يَـٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ لَا تَقْرَبُوا۟ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنتُمْ سُكَـٰرَىٰ حَتَّىٰ تَعْلَمُوا۟ مَا تَقُولُونَ وَلَا جُنُبًا إِلَّا عَابِرِى سَبِيلٍ حَتَّىٰ تَغْتَسِلُوا۟ ۚ وَإِن كُنتُم مَّرْضَىٰٓ أَوْ عَلَىٰ سَفَرٍ أَوْ جَآءَ أَحَدٌ مِّنكُم مِّنَ ٱلْغَآئِطِ أَوْ لَـٰمَسْتُمُ ٱلنِّسَآءَ فَلَمْ تَجِدُوا۟ مَآءً فَتَيَمَّمُوا۟ صَعِيدًا طَيِّبًا فَٱمْسَحُوا۟ بِوُجُوهِكُمْ وَأَيْدِيكُمْ ۗ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ عَفُوًّا غَفُورًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ey, iymon keltirganlar! Mast holingizda — to aytayotgan gapingizni biladigan bo`lmaguningizcha — namozga yaqinlashmang va junub holingizda ham, to g`usl qilmaguningizcha. Magar yo`ldan o`tuvchi bo`lsa, mayli. Agar bemor yoki safarda bo`lsangiz yoki sizdan biringiz tahoratxonadan kelsa yoxud ayollarga yaqinlashgan bo`lsangiz-u, suv topa olmasangiz, pokiza tuproq-la tayammum qiling. Bas, yuzingizga va qo`llaringizga mas'h torting. Albatta, Alloh afv etuvchi va mag`firat qiluvchi Zotdir.Эй, иймон келтирганлар! Маст ҳолингизда — то айтаётган гапингизни биладиган бўлмагунингизча — намозга яқинлашманг ва жунуб ҳолингизда ҳам, то ғусл қилмагунингизча. Магар йўлдан ўтувчи бўлса, майли. Агар бемор ёки сафарда бўлсангиз ёки сиздан бирингиз таҳоратхонадан келса ёхуд аёлларга яқинлашган бўлсангиз-у, сув топа олмасангиз, покиза тупроқ-ла таяммум қилинг. Бас, юзингизга ва қўлларингизга масҳ тортинг. Албатта, Аллоҳ афв этувчи ва мағфират қилувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Ey moʻminlar, toki gapirayotgan gaplaringizni bilmaguningizcha mast holingizda namozga yaqin kelmanglar. Va yana safarda boʻlmasangiz to choʻmilmaguningizcha junub holingizda (namozga yaqin kelmang). Agar betob yo safarda boʻlsangizlar, yoki sizlardan biron kishi hojatxonadan chiqqan boʻlsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlashgan boʻlsangiz va (mazkur holatlarda) suv topa olmasangiz pokiza tuproq bilan tayammum qilib, yuz va qoʻllaringizga surtinglar. Albatta, Alloh afv etuvchi va magʻfiratli boʻlgan Zotdir.Эй мўминлар, токи гапираётган гапларингизни билмагунингизча маст ҳолингизда намозга яқин келманглар. Ва яна сафарда бўлмасангиз то чўмилмагунингизча жунуб ҳолингизда (намозга яқин келманг). Агар бетоб ё сафарда бўлсангизлар, ёки сизлардан бирон киши ҳожатхонадан чиққан бўлса, ёхуд хотинларингиз билан яқинлашган бўлсангиз ва (мазкур ҳолатларда) сув топа олмасангиз покиза тупроқ билан таяммум қилиб, юз ва қўлларингизга суртинглар. Албатта, Аллоҳ афв этувчи ва мағфиратли бўлган Зотдир.
Bu oyati karimada koʻpgina hukmlar bayon etilgandir. Shu bilan birga, aroqni harom qilish yoʻlida tatbiq qilingan choraning yana bir bosqichi ham shu oyati karimadan joy olgandir.
«Niso» surasida musulmonlar jamiyatini johiliyat urf-odatlari va hukmlaridan tozalash jarayoni aks etgan, deb aytdik. Johiliyat davrida keng avj olgan razolatlardan biri aroqxoʻrlik edi. Kishilar aroqsiz hayotni tasavvur qila olmas edi. Shoirlar uni oʻz sheʼrlarida madh etar edilar. Kishilar oʻzaro faxrlanadigan ishlardan biri aroqxoʻrlik edi. Yaʼni, bu illat keng tarqalgan va chuqur ildiz otgan edi.
Qurʼoni Karim bu dardni davolashda oʻziga xos usul qoʻlladi. Asta-sekin, darajama-daraja yoʻl tutdi.
Avvalo, «Nahl» surasida kelgan: «Xurmo va uzum mevalaridan mast qiluvchi hamda yaxshi rizq olursizlar» degan oyatni nozil qildi. Bu oyatda aroqning yaxshi narsa emasligiga ishora bor, xolos. Yaʼni, Alloh taolo mast qiluvchi ichimlikni yaxshi rizqqa qarshi qoʻymoqda. Aroq yaxshi rizq boʻlmaganidan keyin, demak, yomon rizq boʻladi-da. Xuddi shu ishoraning oʻzi baʼzi bir hassos insonlarning aroqdan uzoqlashishiga sabab boʻlgan. Ayni paytda musulmonlarning koʻpchilik ommasi uning yomon narsa ekanini tushunganlar. Birmuncha vaqt oʻtgandan soʻng odamlar Paygʻambar alayhissalomdan aroq va qimor haqida soʻraganlarida, Alloh taolo «Baqara» surasidagi: «Sendan aroq va qimor haqida soʻraydilar. Ularda katta gunoh va odamlarga manfaat bordir. Gunohlari nafidan kattadir», deb aytgin», degan oyatni nozil qilgan. Bu oyat avvalgisini qoʻllab- quvvatladi. Odamlarning Paygʻambar alayhissalomdan aroq haqida soʻrashlari ham bejiz emas edi. Chunki, islomiy jamiyatda nooʻrin, gunoh ishlarni idrok etish hissi kishilarda kuchayib borayotgan edi. Bu oyat nozil boʻlgandan keyin musulmonlarda aroqqa nisbatan nafrat hissi yana ham kuchaydi. Koʻpchilik ichishni tashladi. Lekin bu, aroqni tamomila harom etish, degani emas edi.
Imom Termiziy va Ibn Abi Hotimlar Ali ibn Abi Tolib karramallohu vajhahudan rivoyat qilgan hadisda, u kishi quyidagilarni aytadilar:
«Abdurrohman ibn Avf taom qilib bizni mehmonga chaqirdi. Aroq ham quyib berdi. Bizga aroq oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Namoz vaqti boʻlib qoluvdi, falonchini oldinga–imomlikka oʻtkazdilar. U «Ey kofirlar! Siz ibodat qiladiganga men ibodat qilmayman va siz ibodat qiladiganga biz ibodat qilamiz», deb oʻqib yubordi. Shunda Alloh:
«Ey, iymon keltirganlar! Mast holingizda–to aytayotgan gapingizni biladigan boʻlmaguningizcha – namozga yaqinlashmang...» degan oyatini nozil qildi. Bu musulmonlarga qattiq taʼsir qildi. Chunki, namoz eng zoʻr ibodat, ularning koʻz qorachigʻi hisoblanar edi.
Ikkinchidan, kofirlar bilan tikma-tik tortishib turgan gʻoyalari ular ibodat qilgan narsaga ibodat qilmaslik edi. Namozda turib oyat maʼnosini teskari qilib, «siz ibodat qilganga biz ibodat qilamiz», deb yuborilishi katta musiybat edi. Ushbu oyat tushgandan soʻng, aroq ichish imkoni yana ham kamaydi. Chunki besh vaqt namozning orasida mast boʻlmay turish oson emas edi. Keyinroq aroqni butunlay harom qiluvchi oyat nozil boʻldi.
Shu tariqa Islom toʻrttagina oyat bilan asrlar boʻyi tuzalmas dard boʻlib kelayotgan ijtimoiy illatni muolaja qildi. Hozirgacha hech kim bu ishni uddalay olmayapti. Albatta, hozir biz oʻrganayotgan oyatdagi hukm vaqtinchalik hisoblangan. Chunki keyin tushgan oyat aroqni butkul, bir tomchisini ham harom qilgan.
«va junub holingizda ham to gʻusl qilmaguningizcha».
Bunga binoan, erkak boʻlsin, ayol boʻlsin, junub shaxslar namoz oʻqiy olmaydilar. Ushbu hukm nifos va hayzdagi ayollarga ham joriydir. Ular nifos va hayzdan poklanib, gʻusl qilib, keyin namoz oʻqiydilar.
Oyati karimadagi:
«Magar yoʻldan oʻtuvchi boʻlsa, mayli» jumlasining maʼnosi haqida ulamolar bir qancha bahslar yuritganlar. Baʼzilar buning maʼnosi–safardagi odam junub boʻlib qolsa-yu, gʻusl qilishga suv va imkoniyat topa olmasa, junub boʻyicha tayammum bilan namoz oʻqiyveradi, deganlar. Boshqalari esa, bundan maqsad masjidga junub holida yaqin kelmaslik. Magar yoʻl sifatida masjiddan yurib oʻtsa, mayli, deganidir, deb taʼviyl qilganlar. Ushbu oyati karima nozil boʻlgan paytlarida ayrim ansoriy sahobalarning hujra eshiklari masjidga qaragan edi. Yaʼni, xonasidan chiqishi bilan masjidga qadam qoʻyishar ekan. Baʼzi holatlarda xonada suv boʻlmasa-yu, junub boʻlib qolsalar, suv olishga borish uchun masjiddan oʻtishga majbur boʻlar ekanlar. Ana oʻshalarni «yoʻldan oʻtuvchi» deyilmoqda. Paygʻambarimiz alayhissalom umrlarining oxirlariga kelib: «Abu Bakrning darchasidan boshqa masjid tomondan ochilgan darchalarni berkitinglar», deganlarini imom Buxoriy rivoyat qilganlar. Hazrati Abu Bakr keyinchalik xalifa boʻlishlarini, masjidga koʻp chiqishlari zarurligini koʻzda tutib shunday degan ekanlar.
Ushbu oʻrgangan jumlamizdan tahoratsiz namoz oʻqib boʻlmasligini anglab oldik. Junub boʻlgan odam gʻusl qilmaguncha namozga yaqin kelmasligi kerak ekan. Mabodo, gʻusl qilgani suv topa olmasa yoki suvni isteʼmol qilish imkonini topa olmasa, nima boʻladi, degan savol paydo boʻladi. Bu va shunga oʻxshash savollarga oyatning keyingi jumlasida javob keladi.
«Agar bemor yoki safarda boʻlsangiz yoki sizdan biringiz tahoratxonadan kelsa yoxud ayollarga yaqinlashgan boʻlsangiz-u, suv topa olmasangiz, pokiza tuproq-la tayammum qiling».
Ushbu jumladagi «tahoratxonadan kelsa» iborasi tahorat sinishga, «ayollarga yaqinlashgan boʻlsangiz» esa, jinsiy aloqa tufayli junub boʻlishga ishoratdir. Lekin tahorat va gʻuslga suv topilmasa, toza tuproq-la tayammum qilinadi. Shuningdek, suv tegishi bilan kasalligi kuchayib ketadigan bemorlarga ham tayammumga ruxsat etilgan. Ulamolar bemorlikning tayammumni joiz qiladigan darajasini bunday belgilashgan: agar suv ishlatsa, biror aʼzosi ishdan chiqadigan yoki aybdor boʻlib qoladigan yoki tuzalishi orqaga suriladigan boʻlsa, bemorlarga tayammum joiz. Shuni ham aytib oʻtish kerakki, tayammum tahoratning ham, gʻuslning ham oʻrnini bosishi mumkin. Yaʼni, tahorati yoʻq odam tahoratni niyat qilib tayammum qilsa, tahorat oʻrniga oʻtadi. Junub odam gʻuslni niyat qilib tayammum qilsa, gʻusl oʻrniga oʻtadi.
Imom Ahmad Imron ibn Husoyn roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan birga namoz oʻqimay chetda turgan bir kishini koʻrib:
«Ey Falonchi, odamlar bilan namoz oʻqishingga nima monelik qildi? Musulmon emasmisan?!» deb soʻradilar. U kishi:
«Ey, Allohning Rasuli, albatta, musulmonman. Ammo menga junublik yetgan edi. Suv yoʻq», dedi. Paygʻambarimiz alayhissalom:
«Tuproqni ishlat. U senga kifoya qiladi», dedilar.
Biz «ayollarga yaqinlik qilgan boʻlsangiz», deb tarjima qilgan ibora oyatda «Lomastumun-nisa» deb kelgan. Arab tilida «lomasa» soʻzi ushlash maʼnosida ham va jinsiy yaqinlik qilish maʼnosida ham ishlatiladi. Shuning uchun, ulamolar bu kalima maʼnosida va undan kelib chiqadigan hukmlarda anchagina bahs etganlar. «Lomasa» ushlash maʼnosini anglatadi, deguvchilar, erkak kishining badani, jumladan, qoʻli ham oʻziga nikohi halol boʻlgan ayolga tegsa, tahorati ketadi, deb hisoblaydilar. «Lomasa»ning maʼnosini jinsiy yaqinlik, deydigan ulamolar esa, jumladan, hanafiy mazhabi ulamolari, ayol kishiga qoʻli yoki badanining biror joyi tekkan bilan tahorati ketmaydi, deb hukm qiladilar. Oyatda «toza tuproq» deb sifatlangan jinsga, hanafiy mahzabi boʻyicha, tuproq, qum, turli qorishma va boshqa narsalar kiradi. Oʻsha narsalar bilan tayammum qilsa boʻladi.
«Tayammum» soʻzi lugʻatda «qasd qilmoq» maʼnosini anglatadi. Tayammumni qanday qilishni ushbu oyatning keyingi jumlasi bayon qilgan:
«Bas, yuzingizga va qoʻllaringizga mash torting!»
Tayammum qilmoqchi boʻlgan odam ikki kaftini tuproq jinsiga urib, avval yuziga surtadi. Yana bir urib turib, ikki qoʻlining chiqanoqlarigacha surtadi.
Tayammumni shariatga kiritish asosan namoz uchun boʻlmoqda. Namoz eng ulkan ibodat. Banda oʻz Robbiga munojot qilishdan– namoz oʻqishdan avval poklanib tahorat qiladi. Ammo poklanish uchun suv topilmay yoki suv ishlatish imkoni boʻlmay qolsa ham, namozni tark etishga ruxsat yoʻq, tayammum qilib boʻlsa-da, oʻqish zarur. Bu, bir tomondan, Islom dinining odamlarga yengillik yoʻlini tanlaganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, namozning ahamiyatini yana bir bor koʻrsatadi. Tayammumning bu shaklda shariatga kiritilishining haqiqiy hikmatini, boshqa ahkomlar kabi, Allohning Oʻzi biladi. Shu bilan birga, baʼzi ulamolar fikrlari yetganicha hikmatni idrok etishga harakat qilganlar.
Tahorat Alloh taolo bilan boʻladigan muloqotga ruhiy tayyorlanish vazifasini ham oʻtaydi. Bu tayyorgarlik ramzi sifatida biror amal qilish kerak edi. Tayammum tahorat va gʻusl oʻrniga oʻsha amal vazifasini oʻtaydi.
Ikkinchidan, tahorat yoki gʻuslga imkon boʻlmagan hollarda namoz oʻqishdan toʻxtagan odam namozni tark etishga odatlanib qoladi. Tayammum hukmi esa, kishining namozini muhofaza qiladi. Shular hisobga olinsa, tayammumning Islom shariatiga kiritilishi Allohning musulmonlarga koʻrsatgan ulkan mehribonligi va fazli ekanini tushunib yetiladi.
Imom Muslim Huzayfatu ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Paygʻambarimiz alayhissalom quyidagilarni aytadilar:
«Uch narsadan odamlar ustidan fazilatli boʻldik: saflarimiz farishtalarning saflaridek qilindi; yerning barchasi bizga masjid qilindi; agar suv topmasak, tuproq bizga poklovchi qilindi».
Islom jamiyatini barpo etish harakatiga johilona qarshilik faqat mushrik arablardagina sodir boʻlmadi. Balki ahli kitob boʻlmish nasoro va yahudiylar ham, ular joriy qilgan johiliy urf-odatlar, dinni buzadigan harakatlar va jaholatlar ham koʻp toʻsqinlik qilgan.
Kelasi oyatlarda sof islomiy jamiyat qurish yoʻlidagi ana shunday ishlar muolaja qilinadi: