فَقَـٰتِلْ فِى سَبِيلِ ٱللَّهِ لَا تُكَلَّفُ إِلَّا نَفْسَكَ ۚ وَحَرِّضِ ٱلْمُؤْمِنِينَ ۖ عَسَى ٱللَّهُ أَن يَكُفَّ بَأْسَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوا۟ ۚ وَٱللَّهُ أَشَدُّ بَأْسًا وَأَشَدُّ تَنكِيلًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Allohning yo`lida jang qil! O`zingdan boshqadan mas'ul qilinmassan. Mo`minlarni qiziqtir. Shoyadki, Alloh kufr keltirganlarning shiddatini daf' qilsa. Alloh shiddati qattiq va azobi ortiq Zotdir.Аллоҳнинг йўлида жанг қил! Ўзингдан бошқадан масъул қилинмассан. Мўминларни қизиқтир. Шоядки, Аллоҳ куфр келтирганларнинг шиддатини дафъ қилса. Аллоҳ шиддати қаттиқ ва азоби ортиқ Зотдир.Alauddin Mansour: Bas, (ey Muhammad alayhis-salotu vas-salom), Alloh yoʻlida jang qiling. Zotan, siz faqat oʻzingiz uchun javobgarsiz. (Demak, yolgʻiz qolsangiz ham jang qiling) va moʻminlarni ham targʻib qiling! Shoyad Alloh kofir boʻlgan kimsalarning shiddatini daf qilsa, Alloh quvvati ortiq, azobi qattiq Zotdir.Бас, (эй Муҳаммад алайҳис-салоту вас-салом), Аллоҳ йўлида жанг қилинг. Зотан, сиз фақат ўзингиз учун жавобгарсиз. (Демак, ёлғиз қолсангиз ҳам жанг қилинг) ва мўминларни ҳам тарғиб қилинг! Шояд Аллоҳ кофир бўлган кимсаларнинг шиддатини даф қилса, Аллоҳ қуввати ортиқ, азоби қаттиқ Зотдир.
Ifoda uslubiga eʼtibor bering. Alloh taolo jang qilish haqida Paygʻambar alayhissalomning yolgʻiz oʻzlariga amr qilmoqda. Bu narsa nimadan dalolat?
Yuqoridagi oyatlardan maʼlum boʻlganidek, moʻminlar orasida jurʼatsizlik, gʻulgʻula va urushdan qoʻrqish hollari paydo boʻlganidan va avj olganidan dalolatdir. Shuning uchun ham, goʻyo musulmonlarning hamiyatini qoʻzgʻatish va ularga oʻzliklarini anglatish niyatida:
«Allohning yoʻlida jang qil! Oʻzingdan boshqadan masʼul qilinmassan!» deyilmoqda.
Demak, faqat oʻzing haqingda savol qilinasan. Boshqalar oʻzlariga javob beradi. Lekin, ayni chogʻda moʻminlarni Allohning yoʻlida jihod qilishga qiziqtirish–targʻib etish ham lozim. Jihodning ahamiyatini tushuntirish, moʻminlarni jihodga daʼvat etish ham bir navi jihod hisoblanadi. Allohning yoʻlida jihodning uzun silsilasi jihodga targʻib qilishning ulugʻ ahamiyatli ish ekanligini doimo koʻrsatib kelgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam mujohidlarning Imomi boʻlishlari bilan birga, jihodga targʻib qiluvchilarning ham Imomi edilar. U zoti bobarakot kofirlar bilan boʻlgan birinchi qurolli toʻqnashuvdan–Badr jangidan oldin musulmonlarning saflarini toʻgʻrilab turib: «Kengligi osmonlaru yerchalik jannat tomon turinglar!» deb targʻib qilgan edilar.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Kim Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirsa, namoz oʻqib, roʻza tutib, zakot bersa, uni jannatga kiritish Allohga haq boʻladi. Gar hijrat qilsa ham yoki tugʻilgan yerida oʻtirsa ham», dedilar. Odamlar:
«Ey, Allohning Rasuli, odamlarga bu bashoratni yetkazaylikmi?» dedilar. U zot:
«Allohning yoʻlida jihod qiluvchilarga jannatda yuzta daraja tayyorlangan. Har ikki darajaning orasi osmon bilan yerga teng keladi. Agar Allohdan soʻraydigan boʻlsangiz, Firdavs jannatini soʻrang. U jannatning oʻrtasidir. U jannatning oliysidir. Uning ustida Rohmanning Arshi bor. Undan jannatning anhorlari otilib chiqadi», dedilar.
Bunga oʻxshash targʻiblar juda ham koʻp. Oʻz samarasini doimo berib kelgan.
Ishboshining mahkam turishi va gʻalabaning katta omili sifatida moʻminlarni jihodga targʻib qilishi–bu ishlar dushman tarafning quvvatini ham kesar edi. Bu narsa quyidagi jumlada bayon qilinmoqda. Yaʼni, sening qattiq turishing va moʻminlarni jihodga qiziqtirishing tufayli:
«Shoyadki, Alloh kufr keltirganlarning shiddatini daf qilsa».
Aslini olganda esa:
«Alloh shiddati qattiq va azobi ortiq Zotdir».
U zot Oʻz shiddati ila kofirlarni bu dunyoda magʻlubiyatga uchratadi. Oxiratda esa, ulkan azobiga duchor qiladi.