إِنَّ ٱلَّذِينَ يُجَـٰدِلُونَ فِىٓ ءَايَـٰتِ ٱللَّهِ بِغَيْرِ سُلْطَـٰنٍ أَتَىٰهُمْ ۙ إِن فِى صُدُورِهِمْ إِلَّا كِبْرٌ مَّا هُم بِبَـٰلِغِيهِ ۚ فَٱسْتَعِذْ بِٱللَّهِ ۖ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلْبَصِيرُ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Albatta, Allohning oyatlari haqida o`zlariga kelgan hujjatsiz talashib-tortishadiganlarning dillarida kibrdan o`zga narsa yo`q. Ular unga yetishguvchi emaslar. Bas, Allohdan panoh so`ra. Albatta, Uning O`zi o`ta eshitguvchi, o`ta ko`rguvchi Zotdir.Албатта, Аллоҳнинг оятлари ҳақида ўзларига келган ҳужжатсиз талашиб-тортишадиганларнинг дилларида кибрдан ўзга нарса йўқ. Улар унга етишгувчи эмаслар. Бас, Аллоҳдан паноҳ сўра. Албатта, Унинг Ўзи ўта эшитгувчи, ўта кўргувчи Зотдир.Alauddin Mansour: Albatta Allohning oyatlari haqida oʻzlariga kelgan biron hujjat — dalilsiz talashib-tortishadigan kimsalar, aniqki, ularning dillarida bir kibr (yaʼni, oʻzlarini sizdan katta olish) bordirki, ular oʻshanga (yaʼni, oʻzlari orzu qilgan kattalikka) yetuvchi emasdirlar. Bas, siz Allohdan panoh soʻrang. Albatta Uning Oʻzigina eshitguvchi, koʻrib turguvchidir.Албатта Аллоҳнинг оятлари ҳақида ўзларига келган бирон ҳужжат — далилсиз талашиб-тортишадиган кимсалар, аниқки, уларнинг дилларида бир кибр (яъни, ўзларини сиздан катта олиш) бордирки, улар ўшанга (яъни, ўзлари орзу қилган катталикка) етувчи эмасдирлар. Бас, сиз Аллоҳдан паноҳ сўранг. Албатта Унинг Ўзигина эшитгувчи, кўриб тургувчидир.
Oyati karimada ulkan haqiqat bayon qilinmoqda. Alloh butun borliqni yaratgan zot. Jumladan, insonni ham. Inson Alloh yaratgan boshqa maxluqotlarga qaraganda juda kichik, ojiz va kuchsizdir. Ammo, Alloh aynan shu kichik, ojiz va kuchsiz maxluqining qadri baland boʻlishini iroda qilib, uni yer yuzida Oʻzining xalifasi etib sayladi. Alloh aynan shu kichik, ojiz va kuchsiz maxluqi yer yuzida xalifalik qilishdek ulkan vazifasini toʻgʻri ado etishi uchun unga oyatlar nozil qildi. Aqlini ishlatgan, oʻzini tanigan bandalar ushbu ilohiy oyatlarni jon deb qabul etib, ular asosida yer yuzida xalifalik vazifalarini bajarib, ikki dunyo saodatiga erishishga intiladi.
Ammo oʻzini tanimagan, aqlini ishlatmagan, insof ham qilmagan shunday bandalar borki, ular oʻzlarida biror hujjat-dalil boʻlmay turib, Allohning ularga nozil qilgan oyatlarini qabul etmaydi. Baʼzilari bu bilan Allohning borligini inkor etadi. Baʼzilari bu bilan Allohning oyatlarini inkor qiladi. Baʼzilari birini qabul qilib, biridan yuz oʻgiradi. Baʼzilari, bu oyatlar Allohniki boʻlsa ham, hozir eskib qolgan, deydi. Boshqalari, bu oyatlar Allohniki boʻlsa ham, maʼlum bir qavmga tushgan, bizga tegishli emas, deydi. Xulosa qilib aytganda, Allohning oyatlarini jon deb qabul qilib olib, unga boʻyin egish oʻrniga, ular haqida talashib-tortishadilar. Nima uchun bunday qiladilar?
«Albatta, Allohning oyatlari haqida oʻzlariga kelgan hujjatsiz talashib-tortishadiganlarning dillarida kibrdan oʻzga narsa yoʻq.»
Ha, ularning dillarida iymon ham, eʼtiqod ham, insof ham yoʻq. Ularning qalblarida faqat bir narsa, kibr bor. Takabburlik bor. Yaʼni, oʻzini katta fahmlash bor. Ular oʻzlarini Allohning oyatlariga iymon keltirishdan-da yuqori fahmlaydilar. Ular oʻzlarini Allohning oyatlariga amal qilishdan-da yuksak fahmlaydilar. Ular oʻzlaridagi kibru havo tufayli Allohning oyatlarini mensimaydilar. Shuning uchun, birorta hujjat-dalillari boʻlmasa ham, Allohning oyatlariga qarshi talashib-tortishadilar. Shu ishlari bilan oʻzlarini kibor–yuqori darajada his qilmoqchi boʻladilar.
«Ular unga yetishguvchi emaslar.»
U kofirlar, mushriklar va munofiqlar oʻzlari orzu qilgan ulugʻvorlikka hech qachon erisha olmaydilar. Ular bu dunyoyu u dunyoda xoru zor boʻladilar.
«Bas, Allohdan panoh soʻra.»
Bas, oʻshanday kibrdan saqlashini Allohning oʻzidan soʻra.
«Albatta, Uning Oʻzi oʻta eshitguvchi, oʻta koʻrguvchi zotdir.»
Kim nima deyayotganini juda yaxshi eshitib turadi. Kim nima qilayotganini juda yaxshi bilib turadi. Vaqti kelganida Oʻzi bilib, hisob-kitob qiladi.