechirimli boʻlish doimo yaxshilik omilidir. Agar kim bu koʻrsatmalarga yurmasa, oʻzidan koʻrsin. Chunki:
«Albatta, Alloh yuksak maqomli va buyuk Zotdir».
Mazkur choralarni qoʻllash bilan oilaviy muammolar batamom hal boʻlib qolmaydi. Baʼzida bular ham naf bermasligi mumkin. Unday holatda nima qilish kerakligini keyingi oyat bayon qiladi: