وَمَن يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُّتَعَمِّدًا فَجَزَآؤُهُۥ جَهَنَّمُ خَـٰلِدًا فِيهَا وَغَضِبَ ٱللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُۥ وَأَعَدَّ لَهُۥ عَذَابًا عَظِيمًا
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Kim bir mo`minni qasdan o`ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g`azabi va la'nati yog`ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir.Ким бир мўминни қасдан ўлдирса, унинг жазоси жаҳаннамдир. Унда абадий қолур. Унга Аллоҳнинг ғазаби ва лаънати ёғилур. Ва Аллоҳ унга улкан азобни тайёрлагандир.Alauddin Mansour: Kim qasddan bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannam boʻlib, oʻsha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning gʻazabi va laʼnatiga duchor boʻlgan, Alloh uning uchun ulugʻ azobni tayyorlab qoʻygandir.Ким қасддан бир мўминни ўлдирса, унинг жазоси жаҳаннам бўлиб, ўша жойда абадий қолажак. Ва у Аллоҳнинг ғазаби ва лаънатига дучор бўлган, Аллоҳ унинг учун улуғ азобни тайёрлаб қўйгандир.
Moʻmin kishini qasddan oʻldirish shunchalik katta jinoyat va gunohki, uni qul ozod qilish bilan ham, xun toʻlash bilan ham yuvib boʻlmaydi.
Moʻmin moʻminni qasddan oʻldirishi bir beayb jonga qoʻshib, iymondek ulugʻ neʼmat tufayli vujudga kelgan aqiyda qardoshligini ham oʻldirishdir. Shuning uchun ham, qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar– jahannamda abadiy qolish, Allohning gʻazabiga va laʼnatiga duchor boʻlish va U Zot tayyorlab qoʻygan ulkan azob vaʼda qilinmoqda.
Shuning oʻziyoq bu ish qanchalik katta jinoyat ekanligini bildiradi.
Moʻmin kishini qasddan oʻldirish mislsiz ulkan gunoh ekanligi haqida boshqa oyat va hadislar ham koʻp.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz hadislaridan birida:
«Bir musulmonning oʻldirilishi Allohning huzurida dunyoning zavolidan ham ogʻirroqdir», deganlar.
Boshqa bir hadisda esa:
«Osmonlaru yerning ahllari toʻplanib bir musulmonni oʻldirsalar, Alloh ularning hammasini doʻzaxga soladi», deyilgan.
Uchinchi bir hadisda:
«Kim bir musulmonni oʻldirishga bir ogʻiz soʻz bilan boʻlsa ham yordam bersa, qiyomat kuni peshonasiga «Allohning rahmatidan noumid», degan yozuv ila yozilgan holda keladi», deyilgan.
Mazkur jazolar qasddan moʻmin odamni oʻldirganning oxiratdagi jazosidir. Ammo, boshqa oyat va hadislardan kelib chiqib, unga bu dunyoda ham maʼlum jazolar belgilangan. Avvalo, qotil ustidan oʻldirilgan shaxsning valiyul amrlari hukmga ega boʻladilar. Ular xohlasalar, qotildan qasos olish maqsadida uni oʻldirishni talab qiladilar, xohlasalar, kechib yuboradilar yoki xohlasalar kuchaytirilgan xun oladilar. Kuchaytirilgan xun esa, oʻttizta Hiqqa, oʻttizta Jazuʼa va qirqta Xalufa tuyalardan iborat.
Kelasi oyatda kishilarni bilmasdan oʻldirib qoʻyishning oldini olish uchun va hamma narsa, jumladan, jihod ham faqat Alloh uchun boʻlishini anglatish uchun nimalar qilish lozimligi bayon etiladi: