QurʼonҚуръонPaygʻambarlar vorislariПайғамбарлар ворислари
An-Nisa surasi · Oyatсураси · Оят5

وَلَا تُؤْتُوا۟ ٱلسُّفَهَآءَ أَمْوَٰلَكُمُ ٱلَّتِى جَعَلَ ٱللَّهُ لَكُمْ قِيَـٰمًا وَٱرْزُقُوهُمْ فِيهَا وَٱكْسُوهُمْ وَقُولُوا۟ لَهُمْ قَوْلًا مَّعْرُوفًا

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Alloh (hayotingizni) turg`izish (vositasi) qilgan mollaringizni esi pastlarga bermang. Ularni o`sha mollardan rizqlantiring, kiyintiring va ularga yaxshi so`zlar ayting.Аллоҳ (ҳаётингизни) турғизиш (воситаси) қилган молларингизни эси пастларга берманг. Уларни ўша моллардан ризқлантиринг, кийинтиринг ва уларга яхши сўзлар айтинг.Alauddin Mansour: (Qoʻl ostingizdagi) aqlsiz kimsalarga (yaʼni, yosh, nodon yetimlarga) Alloh sizlar uchun turmush vositasi qilib qoʻygan mollaringizni (yaʼni, qoʻllaringizdagi ularning mollarini) berib qoʻymangiz, balki ularni oʻsha mollardan yedirib-kiydiring va ularga yaxshi soʻzlar bilan muomala qiling!(Қўл остингиздаги) ақлсиз кимсаларга (яъни, ёш, нодон етимларга) Аллоҳ сизлар учун турмуш воситаси қилиб қўйган молларингизни (яъни, қўлларингиздаги уларнинг молларини) бериб қўймангиз, балки уларни ўша моллардан едириб-кийдиринг ва уларга яхши сўзлар билан муомала қилинг!

77-sahifa · 4-juz · 8-hizb77-саҳифа · 4-жуз · 8-ҳизб
Soʻzma-soʻzСўзма-сўз
وَلَاva emasва эмасتُؤْتُوا۟beringберингٱلسُّفَهَآءَesi pastlargaэси пастларгаأَمْوَٰلَكُمُmollaringizniмолларингизниٱلَّتِىoʻsha mollarkiўша молларкиجَعَلَqilganқилганٱللَّهُAllohАллоҳلَكُمْsizgaсизгаقِيَـٰمًۭا(hayotingizni) turgizish vositasi(ҳаётингизни) тургизиш воситасиوَٱرْزُقُوهُمْva ularni rizqlantiringва уларни ризқлантирингفِيهَاoʻsha mollardanўша молларданوَٱكْسُوهُمْva kiyintiringва кийинтирингوَقُولُوا۟va aytingва айтингلَهُمْulargaуларгаقَوْلًۭاsoʻzlarсўзларمَّعْرُوفًۭاyaxshiяхши
TafsirТафсир

«Esi pastlar»–mol-mulkni yaxshi tasarruf qila olmaydigan yetimlar. Ammo, ulamolar bu hukmni umumlashtirib, molu mulkni yaxshi tasarruf qila olmaydigan har bir kishini esi pastlarga qoʻshganlar.

Biz «esi past» deb tarjima qilayotgan ibora arabchada «safih» deyiladi. Koʻpligi «sufahaa» boʻladi. Aslida bu ibora yengillik maʼnosini anglatadi. Shundan kelib chiqib, esi pastlarni «mol- mulk tasarrufiga yengiltaklarcha munosabatda boʻluvchilar» deyishimiz mumkin. Oyatda zikr qilinayotgan mol, aslida, oʻsha esi pastlarning mulki. Otasidan yetim qolganlarning haqqi. Ammo, ular mol tasarrufida esi past boʻlganliklari, undan oqilona foydalana olmasliklari boisidan, yetimlarni otaliqqa olgan shaxslarga molni ularga bermaslik amr qilinmokda.

«Alloh (hayotingizni) turgʻizish (vositasi) qilgan mollaringizni esi pastlarga bermang».

Bu amrning bayonida «mollarini» demasdan, «mollaringizni» deb xitob qilinishida ham katta hikmat bor. Qurʼoni Karim esi pastlarning shaxsiy-xususiy mollariga ham jamoatning moli deb qaramoqda. Demak, musulmonlar qoʻlidagi mol-mulk ayni vaqtda musulmon jamoasining ham mol-mulki hisoblanadi. Oʻsha mol bekordan-bekorga sovurilmasligi uchun jamoat ham javobgardir. Chunki, mol-mulk ham yakka shaxslarning, ham jamoalarning hayotida ulkan qiymatga ega. Shuning uchun ham, uni Alloh taolo oyati karimada «Alloh (hayotingizni) turgʻazish (vositasi) qilgan», deb taʼriflayapti. Ha, bu dunyoda mol-mulkka Islom shunday nazar bilan qaraydi. Musulmonlardan har biri qoʻlidagi molning muhofazasini jamoa aʼzolariga topshiradi. Agar esi pastlarga topshirib qoʻysa, oʻzimning molimni sarf qilyapman-ku, deb jamoatni ham koʻpgina yaxshiliklardan mahrum qilishi mumkin.

Ushbu oyati karimaga amal qilib, ulamolarimiz «hajr» deb atalgan qoidani ishlab chiqqanlar. Bu soʻz lugʻaviy jihatdan «qotirish» maʼnosini anglatadi. Amalda esa, esi pastlarga, yaʼni, molni yaxshi tasarruf qilishni bilmaydiganlarga oʻz holicha molu mulk ishlatishni man etishdir.

Hajr turli hollarda joriy qilinadi. Misol uchun, yetimning yoshi kichik boʻlsa, unga hajr joriy qilinadi. Chunki kichkina bolalar oʻziga merosga qolgan mollarni mustaqil tasarruf qila olmaydilar, hayotni bilmaslik oqibatida molni notoʻgʻri sarf qilib, undan ajralib qolishi mumkin. Shuning uchun, uning moli oʻzini otaliqqa olgan shaxsga topshiriladi. Otaliqqa olgan kishi esa, bu molni omonat bilan saqlab, yetim voyaga yetganda–«esi pastlik»dan chiqqanda, oʻziga qaytarib beradi.

Shuningdek, majnunlik tufayli ham hajr qilinadi. Oʻz-oʻzidan maʼlum, majnun odam mol-mulkini zoye qiladi. Uning moli ham omonat sifatida unga yaqin kishilardan biriga topshiriladi. Alloh shifo berib, tuzalib qolsa, yana oʻziga qaytariladi. Molni hajr qilishning sabablaridan yana biri–nooʻrin sarflashdir. Aqlida va dinida nuqsoni bor kishilar molni nooʻrin sarflaydigan boʻlsalar, ularning moli ham hajr qilinadi. Chunki bular oʻzlarining «esi past»liklari bilan nafaqat oʻz shaxslariga, balki musulmon jamoasiga ham katta zarar keltiradilar. Ayniqsa, hozirgi kunimizda esi pastlar juda ham koʻpaygan. Islom olamidagi iqtisodiy qiyinchiliklarning kelib chiqishiga ham oʻshalar sabab boʻlmoqdalar. Shariatga amal qilmaslik qanchalik yomon ekanini shundan ham bilib olsa boʻladi.

Shariatimizda kasodga uchraganlarning molini hajr qilish ham bor. Bir odam bir qancha shaxslardan qarz olgan, uni qaytarib bermayapti. Iloji yoʻq. Qarz beruvchilar qoziga arz qilsalar, molini hajr qiladi. Yaʼni, molini oʻzicha sarflashni unga man qilib qoʻyadi. Uning hisobiga tushgan molni qarz berganlarga boʻlib berib turishni joriy qiladi.

Oʻz-oʻzidan maʼlumki, hajr tufayli mollarini olib qoʻyish mol egalariga qattiq botadi. Bu holni eʼtiborga olib, oyatning ikkinchi yarmida:

«Ularni oʻsha mollardan rizqlantiring, kiyintiring va ularga yaxshi soʻzlar ayting», deyilmoqda.

Bunga binoan, «esi pastlarga» ularning hajr qilingan mollaridan yeb-ichish va kiyinishga, yaʼni, kundalik hayotga sarflab turiladi. Ularga yaxshi soʻzlar aytiladi, yaʼni, tushuntirish olib boriladi. Hajr unga zulm emas, koni foyda ekani bayon qilinadi.