مِّنَ ٱلَّذِينَ هَادُوا۟ يُحَرِّفُونَ ٱلْكَلِمَ عَن مَّوَاضِعِهِۦ وَيَقُولُونَ سَمِعْنَا وَعَصَيْنَا وَٱسْمَعْ غَيْرَ مُسْمَعٍ وَرَٰعِنَا لَيًّۢا بِأَلْسِنَتِهِمْ وَطَعْنًا فِى ٱلدِّينِ ۚ وَلَوْ أَنَّهُمْ قَالُوا۟ سَمِعْنَا وَأَطَعْنَا وَٱسْمَعْ وَٱنظُرْنَا لَكَانَ خَيْرًا لَّهُمْ وَأَقْوَمَ وَلَـٰكِن لَّعَنَهُمُ ٱللَّهُ بِكُفْرِهِمْ فَلَا يُؤْمِنُونَ إِلَّا قَلِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Yahudiy bo`lganlardan kalimalarni o`z joyidan buzib o`zgartiruvchilar bor. Ular tillarini burib va dinga ta'na yetkazib: «Eshitdik va isyon qildik, eshit, eshitmay qolgur va «Roina» derlar. Agar ular, eshitdik, va itoat qildik, eshit va bizga nazar sol, deganlarida, albatta, o`zlariga yaxshi va to`g`ri bo`lar edi. Lekin Alloh ularni kufrlari sababli la'natladi. Bas, ozginalaridan boshqalari iymon keltirmaslar.Яҳудий бўлганлардан калималарни ўз жойидан бузиб ўзгартирувчилар бор. Улар тилларини буриб ва динга таъна етказиб: «Эшитдик ва исён қилдик, эшит, эшитмай қолгур ва «Роина» дерлар. Агар улар, эшитдик, ва итоат қилдик, эшит ва бизга назар сол, деганларида, албатта, ўзларига яхши ва тўғри бўлар эди. Лекин Аллоҳ уларни куфрлари сабабли лаънатлади. Бас, озгиналаридан бошқалари иймон келтирмаслар.Alauddin Mansour: Yahudiy boʻlganlar orasida shundaylari borki, ular (Tavrot kitobida boʻlgan Muhammad alayhis-salotu vas-salom haqidagi) Allohning soʻzini oʻz oʻrnidan oʻzgartiradilar va tillarini burib, dinga jarohat yetkazish gʻarazida: «Tingladik va bosh tortdik. Quloq sol, eshitmay qolgur! (Roino) Bizga boq», deydilar. Agar ular «Tingladik va buyinsundik. Bizni ham tinglab, (unzurno) bizga ham nazar qilib tur», deganlarida oʻzlari uchun yaxshiroq va tugʻriroq boʻlur edi. Lekin ular kufrlari sababli Allohning laʼnatiga duchor boʻlganlar. Bas, ularning kamdan-kamlari iymon keltiradilar.Яҳудий бўлганлар орасида шундайлари борки, улар (Таврот китобида бўлган Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом ҳақидаги) Аллоҳнинг сўзини ўз ўрнидан ўзгартирадилар ва тилларини буриб, динга жароҳат етказиш ғаразида: «Тингладик ва бош тортдик. Қулоқ сол, эшитмай қолгур! (Роино) Бизга боқ», дейдилар. Агар улар «Тингладик ва буйинсундик. Бизни ҳам тинглаб, (унзурно) бизга ҳам назар қилиб тур», деганларида ўзлари учун яхшироқ ва туғрироқ бўлур эди. Лекин улар куфрлари сабабли Аллоҳнинг лаънатига дучор бўлганлар. Бас, уларнинг камдан-камлари иймон келтирадилар.
Yahudiylar avvaldan makr va hiyla bilan mashhurlar. Islom dini yer yuzida tarqala boshlab, musulmonlar jamoasi paydo boʻla boshlagandan eʼtiboran ular oʻz makru hiylalarini bu yosh jamiyatga qarshi qaratganlar.
Bu boradagi razilliklari shu darajaga yetdiki, hatto Alloh ularga hidoyat manbai qilib bergan Tavrotni ham buzib koʻrsatdilar.
«Yahudiy boʻlganlardan kalimalarni oʻz joyidan buzib-oʻzgartiruvchilar bor».
Zotan, manfaatlari yoʻlida Allohning kalomini buzib koʻrsatish ularning eski odatidir. Bu ishda ular hammadan oʻtib ketishgan.
Yahudiylar Paygʻambarimiz alayhissalomning chin Paygʻambar ekanliklarini boshqalardan koʻra yaxshiroq bilib turib, u kishiga nisbatan hech kim qilmagan beodobliklarni, hurmatsizliklarni qiladilar. Ushbu oyatda ana oʻsha beodoblik va hurmatsizliklaridan namuna ham keltiriladi:
«Ular tillarini burib va dinga taʼna yetkazib: «Eshitdik va isyon qildik, eshit, eshitmay qolgur va «Roina» derlar».
Yaʼni, yahudiylar razilona soʻz oʻyini qilishadi. Sirtdan chiroyli, odobli soʻzlarni aytgandek koʻrinishadi, ammo aslida tillarini burib, oʻsha soʻzlarning ikkinchi–yomon maʼnosini ifodalashadi. Bu qiliqlari bilan Paygʻambar alayhissalomga, dinga taʼna yetkazmoqchi boʻlishadi. Misol uchun, Paygʻambarimiz alayhissalom bir gapni aytsalar, moʻmin-musulmonlar, eshitdik va itoat qildik, der edilar. Yahudiylar esa, eshitdik va isyon qildik, deyishadi. Sirtdan qaraganda, xuddi moʻminlarga oʻxshab javob berganga oʻxshashadi. Aslida esa, u kishini masxara qilmoqchi va dinga taʼna yetkazmoqchi boʻladilar.
Shuningdek, moʻmin-musulmonlar Paygʻambarimizning eʼtiborlarini oʻzlari soʻzlaydigan soʻzga tortmoqchi boʻlsalar, «Ismaʼ qoyra musmaʼin» der edilar. Bu odob va ehtirom maʼnosidagi murojaat boʻlib, «eshit, eshitishga amr qila olmaymiz-u...» degan maqsadni ifoda qilar edi. Yahudiylar esa, oʻsha «ismaʼ qoyra musmaʼin» deyayotganga oʻxshab turib, undan «eshit, eshitmay qolgur» (yaʼni, «kar boʻlgur») maʼnosini chiqarishar edi.
Moʻmin-musulmonlar oʻzlariga Paygʻambarimiz alayhissalomning muborak nazarlari tushib turishini istab, ul zotning rioyalaridan chetda qolmaslik orzusida u zotga «Roina» (bizni rioyatingizga oling), der edilar. Boshqacha qilib aytganda, biz ham nazaringizdan chetda qolmaylik, deganga oʻxshash odobli, yaxshilik umididagi gap edi. Yahudiylar buni ham buzib talaffuz etib, «ruʼunot» (yengiltaklik) maʼnosida ishlatdilar. Bu kabi qitmirliklar yahudiylarning oʻzlariga xos razil odatlaridan ekanligi baʼzi hadisi shariflardan ham maʼlum. Jumladan, ular Paygʻambar alayhissalomni va musulmonlarni koʻrsalar, goʻyo salom berayotgan boʻlib, xuddi «as-Salomu alaykum»ga oʻxshatib, ammo aslida, «as-Somu alaykum» (sizga oʻlim boʻlsin) der edilar. Bu darajadagi pastkashlik ahli kitoblikni daʼvo qiluvchilar uchun munosib emas edi. Alloh Paygʻambar yuborib, u orqali ilohiy kitob tushirgan qavm bunday razillikka bormasligi kerak edi.
«Agar ular, eshitdik va itoat qildik, eshit va bizga nazar sol, deganlarida, albatta, oʻzlariga yaxshi va toʻgʻri boʻlar edi».
Lekin afsuski, bunday qilmadilar. Ular oʻzlariga loyiq boʻlmagan ishlarni qildilar. Oqibatda, kufrlari sababli Allohning laʼnatiga uchradilar.
«Bas, ozginalaridan boshqalari iymon keltirmaslar».
Darhaqiqat, oʻn besh asrlik uzun Islom tarixida musulmon boʻlgan yahudiylar juda ham oz. Alloh taoloning soʻzi doimo rostdir!
Keyingi oyatlarda ahli kitoblarni Qurʼonga iymon keltirishga daʼvat qilinadi va Allohning magʻfirati keng boʻlib, shirkdan boshqa gunohlarni kechirishi bayon qilinadi: