وَمَآ أَرْسَلْنَا مِن رَّسُولٍ إِلَّا لِيُطَاعَ بِإِذْنِ ٱللَّهِ ۚ وَلَوْ أَنَّهُمْ إِذ ظَّلَمُوٓا۟ أَنفُسَهُمْ جَآءُوكَ فَٱسْتَغْفَرُوا۟ ٱللَّهَ وَٱسْتَغْفَرَ لَهُمُ ٱلرَّسُولُ لَوَجَدُوا۟ ٱللَّهَ تَوَّابًا رَّحِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Qaysi bir Payg`ambarni yuborgan bo`lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz. Agar ular o`zlariga o`zlari zulm qilgan chog`larida huzuringga kelib, Allohga istig`for aytganlarida va Payg`ambar ham ular uchun istig`for aytganida edi, albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va rahimli Zot ekanini topgan bo`lur edilar.Қайси бир Пайғамбарни юборган бўлсак, Аллоҳнинг изни ила фақат итоат қилиниши учун юборганмиз. Агар улар ўзларига ўзлари зулм қилган чоғларида ҳузурингга келиб, Аллоҳга истиғфор айтганларида ва Пайғамбар ҳам улар учун истиғфор айтганида эди, албатта, Аллоҳ тавбаларни қабул этувчи ва раҳимли Зот эканини топган бўлур эдилар.Alauddin Mansour: Biz qay bir paygʻambarni yuborgan boʻlsak, faqat Allohning izni-irodasi bilan unga itoat qilinsin, deb yuborganmiz. Agar ular (shaytondan hukm soʻrab borishlari bilan) jonlariga jabr qilgan paytlarida darhol sizning oldingizga kelib, Allohdan magʻfirat soʻraganlarida va Paygʻambar ham ular uchun magʻfirat soʻraganida edi, Allohning tavbalarni qabul qilguvchi, mehribon ekanligini topgan boʻlur edilar.Биз қай бир пайғамбарни юборган бўлсак, фақат Аллоҳнинг изни-иродаси билан унга итоат қилинсин, деб юборганмиз. Агар улар (шайтондан ҳукм сўраб боришлари билан) жонларига жабр қилган пайтларида дарҳол сизнинг олдингизга келиб, Аллоҳдан мағфират сўраганларида ва Пайғамбар ҳам улар учун мағфират сўраганида эди, Аллоҳнинг тавбаларни қабул қилгувчи, меҳрибон эканлигини топган бўлур эдилар.
Ushbu oyati karimada har zamonda, ayniqsa, hozirgi zamonda anglab yetish juda zarur boʻlgan ulkan bir haqiqatning bayoni kelmoqda. Koʻplar Paygʻambar alayhissalomlarni odamlarni faqat odobaxloqqa, toʻgʻrilikka daʼvat qiluvchi voizlar va nasihatgoʻylar, deb oʻylaydi. Jumladan, oxirgi Paygʻambar boʻlmish hazrati Muhammad alayhissalomni ham. Va odob-axloq haqidagi, maʼnaviy qadriyatlar haqidagi oyat va hadislarni oʻqib-oʻrganib olib, bu narsalardan xabardor ekanliklarini boshqalarga aytib yurishni oʻzlariga faxr deb biladilar. Aslida, Allohning Paygʻambarni yuborishdan maqsadi boshqadir.
«Qaysi bir Paygʻambarni yuborgan boʻlsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz».
Demak, Paygʻambar uning vaʼzining tinglanishi, nasihatining anglanishi, hadisining oʻqilishi uchungina emas, balki amrlariga itoat qilinishi uchun yuboriladi. Paygʻambarlik vaʼzxonlik va nasihatgoʻylik emas, balki inson hayotini tamomila oʻz ichiga olgan mukammal hayot tarzi, voqelikdagi hayotni boshqaruvchi tuzumdir. Bu ishlarni yuzaga chiqarish uchun esa, hukmdorlik kerak. Oʻz navbatida, hukmdorlik itoatni talab etadi. Demak, har gal Alloh taolo Oʻz Paygʻambarlarini yuborar ekan, odamlarning u zotlarga itoat qilishlarini istagan. Yuqorida oʻtgan oyatlardagi Allohga itoat, Paygʻambarga itoat, ishboshilarga itoat, oʻzaro ixtilofli masalalarni Allohga va Paygʻambarga qaytarish kabi amrlar ham xuddi shu maʼnodadir.
Ammo munofiqlar bu haqiqatni anglab yetmaydilar, anglashni istamaydilar. Ular turli soʻz oʻyinlari qilib, Allohning hukmini emas, togʻutning hukmini talab etadilar. Shu qilmishlari tufayli boshlariga musiybat tushgudek boʻlsa, biz faqat yaxshilikni va tavfiqni xohlagan edik, deb yana munofiqlik qiladilar. Bu hol yaxshi emasligi avvalgi oyatda aytib oʻtildi. Holbuki:
«Agar ular oʻzlariga oʻzlari zulm qilgan chogʻlarida huzuringga kelib istigʻfor aytganlarida va Paygʻambar ham ular uchun istigʻfor aytganida edi».
Allohning hukmini qoʻyib, undan boshqaning hukmiga–togʻutning hukmiga yurishni oyati karima «oʻziga oʻzi zulm qilish» deb atamoqda. Inson, ayniqsa, moʻmin-musulmon oʻziga oʻzi zulm qilib qoʻyishdan saqlanishi kerak. Lekin inson bolasi zaif, baʼzida zaifligi tufayli shunday xatoga yoʻl qoʻyishi mumkin. Ana oʻshanday holda oʻzining xatosini anglagan zahoti tavbaga shoshilishi kerak boʻladi.
Oyat tushgan paytdagi xatokorlar ham Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, oʻzlarini oqlash, yolgʻondan behuda uzrlarni aytish oʻrniga, u zotning huzurlarida Allohga istigʻfor aytganlarida–gunohlarini kechirishni soʻraganlarida, Paygʻambar alayhissalomga iltimos qilganlarida, u kishi ham ularning gunohlarini kechirishni Allohdan soʻraganlarida, ular:
«Albatta, Alloh tavbalarini qabul etuvchi va rahimli Zot ekanini topgan boʻlur edilar».
Alloh haqiqatan ham tavbalarni qabul etguvchiligidan soʻzda iymon daʼvosini qilib, amalda togʻutning hukmini axtarib, shaytonning yoʻlidan yurganlarni ham darhol azobga giriftor qilmayapti; kechirimli boʻlib, yana ularga oʻzlarini oʻnglab olishlariga imkon yaratib, tavba eshigini ochib qoʻyyapti. U Zot haqiqatan ham rahimli boʻlganidan gunohkor munofiqlarning aybini kechib, ularga rahim-shafqat koʻrsatmoqchi.
Kimning hukmiga boʻysunish kerakligi haqidagi oyatlar silsilasining soʻngida Alloh taolo qatʼiy uslubda qasam ichib, moʻminman, degan odam har bir ishida Paygʻambar alayhissalomni hakam qilmaguncha, u kishining hukmiga chin dildan rozi boʻlib, koʻnglida hech qanday gʻilli-gʻash qolmaguncha, haqiqiy moʻmin boʻla olmasligini taʼkidlaydi.