وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ أَن يَقْتُلَ مُؤْمِنًا إِلَّا خَطَـًٔا ۚ وَمَن قَتَلَ مُؤْمِنًا خَطَـًٔا فَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُّؤْمِنَةٍ وَدِيَةٌ مُّسَلَّمَةٌ إِلَىٰٓ أَهْلِهِۦٓ إِلَّآ أَن يَصَّدَّقُوا۟ ۚ فَإِن كَانَ مِن قَوْمٍ عَدُوٍّ لَّكُمْ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُّؤْمِنَةٍ ۖ وَإِن كَانَ مِن قَوْمٍۭ بَيْنَكُمْ وَبَيْنَهُم مِّيثَـٰقٌ فَدِيَةٌ مُّسَلَّمَةٌ إِلَىٰٓ أَهْلِهِۦ وَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُّؤْمِنَةٍ ۖ فَمَن لَّمْ يَجِدْ فَصِيَامُ شَهْرَيْنِ مُتَتَابِعَيْنِ تَوْبَةً مِّنَ ٱللَّهِ ۗ وَكَانَ ٱللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Mo`min mo`minni o`ldirmas. Magar bilmasdan qilishi mumkin. Kimki mo`minni bilmasdan o`ldirib qo`ysa, bas, unga mo`min qulni ozod qilish va (o`lganning) ahli kechirmasalar, xun berish vojib bo`lur. Agar u sizga dushman qavmdan bo`lib, o`zi mo`min bo`lsa, mo`min qulni ozod qilish vojib bo`lur. Agar u siz bilan orasida ahdnomasi bor qavmdan bo`lsa, ahliga beriladigan xun va mo`min qulni ozod qilish vojib bo`lur. Kim topmasa, Allohga tavba uchun ketma-ket ikki oy ro`za tutish vojib bo`lur. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.Мўмин мўминни ўлдирмас. Магар билмасдан қилиши мумкин. Кимки мўминни билмасдан ўлдириб қўйса, бас, унга мўмин қулни озод қилиш ва (ўлганнинг) аҳли кечирмасалар, хун бериш вожиб бўлур. Агар у сизга душман қавмдан бўлиб, ўзи мўмин бўлса, мўмин қулни озод қилиш вожиб бўлур. Агар у сиз билан орасида аҳдномаси бор қавмдан бўлса, аҳлига бериладиган хун ва мўмин қулни озод қилиш вожиб бўлур. Ким топмаса, Аллоҳга тавба учун кетма-кет икки ой рўза тутиш вожиб бўлур. Аллоҳ билувчи ва ҳикматли Зотдир.Alauddin Mansour: Moʻmin moʻminni faqat bilmagan holdagina oʻldirib qoʻyishi mumkin. Kim bir moʻminni bilmay oʻldirib qoʻysa, u bir moʻmin qulni ozod qilishi va marhumning egalariga — agar kechib yubormasalar — xun toʻlashi vojibdir. Agar marhum oʻzi moʻmin boʻlib, sizlarga dushman qavmdan boʻlsa, faqat bir moʻmin qulni ozod qilishi vojib. Agar u sizlar bilan sulh tuzgan qavmdan boʻlsa, uning egalariga xun toʻlash va bir moʻmin qulni ozod qilish lozim. Bas, kim (ozod qilish uchun bir qul) topishga qodir boʻlmasa, Allohga tavba qilib muttasil ikki oy roʻza tutmogʻi lozim. Alloh bilim va hikmat egasi boʻlgan Zotdir.Мўмин мўминни фақат билмаган ҳолдагина ўлдириб қўйиши мумкин. Ким бир мўминни билмай ўлдириб қўйса, у бир мўмин қулни озод қилиши ва марҳумнинг эгаларига — агар кечиб юбормасалар — хун тўлаши вожибдир. Агар марҳум ўзи мўмин бўлиб, сизларга душман қавмдан бўлса, фақат бир мўмин қулни озод қилиши вожиб. Агар у сизлар билан сулҳ тузган қавмдан бўлса, унинг эгаларига хун тўлаш ва бир мўмин қулни озод қилиш лозим. Бас, ким (озод қилиш учун бир қул) топишга қодир бўлмаса, Аллоҳга тавба қилиб муттасил икки ой рўза тутмоғи лозим. Аллоҳ билим ва ҳикмат эгаси бўлган Зотдир.
Moʻmin inson oʻzining moʻmin birodariga nisbatan doimo yaxshi munosabatda boʻlishi lozim. Bu uning moʻminlik vazifasi. Shuning uchun ham, ushbu oyatda:
«Moʻmin moʻminni oʻldirmas», deb bu hol, yaʼni moʻminning moʻmin tomonidan oʻldirilishi ehtimoldan uzoq hisoblanmoqda. Lekin bandachilik tufayli xato sodir boʻlib, beixtiyor shunday koʻngilsiz hodisa yuzaga kelishi mumkin. Ulamolar xato qilib, bilmasdan oʻldirishni bir necha xilga boʻlishgan. Biror hayvon yoki qushni ovlash niyatida otilgan oʻq bexosdan moʻminga tegib oʻldirishi. Kofirlarning ichida, ularning kiyimida yurgan moʻminni bilmay oʻldirib qoʻyish... kabilar. Oyatda moʻmin moʻminni bilmay oʻldirishining uch xil suvrati va ularning jazosi tilga olingan:
1. Musulmon jamiyatida yashab turgan moʻminni boshqa bir moʻmin bilmasdan oʻldirib qoʻyishi. Bu holda qotil bir moʻmin qulni ozod qiladi. Modomiki, u moʻminlar jamiyatidan bir tirik jonning kamayishiga sabab boʻldimi, buning jazosiga boshqa bir moʻminni toʻlaqonli hurlikka chiqarsin. Bunga qoʻshimcha ravishda oʻldirilgan shaxsning ahliga uning xunini bersin. Bu ularning dard-alamini yengillatadi. Oʻlgan shaxs keltirishi mumkin boʻlgan moddiy foydalarning evazi boʻladi.
Imom Ahmad va boshqa muhaddislar qilgan rivoyatda Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilmasdan oʻldirilgan odamning xuniga yigirmata Binti Muxoz, yigirmata Bani Muxoz, yigirmata Binti Labun, yigirmata Jazuaʼ, yigirmata Hiqqa tuyalar berishga hukm chiqardilar». Xunni qotilning ota taraf qarindoshlari toʻlaydilar.
Agar oʻldirilgan shaxsning qarindoshlari kechirib yuborsalar, oʻzlarining ishi. Bu yaxshilik hisoblanadi va margʻub bir ishdir.
«Kimki moʻminni bilmasdan oʻldirib qoʻysa, bas, unga moʻmin qulni ozod qilish va (oʻlganning) ahli kechirmasalar, xun berish vojib boʻlur».
2. Oʻldirilgan shaxs oʻzi dushman qavmidan, ammo-lekin moʻmin boʻlsa, bu holda qotilga bir moʻmin qulni ozod qilish vojib boʻladi. Birinchi suvratda aytilganidek, bir moʻmin jonning kamayishiga sabab boʻlgani uchun Islom jamiyatiga yangi toʻlaqonlik moʻminni qoʻshishi zarur. Biroq bu holatda xun berish vojib boʻlmaydi. Chunki, agar xun toʻlanadigan boʻlsa, dushman qavmga beriladi. Ular esa, bu molni musulmonning ziddiga ishlatadilar.
«Agar u sizga dushman qavmdan boʻlib, oʻzi moʻmin boʻlsa, moʻmin qulni ozod qilish vojib boʻlur».
3. Oʻldirilgan shaxsning oʻzi moʻmin, qavmi esa, moʻmin emas, ammo ularning musulmonlar bilan tuzilgan tinchlik ahdnomalari bor. Bu holda qotilga bir moʻmin qulni ozod qilish va marhumning ahliga xun toʻlash vojib boʻladi. Ikkinchi suvratdagidan farq shundaki, marhumning ahli musulmonlar bilan tinchlik ahdnomasi tuzgan. Bunda musulmonlarga qarshi urush xavfi boʻlmaydi, shuning uchun ularga marhumning xuni berilaveradi.
«Agar u siz bilan orasida ahdnomasi bor qavmdan boʻlsa, ahliga beriladigan xun va moʻmin qulni ozod qilish vojib boʻlur».
Baʼzi hollarda qotil qul ozod qilishga imkon topa olmasligi mumkin. Bu holda unga boshqa jazo belgilanadi. U uzluksiz ikki oy roʻza tutadi. Faqat bemorlik , hayz koʻrish yoki nifos sababidan roʻza orasini uzsa boʻladi. Boshqa holda biron kun tutmasa, yana yangidan ikki oy roʻza tutishni boshlaydi.
«Kim topmasa, Allohga tavba uchun ketma-ket ikki oy roʻza tutishi vojib boʻlur. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir».
Mazkur jazolarning hammasi moʻmin odamni xato qilib, bilmasdan oʻldirib qoʻygan shaxsga belgilangandir. Endi esa, moʻmin odamdan sodir boʻlishi tasavvurga sigʻmaydigan, iymonga zid hisoblangan ish boʻlib qolsa, yaʼni, bir moʻmin ikkinchi moʻminni qasddan oʻldirsa, nima qilinadi, degan savolga javob keladi: