وَمَا يَسْتَوِى ٱلْأَعْمَىٰ وَٱلْبَصِيرُ وَٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ وَعَمِلُوا۟ ٱلصَّـٰلِحَـٰتِ وَلَا ٱلْمُسِىٓءُ ۚ قَلِيلًا مَّا تَتَذَكَّرُونَ
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf: Ko`r bilan ko`ruvchi barobar bo`lmas. Iymon keltirib, solih amallar qilganlar bilan yomonlik qilguvchi ham. Juda ham kam eslaysizlar.Кўр билан кўрувчи баробар бўлмас. Иймон келтириб, солиҳ амаллар қилганлар билан ёмонлик қилгувчи ҳам. Жуда ҳам кам эслайсизлар.Alauddin Mansour: Koʻr kimsa bilan koʻrguvchi zot, iymon keltirib, yaxshiliklar qilgan zotlar bilan yomonlik qilguvchi kimsa barobar boʻlmas. Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar.Кўр кимса билан кўргувчи зот, иймон келтириб, яхшиликлар қилган зотлар билан ёмонлик қилгувчи кимса баробар бўлмас. Камдан-кам эслатма-ибрат олурсизлар.
Koʻzi koʻr, hech narsani koʻrmaydigan odam bilan koʻzi sogʻ, hamma narsani koʻra oladigan odam hech qachon teng qoʻyilmaydi. Koʻzi sogʻ odam atrofni yaxshi koʻradi, adashmaydi, surinib-turtinmaydi, qoqilib-yiqilmaydi, toʻgʻri, pok yoʻldan yuradi. Har bir ishni koʻrib-bilib qiladi. Koʻrganlarining oq-qorasini, yaxshi-yomonini, foydali-foydasizini farqlay oladi. Koʻr odam esa, aslo bunday emas. U yoʻlini topib yura olmaydi. Xohlagan narsasini ola bilmaydi, oqu qorani, tekis-notekisni ajratolmaydi. Natija shunga qarab boʻladi. Shuning uchun ham, oyatda:
«Koʻr bilan koʻruvchi barobar boʻlmas», deyilmoqda.
Bu haqiqat hammaga ravshan boʻlib, moddiy maʼnodagi koʻrishga ham, maʼnaviy koʻrishga ham tegishlidir.
«Iymon keltirib, solih amallar qilganlar bilan yomonlik qilguvchi ham» barobar boʻlmas.
Iymon qalbning nuridir. Iymoni borlar qalb koʻzi ochiq odamlardir. U, maʼnaviyat olamida hamma narsani koʻradi. Moddiy koʻz bilan koʻrib, yaxshi tomonga yurgani kabi, maʼnaviy koʻz bilan koʻrib, solih amallarni qiladi.
Ha, maʼnaviy koʻzi ochiq odamlar solih amallarni ongli ravishda qiladilar. Iymon nuri bilan maʼnaviy koʻzlari nurlanmaganlar esa, garchi iymon daʼvosini qilsalar ham, solih amallarni koʻr-koʻrona bajaradilar.
Iymon taqozosiga koʻra solih amal qiluvchilar bilan amali yomonlar teng boʻlarmidilar? Albatta, yoʻq. Chunki, yomonlik qiluvchilarning qalblari koʻrdir. Shuning uchun, yomonlik qiladilar. Ushbu haqiqatni eslaganlargina iymon yoʻliga yuradilar va solih amal qiladilar. Moddiy maʼnoda koʻr boʻlishni xohlamaganlaridek, maʼnaviy olamda ham koʻr boʻlishni istamaydilar. Afsuski:
«Juda ham kam eslaysizlar».
Shu jumladan, keyingi oyatda zikr etilajak haqiqatni ham juda oz eslaysizlar: